Yakkalangan mamlakatdan — hal qiluvchi davlat sari

34

O'tgan besh yil ichida Kreml nafaqat iqtisodiyot bobida ilgari siljidi, balki Moskvaning geosiyosiy ta`sirini kengaytirishga ham ulgurdi. Rossiyaning Qrimni anneksiya qilishi va Ukraina sharqiga harbiy intervensiya uyushtirishi ortidan G'arb Moskvaga sanksiyalar bilan zarba berdi. Oqibatda Rossiya yakkalangan, kamsitilgan davlatga aylandi. Fikrini o'zgartiradi, degan ishonch bilan G'arb yetakchilari prezident Putinni tinmay tanqidga tutdilar, Moskvaga nisbatan bosimni oshirdilar. Prezident Obama Rossiyani xalqaro emas, «mintaqaviy davlat» deya atadi. Yaqin o'tmishda o'ta qudratli bo'lgan davlat uchun bu chinakam  haqorat edi. Bugungi kunda Rossiya xalqaro ta`sir doirasini kengaytirishga zo'r bermoqda. U Amerika maxfiy xizmatlari xulosasiga ko'ra, AQShdagi prezident saylovlariga aralasha oldi; Afrika va Janubiy Amerikadagi ta`sirini oshirishga urinmoqda; shuningdek, Yevropaning ichidagi guruhbozlikni kuchaytirishga ham e`tibor qaratgan.

Yaqin Sharqdagi vositachi

Moskva Suriyada harbiy amaliyot boshlaganidan to'rt yil o'tib, Rossiya mintaqadagi hal qiluvchi kuch va muhim o'yinchi maqomini AQShdan tortib olmoqda. O'tgan bir necha kun ichida Vladimir Putin telefon orqali Turkiya prezidenti bilan suhbatlashib, uni Moskvaga taklif qildi; Isroil Bosh vaziri bilan telefonda «xavfsizlik masalalari»ni muhokama qildi; Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklariga qadam ranjida etdi. Ular bilan ko'plab manfaatli bitimlar imzoladi. Bularning bari Rossiyaning Yaqin Sharqdagi roli ortib borayotganidan dalolat.

Suriya: nega Rossiyaning qo'li baland kelmoqda?

Moskva Suriyaning shimoli sharqidagi hozirgi holatdan manfaat ko'ra oladigan bir necha yo'llar mavjud. Birinchidan, Rossiya Suriya prezidenti Bashar Asadning siyosiy va harbiy tomondan eng yirik qo'llovchisidir.  Damashq qancha keng hudud bo'ylab nazoratni qo'lga kiritsa, Moskva uchun shuncha yaxshi. Ikkinchidan, kurdlarning yolg'iz o'zini qoldirib ketish Amerikaning mintaqadagi ishonchli hamkor maqomiga jiddiy putur yetkazdi. Bu Rossiyaga o'zini Yaqin Sharqdagi barcha tomonlar oldida yagona hal qiluvchi va tinchlik o'rnatuvchi kuch sifatida namoyon qilishiga zamin yaratdi. Rossiya harbiy polisiyasi Suriya va Turkiya kuchlari o'rtasidagi hududda allaqachon patrul tashkil etgan. Bundan anglanadigan nozik ishora shunday: agar Yaqin Sharqda tinchlik bo'lishini istasangiz, Rossiyaga yuzlaning. Qolaversa, o'tgan yaqin yillar ichida Moskva, ayniqsa, Yevropa Ittifoqi va NATO a`zo davlatlari o'rtasidagi nizolardan foydalangan holda, g'arblik ittifoqchilarni holdan toydirishga urinib kelmoqda. Turkiya va NATO a`zolari o'rtasida Suriya masalasi tufayli yuzaga kelgan ziddiyat Rossiyaning foydasiga ishladi. Ayni kezda Moskva NATOning ichidan darz ketishiga intilmoqda. Rossiyaning S-400 mudofaa tizimini sotib olgan Turkiyaning AQSh bilan munosabatlariga allaqachon sovuqchilik tushib bo'lgan. 2015 yilda Suriyada harbiy amaliyot boshlagan Moskva o'zining asosiy maqsadi xalqaro terrorizmga zarba berish ekanini iddao qilgan edi. Biroq Rossiyaning Yaqin Sharqdagi ta`sirini qayta shakllantirish hech qachon nazardan chetda qolmagandi. Tartusdagi dengiz bazasi yordamida Rossiya O'rtaer dengizi hududi bo'ylab harbiy kuchlarini harakatlantira oladi. Yaqinda chiqqan xabarlar esa Moskva Latakiya yaqinidagi harbiy havo bazasini kengaytirayotganidan darak bermoqda.

Mintaqada kuchlar nisbati o'zgardimi?

Rossiyaning jahon sahnidagi qat`iyatining ortishi G'arbdagi siyosiy o'zgarishlar davriga to'g'ri keldi. AQSh va Yevropa Ittifoqi bugun so'nggi ikki yilga qaraganda, o'z qobig'iga o'ralmoqda.

Yaqin Sharq sobiq sovet makonini hisobga olmagan holda AQSh kabi qudratli davlatlarning Rossiya bilan hisoblashishiga to'g'ri keladigan yagona mintaqaga aylandi. Garchi Vashington va Moskva imkoniyatlarini solishtirib bo'lmasa-da, so'nggi voqealar o'yin qoidasi o'zgarishi mumkinligini namoyish etdi. Boz ustiga, bu mintaqada Moskvaning maqsadi nafaqat geosiyosiy ambisiyalar, balki ta`sirini iqtisodiy foyda olishga yo'naltirish ekani ayon bo'lmoqda. Sobiq ittifoq davrida boshqa mintaqalar singari Yaqin Sharq ham Moskva va Vashington o'rtasida ta`sir doiralari zonasiga taqsimlangan edi. Ammo «qaynoq do'stlik» sovuq munosabatlarga aylangan davrlar ham bo'lgan. Biroq baribir Vashington va Moskva deyarli teng kurashlar ostida o'ynashgan. SSSR parchalangach, Moskvaning Yaqin Sharqdagi ta`siri nolga tushdi. AQSh bilan teng huquqli asosda Isroil — Falastin mojarosini yechishning homiylaridan biri sifatidagi maqomi faqat qog'ozda qoldi. 2000 yilning oktyabrida AQSh prezidenti Bill Klintonning tashabbusi bilan falastinliklar «intifadasi» (isyoni) arafasida Sharm-ash-Shayxda chaqirilgan Yaqin Sharq mojarosi bo'yicha sammitni Rossiyaning ramziy «cho'kishi» sifatida ta`riflash mumkin edi. Moskvani shunchaki taklif etishmadi. Oradan 19 yil o'tib AQSh Rossiyani Varshavada bo'lib o'tgan Yaqin Sharq sammitiga qatiylik bilan taklif etdi, maqsad mintaqadagi iqtisodiyotdan tortib, xavfsizlikkacha bo'lgan munosabatlar tizimini yaratish, aksileron koalisiyasini qurishdan iborat edi. Bu safar rossiyaliklar yo'q, deb javob qaytarishdi. 

Iroq uchun kurash

2000 yillarda Yaqin Sharqda Rossiya biznes loyihalarining deyarli barchasi Iroq atrofida aylanardi. Rossiya BMT tomonidan 1995 yilda sanksiyalar sharoitida Iroq aholisiga yordam ko'rsatish uchun tashkil etilgan «Neft evaziga oziq-ovqat» dasturi doirasida faol ishtirok etdi. Iroq va Rossiyaning imzolagan hamkorlik kelishuvlari 1,2 milliard dollarga yetdi. Biroq Saddam Husayn davrida amal qilgan xalqaro jazo choralari jiddiy loyihalarni, masalan, G'arbiy Kurna neft konini «Lukoyl» tomonidan o'zlashtirishga imkon bermasdi. Bundan tashqari, sanksiyalar rejimi va Iroq blokadasi Iroqning o'zida ham, «Neft evaziga oziq-ovqat» dasturi bilan bog'liq barcha tuzilmalarda ham korrupsiyaning gullab-yashnashiga yo'l ochdi. Iroqdagi har qanday kompaniya ishlash u yoqda tursin, yuz minglab dollarni boy berishi mumkin edi. Bir vaqtning o'zida Moskva Bag'dodga qarshi kuch ishlatilishiga qarshi chiqdi. Buning sababi Saddam Husaynga  muhabbat emasdi. Rossiya diplomatlari Iroqdagi urushning oqibatlarini – etnik dinlararo bo'linish, terrorchilik xuruji, siyosiy boshboshdoqlikni oldindan ko'ra bildi va so'nggi lahzalargacha urushning oldini olishga urindi. AQSh va Buyuk Britaniyaning 2003 yilda Iroqdagi harbiy operasiyasi BMT Xavfsizlik Kengashi qo'llovini olmadi. Ammo hech kim Iroqdagi urushni to'xtatolmadi. O'sha yilning may oyida qabul qilingan BMT XKning 1483-rezolyusiyasi ikkala mamlakatni «okkupasion davlatlar» sifatida e`tirof etdi, mamlakatni qayta tiklash uchun mas`uliyatni ular zimmasiga yukladi. Ular Iroqni qayta tiklash qimmatga tushishini, minglab odamlarning o'limiga olib kelishini avval his qilishmagandi. AQSh moliyaviy yordam so'rab xalqaro hamjamiyatga murojaat qildi, ammo Iroqdagi okkupasion kuchlarga qo'shilishga hech kim xohish bildirmadi. Iroq suverenitetining qaytarilishida Moskvaning o'rni katta. Iroqliklar yo'lini ochish uchun Rossiya diplomatlari BMT XKdagi rezolyusiyalarda har bir so'z uchun kurashdi. Bag'dod Rossiya diplomatiyasi urinishini yuksak baholadi. Iroqning yangi hokimiyati AQShga qanchalar qaram bo'lmasin, Moskva bilan tezkorlikda nafaqat iqtisodiy aloqalarni, balki harbiy-texnikaviy hamkorlikni yo'lga qo'ydi. 2014 yilga kelib Iroq Rossiya qurollarini sotib olishda Hindistondan keyingi ikkinchi yirik davlatga aylandi.  

Bundan tashqari, Bag'dod — AQShning yopiq qarshiligiga qaramay, bugun Moskvaning Yaqin Sharqdagi eng ishonchli sheriklaridan biri. Bu Amerika va Rossiya manfaatlari bir maydonda mavjudligining qiziqarli misollaridan biri. 2010 yilda boshlangan «arab bahori» Yaqin Sharq qiyofasini o'zgartirib yubordi. Hokimiyatlar almashar, fuqarolar urushi, terror keng yoyila boshlandi. Ulkan iqtisodiy loyihalar barbod bo'ldi, Rossiyaning Yaqin Sharq davlatlari bilan siyosiy hamkorligi zarba ostida qoldi. Avvaliga Rossiyaning Suriyada boshlagan aksilterror operasiyalari uning endigina iliqlasha boshlagan Fors ko'rfazi davlatlari – Saudiya Arabistoni, Katar va BAA bilan munosabatlari yomonlashdi. Biroq Rossiya harbiy kompaniyasining muvaffaqiyati vaziyatni Moskva foydasiga hal bo'lishiga olib keldi. Oldin Vashingtonga yuzlangan Saudiya Arabistoni, BAA, Katar, Misr va boshqa davlatlar Moskvaga yaqinlashishga harakat qilmoqda. Mintaqada ham iqtisodiy, ham siyosiy maydonda raqobat juda yuqori. Iroq urushi boshlangan 2003 yildan beri Rossiyaning arab mamlakatlari bilan o'zaro tovar aylanmasi 10 marotaba o'sdi va 2018 yilda 22 milliard dollarga yetdi. 

Rossiyaning Yaqin Sharqdagi manfaatlari va Moskva pozisiyasining kuchayishini faqat Suriya mojarosini barqarorlashtirish bilangina bog'lash mumkin emas. So'nggi yillarda Rossiya Iroq bilan aloqalarni mustahkamlashga intil­yapti. «Islom davlati» terrorchi tashkilotining hujumlari davrida, aniqrog'i, 2014 yilda Moskva zudlik bilan Bag'dodga kerakli qurol va texnikalarni yetkazib berdi. Ikkinchidan, Iroqda 2003 yilgacha ishlagan Rossiya energetik kompaniyalari neft va gaz konlarini o'zlashtirishda ishtirok etish imkoniyatini qo'lga kiritishdi. 2018 yilning oxirigacha «Lukoyl»ning «G'arbiy Kurna» va «Blok 10» konlariga kiritgan sarmoyasi 8 milliard dollarni tashkil etdi. Kuniga 300 ming barrel neftni o'tkazish imkoniyatiga ega Kirkuk — Jayxon quvuri  «Rosneft» ixtiyoriga o'tdi. Bu Kurd muxtor mintaqasi neftining katta qismini Turkiya hududi orqali jahon bozoriga yetkazish imkoniyatini berdi. Mazkur holat Rossiya va uning kompaniyalarini Iroqda asosiy o'yinchilarga aylantirdi.  Iroqqa bevosita ta`sir ko'rsata oladigan tashqi o'yinchilar — bu Eron va AQSh. Aytish joizki, asosiy o'yinchi Eron Rossiya va Iroq munosabatlarini potensial qo'llab-quvvatlayotgan bo'lsa, AQSh bunday hamkorlikka ochiq qarshilik ko'rsatmayapti. Garchi Tehron Rossiyaga Iroq ichkarisida jiddiy tayanch taklif etayotgan bo'lsa-da, Moskva Iroqning ichki siyosiy jarayonlariga aralashmoqchi emas, aksincha pragmatik aloqalar o'rnatib, biznes-aloqalarga zo'r bermoqchi, bundan esa barcha tomonlar yutadi.

Bag'dodning o'zi ham Moskvaning Iroqda ta`siri oshishi tarafdori, bu holda yana bir ta`sir qutbi paydo bo'ladi. Barcha kuch qutblari o'rtasida manyovr qilish orqali Iroq o'z manfaatlarini amalga oshirish uchun qo'shimcha imkoniyatlar oladi. Moskva va Bag'dod muntazam ravishda mintaqaviy muammolar va terrorchilikka qarshi kurash masalalari bo'yicha harakatlarini muvofiqlashtirib boradi. Xususan, 2015 yilning 25 sentyabr kuni Rossiya, Iroq, Eron va Suriya o'rtasida axborot almashish to'g'risida to'rt tomonlama kelishuv imzolangan va Bag'dodda Axborot markazi tuzilgan. Bu terrorchilikka qarshi kurash ishiga ijobiy ta`sir ko'rsatishi aniq. Eng muhimi, Rossiyaning Iroqning hududiy yaxlitligini saqlashga qaratilgan strategiyasi o'z-o'zidan kelajakda Iroqning Rossiyaga moyil davlatga aylanishida qo'l keladi.    

Abduvali SAYBNAZAROV,

siyosiy sharhlovchi.

Manba: «Mahalla»gazetasi

Boshqa xabarlar