Samarqandda ilk bor xalqaro marafon o'tkazildi

36

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san`atni rivojlantirish fondi tashabbusi bilan bir qator vazirlik va idoralar hamkorligida Samarqand shahrida Samarkand Half Marathon – xalqaro xayriya marafoni o'tkazildi.

Dunyoning 23 davlatidan kelgan 1100 nafardan ortiq sportchi va havas­kor Islom Karimov ko'chasidan 10; 21,1; 2 kilometr masofalarda marafonga kirishdi.
Marafonchilar Samarqand shahri ko'chalari bo'ylab, jumladan, Registon ­majmuasi, Amir Temur maqbarasi, Hazrati Xizr masjidi, Xo'ja Doniyor yodgorligi, Mirzo Ulug'bek muzey-majmuasi, Bibixonim masjidi singari tarixiy obidalar oldidan belgilangan masofani bosib o'tdi. Ularni shahar aholisi, mehmonlar olqishlab turdi.
10 kilometrlik masofaga birinchi bo'lib qozog'istonlik Dmitriy Ivanchukov yetib keldi. Ikkinchi o'rin hamyurtimiz Yevgeniy Fadeevga, uchinchi o'rin esa qozog'is­tonlik yana bir sportchi Mixail Krasilovga nasib etdi.
10 kilometrlik masofada xotin-qizlar o'rtasida ham qozog'istonlik sportchi Tatyana Neroznak g'olib bo'ldi. O'zbekis­tonlik Zarnigor Xudoyberdieva marraga ikkinchi, Marina Xmelevskaya esa uchinchi bo'lib yetib keldi.
21,1 kilometrga yugurgan marafonchilar orasida hamyurtimiz, surxondaryolik Shohrux Davlatov birinchi bo'ldi. U ushbu masofani 73 daqiqada bosib o'tdi.
Keyingi o'rinlar ham mamlakatimiz vakillari – Andrey Petrov va Begzod Safarovga nasib etdi.
Xotin-qizlar orasida ham ushbu masofada mamlakatimiz vakillari tengsiz ekanligini isbotladi. Namanganlik Nurxon Muhiddinova marra chizig'ini birinchi bosib o'tgan bo'lsa, Yekaterina Tunguskova ikkinchi, Tamila Kochkarova uchinchi bo'ldi.
2 kilometr masofada marafon qatnash­chilari soni ko'p bo'ldi. Sportchilar bilan birga havaskorlar ko'pchilikni tashkil etdi. Ushbu masofada marra chizig'ini farg'onalik Xurshid Ahmadaliev birinchi bo'lib bosib o'tdi. Xotin-qizlar o'rtasida Samarqand davlat universiteti talabasi Marjona Barotova birinchi bo'ldi.
Marafon g'oliblari tashkilotchilarning pul mukofoti va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, faol ishtirokchilar ham munosib rag'batlantirildi.

G'.HASANOV,
O'zA muxbiri

Boshqa xabarlar