El-yurt osoyishtaligi yo'lida xizmat qilish – oliy maqsadimiz

72

O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po'lat BOBOJONOV bilan suhbat 

– Prezidentimiz uch yil muqaddam ichki ishlar organlarini xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi ijtimoiy tuzilmaga aylantirish vazifasini qo'ygan va yurtdoshlarimiz ichki ishlar organlarining har bir xodimi timsolida o'z himoyachisini ko'rishi lozimligini ta`kidlagan edi. Soha vakillari tomonidan ana shu vazifa qanday bajarilayapti?

– Darhaqiqat, davlatimiz rahbari doim ikki masalaga alohida e`tibor qaratib kelmoqda. Birinchisi, Vatanimiz taraqqiyotining eng muhim omili bo'lgan yurt tinchligi va osoyishtaligini saqlash, ikkinchisi, aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish, ma`nan va jismonan barkamol avlodni voyaga yetkazish.

Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini ta`minlash, fuqarolarimizning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilandi.

So'nggi yillarda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, keng ko'lamli islohotlar jarayonida asosiy e`tibor yuksak texnologiyalar va innovasiyalarni joriy etish, mamlakatimizga chet el investorlarini jalb qilish, sog'lom raqobat muhitini yaratishga qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida xorijiy kompaniya va korporasiyalar, ishbilarmon doiralar o'z sarmoyalarini tinchligi barqaror mamlakatga sarf qilishini alohida ta`kidlagan edi. Darhaqiqat, tinchlik va osoyishtalik barqaror yurtga investisiya keladi, bunday davlat har tomonlama yuksaladi, taraqqiy topadi. Aholisi sog'lom mamlakatda esa barkamol avlod voyaga yetadi. Bunday yurt qudratli bo'ladi.

Biz – ichki ishlar organlari xodimlari zimmasiga yurt tinchligi va osoyishtaligini ta`minlashdek mas`uliyatli va sharafli vazifa yuklangan. Shu nuqtai nazardan, tizimni isloh qilish va zamon talablari asosida takomillashtirish davlatimizning doimiy e`tiborida bo'lib kelmoqda. Agar e`tibor bersak, Prezidentimiz imzolagan ilk huquqiy hujjat aynan 2016 yil 16 sentyabrdagi O'zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to'g'risida”gi qonuni bo'ldi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ichki ishlar organlarida tub islohotlar amalga oshirilib, mutlaqo yangi tizim shakllantirildi. Ichki ishlar organlarini aholiga o'z vaqtida va sifatli yordam ko'rsatadigan, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan professional, xalqchil tuzilmaga aylantirish bo'yicha keng ko'lamli chora-tadbirlar olib borildi.

Bugungi kunda turli xavf-xatar va tahdidlar, xalqaro terrorizm va ekstremizm, korrupsiya, giyohvandlik, odam savdosi, noqonuniy migrasiya, axborot xuruji va yot g'oyalarga qarshi kurashish, ularga barham berish bo'yicha ichki ishlar organlari oldiga yangi vazifalar qo'yildi. Xususan, faol investisiya siyosati yuritilmoqda, zamonaviy korxonalar barpo etilmoqda, soliq tizimi tubdan isloh qilinib, tadbirkorlik va xususiy mulkni rivojlantirish, barcha soha va tarmoqlarda innovasiya, ilm-fan yutuqlari, yangicha va ijodiy yondashuvlarni joriy etishga alohida e`tibor berilmoqda. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari eng chekka hududlarga ham yangilanish nafasini, bunyodkorlik ruhini olib kirmoqda.

Jamiyatimizda “Qonun va adolat – ustuvor”, “Jinoyatga jazo muqarrar” degan muhim prinsiplarni ta`minlash, ichki ishlar organlarini tom ma`noda inson huquq va manfaatlari himoyachisiga aylantirish bo'yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Tizim oldiga qo'yilgan bunday vazifalarni bajarish ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan takomillashtirishni taqozo etadi.

Shu bois ham asosiy e`tibor quyi bo'g'inni kuchaytirishga qaratilib, bevosita mahallalarda kriminogen vaziyatni ijobiy tomonga o'zgartirishga ta`sir ko'rsata oladigan ixcham va mobil tizim shakllantirildi. Ichki ishlar organlarini xalqqa yanada yaqinlashtirish maqsadida olis aholi punktlarida 824 ta tayanch punkti tashkil etildi. Profilaktika inspektorlari soni 1552 nafarga ko'paydi. Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha 30 ta boshqarma va ularning 161 ta bo'limi tashkil etildi.

Ichki ishlar organlari tizimiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari joriy etilib, “Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz poytaxt”, “Xavfsiz hudud”, “Xavfsiz turizmni ta`minlash”, “Yo'l harakati xavfsizligini ta`minlash”, “Xavfsiz xonadon” konsepsiyalari amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning viloyatlarga tashriflari yakuni bo'yicha hududlarning o'ziga xos tajribasi sifatida Andijon viloyatida “Namunali hudud”, Buxoro viloyatida “Xotin-qizlar bilan ishlash”, Farg'ona viloyatida “Yoshlar bilan ishlash”, Bo'ka tumanida “Prezidentning beshta tashabbusi”, Jizzax viloyatida “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati”, Sirdaryo viloyatida “Jinoyatdan xoli mahalla” konsepsiyalari yaratildi. Ichki ishlar organlarining boshqa huquq-tartibot idoralari va keng jamoatchilik bilan hamkorligi natijasida 9116 ta mahalladan 4518 tasida umuman jinoyat sodir etilishiga yo'l qo'yilmadi.

“Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati” tamoyilidan kelib chiqqan holda, jinoyatning kelib chiqish sabablarini chuqur o'rganish va tahlillar asosida zarur chora-tadbirlarni belgilash, qolaversa, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, har bir hududning o'ziga xos jihatlarini hisobga olgan holda zarur chora-tadbirlar belgilash muhim deb o'ylayman.

Aytish kerakki, Prezidentimiz tashabbusi bilan “Mahalla posboni” tuzilmasi rahbari lavozimi o'rniga profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash bo'yicha yordamchisi lavozimi joriy etilib, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo'yicha ularning shaxsiy javobgarligi belgilab qo'yildi. Bu borada mazkur tuzilmaga ana shu talabga to'liq javob bera oladigan munosib kadrlarni tanlash belgilangan. Jinoyatlarning kelib chiqish sabablari oiladagi muhitga ham bog'liq ekani bois oilalar bilan ishlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Har haftaning payshanbasi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” etib belgilanib, aholi o'rtasida keng qamrovli huquqiy-ma`rifiy targ'ibot tadbirlari olib borilmoqda. Bunday tadbir va uchrashuvlarda har bir jinoyatning kelib chiqish sababi, unga olib kelgan shart-sharoitlar tahlil qilinib, mahalla faollari va keng jamoatchilik ishtirokida zarur chora-tadbirlar ko'rilmoqda.

Davlatimiz rahbari har bir ichki ishlar organi xodimi timsolida yurtdoshlarimiz o'z himoyachisini ko'rishi lozimligini ta`kidlagan edi. Bu borada ichki ishlar organlarining imijini oshirish bo'yicha ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xususan, ichki ishlar organlari faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratining yangi tizimi o'rnatilgani, joylarda birinchi rahbarlardan boshlab profilaktika inspektorlarigacha bo'lgan bo'g'indagi mas`ullarning xalq oldida hisobot berish amaliyoti joriy qilinishi odamlarda davlat idoralariga ishonch yanada ortishiga zamin yaratmoqda.

Shuning uchun ham bugungi kunda ichki ishlar organlari xodimlari yangicha dunyoqarash, yangicha tafakkurga ega bo'lishi, ish uslubini o'zgartirishi, bilimli, salohiyatli va fidoyi bo'lishi lozim. Bunday maqsadlarga erishish uchun har bir xodim doimiy ravishda o'z ustida ishlab, zimmasiga yuklatilgan vazifani vijdonan bajarishi, o'zini Vatan taqdiriga daxldor deb bilishi, xalqimizning tinch-osoyishta hayotini ta`minlash yo'lida bor bilim va tajribasini safarbar etishi zarur.

Xodimlarning fuqarolar bilan muomala madaniyatini yuksaltirish borasidagi ishlarga alohida e`tibor qaratilib, “Ichki ishlar organlarining tashqi sohaviy xizmatlari faoliyatida axloq va muloqot madaniyati kodeksi” tasdiqlangan. Ushbu Kodeksda xodimning fuqarolar bilan muloqot madaniyati mezonlari, asosiy qoidalar, majburiyat va vakolatlari belgilandi. Bu kabi sa`y-harakatlar, avvalo, ichki ishlar organlari xodimlarini xalqimizga yanada yaqinlashtirish, fuqarolarning soha xodimlariga nisbatan ishonchi ortishiga erishish imkonini beradi. Albatta, xalq manfaati yo'lida xizmat qilayotgan har bir xodim, avvalo, o'zining bilimi, ma`naviyati va dunyoqarashi kengligi bilan ajralib turishi kerak.

– Davlatimiz rahbari ichki ishlar organlari oldiga jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oqibati bilan kurashish emas, ularning barvaqt oldini olish vazifasini qo'ygan edi. Ana shu vazifani bajarish yo'lida nimalar qilinmoqda va qanday natijalarga erishilmoqda?

– Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida 2018 yil yakuni bo'yicha har bir mintaqada sodir etilgan jinoyatlar chuqur tahlil qilinib, hududlarning o'ziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda jinoyatchilikning oldini olish va uni jilovlash bo'yicha “Yo'l xaritalari” ishlab chiqildi.

Yuqorida ta`kidlanganidek, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” tadbirlari doirasida tashkil etilayotgan ishlar ham huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga xizmat qilmoqda. Huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda profilaktika inspektorlari muhim o'rin tutadi. Profilaktika inspektorlari tomonidan aholi muammolarini tizimli o'rganish, ularni bartaraf etish maqsadida 9,5 millondan ortiq xonadon o'rganildi. Uyma-uy yurib o'rganishlar natijasida 22 mingdan ziyod oilaning notinchligiga barham berildi, 9 mingdan ortiq yosh oila ajrashib ketishining oldi olindi. Jamoatchilik bilan yaqin hamkorlik va muloqot o'rnatilgani natijasida joriy yilning 9 oyida 4518 mahallada bironta ham jinoyat sodir etilishiga yo'l qo'yilmadi.

Shuningdek, sodir etilgan har bir jinoyat sektor rahbarlari ishtirokida mahallalarda, aholi o'rtasida keng muhokama qilinib, ularning kelib chiqish sabablari va bunga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish bo'yicha zarur chora-tadbirlar belgilab borilmoqda.

Muhokamalar natijasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo'yicha mutasaddi idoralarga 18 mingdan ortiq taqdimnoma kiritildi. Fuqarolarda huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik tuyg'usini shakllantirish, huquqiy savodxonligini oshirish borasida 252 mingdan ortiq uchrashuv va davra suhbati o'tkazildi. Shunday profilaktik tadbirlar natijasida joriy yilning 9 oyida umumiy jinoyatlar soni o'tgan yilning shu davriga nisbatan 26 foizga (34243 tadan 25344 taga) kamayishiga erishildi.

– Yurtdoshlarimiz shahar ko'chalarida ichki ishlar organlari xodimlari bilan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari birgalikda xizmat o'tayotganiga o'rganib qolishdi. Bunday o'zaro hamkorlik qanday samara berayapti?

– Tarixdan ma`lumki, jamiyatda adolat hukm surib, tinchlik-osoyishtalik qaror topsa, albatta, mamlakat yanada ravnaq topadi, uning nufuzi ortadi. Bir so'z bilan aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Xalqimiz ertaga yoki kelajakda emas, balki bugun yaxshi va munosib hayot kechirish kerak” degan so'zlari barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy poydevorini tashkil etadi.

Bu borada o'tgan davrda tinchlik-osoyishtalikni ta`minlash, huquq-tartibotni mustahkamlash yo'lida Prezidentimiz tashabbusi bilan jamoat tartibini ta`minlash, huquqbuzarlik profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida keng qamrovli islohotlar olib borildi. Bunda alohida e`tibor hodisa va ijtimoiy xavfli qilmishlar oqibatiga emas, balki ularning asl kelib chiqish omillarini aniqlash va barvaqt oldini olishga qaratildi.

Eng muhimi, jinoyatlar dinamikasi, ya`ni vaqti bo'yicha asosiy qismi (70 foizi) kechki va tungi vaqtlarda qayd etilayotganiga o'z vaqtida e`tibor qaratib, jamoat tartibini ta`minlash kuchlari imkoniyatidan oqilona foydalanishga qaratilgan samarali tizimni belgilab berdi. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2018 yil 19 iyundagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini ta`minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida poytaxtimizda jamoat tartibini ta`minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning samarali va yangicha tizimi hayotga tatbiq etildi. Unga ko'ra, 2018 yil 1 iyuldan Toshkent shahrida «Xavfsiz poytaxt» konsepsiyasi amaliyotga joriy etildi.

Ushbu konsepsiya doirasida jinoyatlarning oqibatiga emas, balki sabablari va asosiy omillariga qarshi kurashish, ya`ni ularning profilaktikasi ijobiy samara berdi. 2018 yil 27 iyulda bo'lib o'tgan videoselektor yig'ilishida Prezidentimiz tomonidan yurtimizning barcha hududlarida Toshkent shahri tajribasi bo'yicha «Xavfsiz poytaxt» konsepsiyasini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish haqida berilgan topshiriq asosida Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlardagi 14 ta yirik (Chirchiq, Guliston, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Farg'ona, Qo'qon, Andijon, Namangan, Termiz, Qarshi, Urganch, Nukus) shaharda «Xavfsiz shahar» konsepsiyasini amaliyotga to'laqonli joriy etish bo'yicha Ichki ishlar vaziri va viloyat hokimlarining qo'shma qarorlari qabul qilingan.

Qoraqalpog'iston Respublikasi va barcha viloyatlarda mazkur konsepsiya joriy etilishi belgilangan shaharlarning ma`muriy hududlari tegishli javobgarlik kvadratlariga taqsimlangan hamda ularda Ichki ishlar organlari xodimlari va Milliy gvardiya saf bo'linmalari harbiy xizmatchilari, shuningdek, jamoatchilik vakillarining uch bosqichli, aralash tartibdagi patrullik xizmatlari yo'lga qo'yilgan.

Hozir konsepsiya asosida yurtimizda tashkil etilgan 1974 ta (shundan 945 ta piyoda, 957 ta avto, 22 ta moto va 23 ta otliq) patrullik yo'nalishlarida jami 7504 nafar (4600 nafar ichki ishlar organlari, 1063 nafar Milliy gvardiya, 938 nafar jamoatchilik vakillari va 789 nafar «Fidokor yoshlar» jamoatchi patrullik guruhlari) jamoat tartibini ta`minlash kuchlari tunu kun patrullik xizmatini olib bormoqda.

O'tgan davrda jamoat tartibini ta`minlash kuchlari tomonidan 550 nafar qidiruvdagi shaxs ushlangan va jami 3017 og'ir va o'ta og'ir turdagi jinoyatlar fosh etilgan. Patrullik yo'nalishlarida jami 417650 ma`muriy huquqbuzarlik holati aniqlangan va tegishli choralar ko'rilishi ta`minlangan. Bunday tezkor va tezkor-profilaktik yo'nalishda barcha zaruriy chora-tadbirlar o'z vaqtida sifatli hamda to'laqonli amalga oshirilgani tufayli xizmat samaradorligi yanada oshgan. Shu sababli konsepsiya joriy etilgan dastlabki uch oyda jinoyat-qidiruv sohasidagi jinoyatlar 33,5 foizga, ayniqsa, jamoat joylarida sodir etilgan jinoyatlar 34 foizga va ko'chada sodir etilgan jinoyatlar 30,2 foizga kamaygan.

– Poytaxtimizda yo'l harakati xavfsizligini ta`minlashda inson omilini kamaytirish maqsadida videokameralardan, zamonaviy svetofor va boshqa texnik vositalardan samarali foydalanilmoqda. Ushbu jarayon Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlarda ham amalga oshirilayaptimi?

– Mamlakatimizda yo'l harakati xavfsizligini ta`minlash, sodir etilishi mumkin bo'lgan ko'ngilsiz holatlarning oldini olish, qoidabuzarliklar sonini kamaytirish Davlat yo'l harakati xavfsizligi xizmatining asosiy vazifasi hisoblanadi. Bu vazifani to'laqonli amalga oshirish esa sohani doimiy tarzda takomillashtirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlarning kasbiy va xizmat tayyorgarligini hozirgi kun talablariga mos yuksaltirish, yo'l harakati ishtirokchilari madaniyatini oshirish, qonun-qoidalarga hurmat tuyg'usini shakllantirish kabi ko'pgina ishlarni amalga oshirishni talab etadi.

Bugun hayotimizning turli jabhalariga kirib kelayotgan yangilik va o'zgarishlar, axborot-kommunikasiya texnologiyalari Davlat yo'l harakati xavfsizligi xizmatida ham muayyan o'zgarishlar qilishni taqozo etmoqda. Shundan kelib chiqqan holda, bugungi kunni bemalol tub o'zgarishlar davri, deb atash mumkin.

Prezidentimizning 2017 yil 11 iyuldagi «Yo'l harakati xavfsizligini ta`minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarorida huquqbuzarliklarni o'z vaqtida aniqlash va ularga chek qo'yish, nazoratning yuqori samaradorligini ta`minlovchi yo'l harakatini avtomatlashtirilgan tarzda tartibga solish, videokuzatuv va yo'l harakati qoidalari buzilishini qayd etish tizimlarini, boshqa texnik vositalarni, avvalo, viloyat markazlarida yanada kengaytirish yo'l harakati xavfsizligini ta`minlashning asosiy yo'nalishlaridan biri etib belgilandi.

Ma`lumki, 2017 yil 15 martdan Toshkent shahrida joriy etilgan “Yo'l harakatini boshqarishning kompyuterlashtirilgan tizimi” tomonidan qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun jarimaga tortish mexanizmi ishga tushirildi. Hozirgi kunda ushbu tizim poytaxtimizning transport vositasi oqimi ko'p bo'lgan 115 ta chorrahasini qamrab olgan bo'lib, qoidabuzarliklarni avtomatik tarzda qayd etmoqda. Mazkur tizim ishga tushirilgan kundan joriy yilning 1 oktyabriga qadar 779071 qoidabuzarlik qayd etilgan. Tizimning joriy etilishi, shubhasiz, poytaxt ko'chalarida qoidabuzarliklar va yo'l-transport hodisalari sonining kamayishiga ijobiy ta`sir ko'rsatdi. Jumladan, Toshkent shahrida 2019 yilning 9 oyida sodir etilgan yo'l-transport hodisalari soni 2018 yilning shu davrga nisbatan 13,8 foizga, halok bo'lganlar soni 27,4 foizga, tan jarohati olganlar 13,8 foizga kamayishiga erishildi.

Prezidentimizning yuqorida zikr etilgan qarorida Toshkent shahrida joriy qilingan kompyuterlashtirilgan tizimni kengaytirish, shuningdek, bu kabi tizimni Nukus shahri va viloyat markazlarida joriy qilish orqali yo'l harakati xavfsizligini boshqarishning yagona markazlashtirilgan axborot-kompyuter tizimini yaratish vazifasi qo'yilgan. Hozirgi kunda ushbu yo'nalishda keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Nukus, Namangan, Andijon, Navoiy va Buxoro shaharlarida avtomatlashtirilgan tizim joriy etilgan bo'lsa, bir qator viloyatlar markazida bu kabi tizimni joriy etish bo'yicha ishlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, “Xavfsiz shahar” loyihasi doirasida Toshkent shahrida joriy etilgan kompyuterlashtirilgan tizimga kiruvchi chorrahalar sonini 400 taga ko'paytirish bo'yicha ham ishlar amalga oshirilayotir.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 30 oktyabrdagi “Yo'l harakati xavfsizligini ta`minlash sohasida investisiyaviy loyihani amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, Germaniyaning «ATLAS International» kompaniyalar guruhi tomonidan Andijon, Namangan, Toshkent va Farg'ona viloyatlarida yo'l harakati qoidalari buzilishini foto-video fiksasiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo'yicha davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida investisiyaviy loyiha amalga oshirilmoqda. Shu o'rinda aytish kerakki, avtomatlashgan tizimlar tomonidan aniqlanayotgan qoidabuzarliklar salmog'i kun sayin ortib bormoqda. Misol uchun, 2018 yilning 9 oyida avtomatlashtirilgan tizimlar tomonidan 599431 qoidabuzarlik qayd etilgan bo'lsa, joriy yilning shu davrida bu raqam 893995 tani tashkil etdi.

– Mamlakatimiz bo'ylab korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda. Siz rahbarlik qilayotgan tizimda ushbu illatning ildiziga bolta urish, xodimlar ma`naviyatini yuksaltirish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar xususida ham to'xtalsangiz.

– Hech kimga sir emas, agar jamiyatda qonun ustuvorligi ta`minlanmasa, odamlarda nafaqat bugungi, balki ertangi kunga ham ishonch yo'qoladi. Qaerda shaxsiy manfaat har narsadan ustun qo'yilsa, o'sha joyda korrupsiya ildiz otib, oxir-oqibat davlat tanazzulga yuz tutadi. Bunday jamiyatni har qanday ongli odam tark etish chorasini qidiradi, hech bir xorij investori o'z mulkini, sarmoyasini bunday mamlakatga kiritishni xohlamaydi. Prezidentimiz ta`biri bilan aytganda, investor sarmoya kiritishdan oldin mamlakatda yaratilgan shart-sharoit va muhit to'g'risida davlat idoralari vakillaridan emas, balki tadbirkorlardan so'raydi.

Shuning uchun ham davlat organlari xodimlarining vijdonli va halol bo'lishi katta ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, korrupsiya darajasi davlatning xalqaro hamjamiyatdagi obro'-e`tiborini belgilovchi muhim omillardan biri sanaladi. Bugun korrupsiya balosi hammani birdek tashvishga solayotgan jiddiy muammolardan biriga aylangan. Shuning uchun dunyodagi barcha davlatlar, jumladan, O'zbekiston ham ushbu illatning har qanday ko'rinishiga qarshi murosasiz kurashga kirishgan.

Davlatimiz rahbari ko'plab ma`ruza va chiqishlarida poraxo'rlik, ta`magirlik, mansab vakolatini suiiste`mol qilishga qarshi kurash butun jamiyatning maqsadiga aylanishi kerakligi to'g'risida alohida to'xtalib, “Jamiyatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, unga yo'l qo'ymaslik, jinoyatga jazo albatta muqarrar ekanligini amalda ta`minlash bo'yicha qat`iy choralar ko'rishimiz zarur” deb ta`kidlagan.

Mamlakatimizda shaxsning mansabi va mavqeidan qat`i nazar, qonun oldida tengligi ta`minlanmoqda, jinoiy qilmishlar sodir etgan mansabdor shaxslarga ham qonuniy choralar ko'rilmoqda. Joriy yil 27 may kuni Prezidentimizning “O'zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni qabul qilinib, 2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi tasdiqlandi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi.

Mazkur dastur doirasida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga, unga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga oid muhim amaliy chora-tadbirlar, ustuvor yo'nalishlar belgilab berildi. Shuningdek, mazkur farmon bilan idoraviy korrupsiyaga qarshi kurashish, sohada korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga imkon yaratayotgan sabab va sharoitlarni tag-tomiri bilan yo'qotish davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining birinchi darajali muhim vazifasi etib belgilandi.

Bugungi kunda yuqorida qayd etilgan qonun hujjatlari hamda davlat dasturlaridan kelib chiqib, ichki ishlar organlarida ham korrupsiyaga qarshi keskin va murosasiz kurash olib borilmoqda. Bundan tashqari, joriy yilning o'zida Vazirlikning aynan korrupsiyaga qarshi kurashish yo'nalishiga oid muhim hujjatlari qabul qilindi. Xodimlar o'rtasida korrupsiyaga nisbatan toqatsizlik va murosasizlik immunitetini shakllantirish maqsadida olib borilayotgan profilaktik tadbirlar ta`sirchanligi oshirilmoqda. Bosh prokuratura bilan hamkorlikda xodimlarni o'qitish bo'yicha trening kurslari o'tkazilmoqda. Shu bilan birga, joriy yilning dekabr oyi “Ichki ishlar organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi”, deb e`lon qilindi va mazkur oylik doirasida bir qator tashkiliy, amaliy, ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar o'tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Yaxshi ma`lumki, korrupsiyaga barham berish va uning oldini olish masalasida shunchaki profilaktik tadbirlar, uchrashuvlar o'tkazish yoki jazolash bilan ko'zlangan maqsadga erishib bo'lmaydi. Bu muammodan xoli bo'lish albatta, tizimli yondashuvni talab etadi. Shuning uchun ham Prezidentimiz tomonidan xodimlarimizni ijtimoiy himoya qilish, moddiy va ma`naviy qo'llab-quvvatlash masalasiga alohida e`tibor qaratilmoqda. Shuningdek, ularga xizmat uy-joylari, imtiyozli kredit asosida avtomashina va uzoq muddatga mo'ljallangan kreditlar, farzandlariga ta`lim muassasalariga o'qishga kirish uchun tavsiyanoma va shu kabi boshqa ko'plab imtiyozlar berilmoqda. Ichki ishlar organlarida maxsus jamg'armalar tashkil etilib, ustama haq to'lash orqali xodimlar mehnati qo'shimcha rag'batlantirib kelinmoqda. Amalga oshirilayotgan bunday sa`y-harakatlar albatta, o'z samarasini bermoqda.

Bu borada quyidagi vazifalarni amalga oshirishga alohida e`tibor qaratishimiz lozim:

birinchidan, ichki ishlar organlari xodimlarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo'lishni kuchaytirish;

ikkinchidan, korrupsiyaning xavf-xatarlarini chuqur tahlil qilish asosida xodimlarni ushbu illat va uning oqibatlaridan xabardor qilish maqsadida huquqiy targ'ibot ishlarini jadallashtirish;

uchinchidan, xizmat vazifasi yuzasidan bevosita fuqarolar bilan muloqotda bo'ladigan, korrupsiya xavfiga uchrash ehtimoli yuqori bo'lgan sohaviy xizmatlarda axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng qo'llagan holda inson omilini kamaytirish;

to'rtinchidan, ichki ishlar organlari xodimlariga pora taklif qilgan va boshqa noqonuniy maqsadlarni ko'zlagan shaxslarga nisbatan kurashish borasida olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirish;

beshinchidan, xodimlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash va moddiy rag'batlantirish masalasi doimiy diqqat-e`tiborda bo'lishi;

oltinchidan, korrupsiyaning har qanday ko'rinishiga qarshi kurashishda barcha bo'g'indagi rahbarlarning mas`uliyati va javobgarligini oshirish;

ettinchidan, davlat hokimiyati institutlariga ishonch va korrupsiyaga qarshi choralarning ta`siri darajasini baholash maqsadida jamoatchilik fikrini o'rganish.

Muxtasar aytganda, ushbu masalaga hech birimiz befarq bo'lmasligimiz, korrupsiyani jamiyatimizdan ildizi bilan sug'urib tashlash uchun hamjihatlikda kurashishimiz lozim.

– Prezidentimiz o'tgan yili yoshlar va xotin-qizlar o'rtasida jinoyatchilikning oldini olish bo'yicha ishlar qoniqarli emasligini tanqid qilgan edi. Ushbu tanqiddan qanday xulosa chiqarildi?

– Bugungi kunda mamlakatimizda ayollarning jamiyatdagi o'rni kengayib, oila mustahkamligi, farzand tarbiyasi kabi masalalarni o'rganish, xotin-qizlar bilan bog'liq turli salbiy oqibatlarning oldini olishga e`tibor tobora kuchaymoqda. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni asosida ijtimoiy-huquqiy himoyaga muhtoj, og'ir ijtimoiy ahvolda qolgan, jumladan, oilaviy muammolarga, turmushida zo'ravonlikka duch kelgan ayollarni aniqlash, ular bilan yakka tartibda profilaktik tadbirlar o'tkazish va shu orqali sog'lom turmush tarziga qaytarish eng dolzarb masalaga aylandi.

Prezidentimiz joriy yil 29-30 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida viloyatni xotin-qizlar bilan ishlash bo'yicha barcha masalalarda namunali hududga aylantirish vazifasini qo'ygan edi. Shundan so'ng viloyatdagi barcha xotin-qizlarning turmush sharoiti o'rganilib, moddiy, ma`naviy, tibbiy, ijtimoiy-huquqiy yordamga muhtoj xotin-qizlar aniqlandi, ularga tizimli yordam ko'rsatish ishlari boshlandi.

Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini to'laqonli ta`minlash, onalik va bolalikni har tomonlama qo'llab-quvvatlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 iyundagi qaroriga asosan respublika, viloyat va tuman (shahar) ichki ishlar organlari tizimida xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo'yicha 360 ta inspektor shtati joriy etildi. Ular zimmasiga Respublika Xotin-qizlar qo'mitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, mahalla faollari, mahallalardagi xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma`naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo'yicha mutaxassislar, shuningdek, boshqa hamkor tashkilot va idoralar bilan birgalikda ayollarning huquqi, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qiyin ahvolga tushib qolgan har bir xotin-qizga yordam ko'rsatishni tashkil etish, ular o'rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko'rish vazifalari yuklatildi.

Ayni paytda ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo'yicha inspektorlari mutasaddi idora va tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikda mahallalarda uyma-uy yurib, aholining tashvish va muammolarini o'rganish asosida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning o'z qobiliyati va imkoniyatlarini ro'yobga chiqarishga amaliy yordam ko'rsatmoqda.

Hamkorlikdagi tadbirlar davomida 4615 nafar xotin-qizga ishga joylashishida ko'maklashildi, 4420 nafariga moddiy va ijtimoiy yordam ko'rsatildi, 1457 nafari davolashga muhtojligi aniqlanib, tibbiy dispanserlarga yuborildi, 405 nafari majburiy davolashga joylashtirildi, 1457 nafariga shaxsini tasdiqlovchi hujjatni qayta tiklashda amaliy yordam ko'rsatildi, 2723 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yishda ko'maklashildi, 1046 nafari ta`lim muassasalariga qaytarildi. Shuningdek, 208 nafari “Zo'rlik ishlatishdan jabr ko'rgan shaxslarni reabilitasiya qilish va moslashtirish hamda o'z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari”ga yuborilishi ta`minlandi.

Hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida joriy yilning 9 oyida xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan umumiy jinoyatlar 33,8 foizga (4361 tadan 2886 taga), jinoyatda ishtirok etgan xotin-qizlar soni 33,3 foizga (4882 nafardan 3254 nafarga) kamayishiga erishildi.

Sog'lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish har bir insonning hayotdagi eng katta orzusidir. Shu nuqtai nazardan qaraganda, ichki ishlar organlarida mazkur yo'nalishda qabul qilinayotgan profilaktik tusdagi dasturlarda ana shu ulug'vor maqsadni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar aniq belgilanib, hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Xususan, ichki ishlar organlari tomonidan yoshlar bandligini ta`minlash borasida mutasaddi tashkilot va idoralar, ayniqsa, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda maqsadli tadbirlar belgilandi. Buning natijasida joriy yilning 9 oyida yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar o'tgan yilning shu davriga nisbatan 37,9 foizga (9925 tadan 6163 taga), jinoyatda ishtirok etgan yoshlar soni 23,4 foizga (12079 nafardan 9248 nafarga) kamayishiga erishildi.

– O'z xizmat burchini bajarish chog'ida halok bo'lgan yoki yarador bo'lgan ichki ishlar organlari xodimlari ham e`tiborimizda bo'lishi kerak. Shunday emasmi?

– Ichki ishlar organlari xodimlari uchun katta ahamiyatga ega bo'lgan kasb bayrami arafasida jinoyatchilar bilan tengsiz olishuvlarda qahramonlarcha halok bo'lgan, adolat tantana qilishi va boshqalarning osoyishta yashashi uchun hayotini qurbon qilgan o'rtoqlarimiz haqida chuqur minnatdorlik so'zlarini aytishimiz kerak, albatta. Ularning xotirasi qalblarimizda umrbod saqlanadi.

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. Fursatdan foydalanib, sizni, barcha ichki ishlar organlari xodimlarini kasb bayrami bilan qizg'in tabriklaymiz. Tinchlik-osoyishtalikni ta`minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olishdek sermashaqqat xizmatlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Suhbatdosh: Murod Tillaev

(“O’zbekiston ovozi” gazetasi 87-88-son, 29 oktyabr 2019 yil)

Boshqa xabarlar