Import mahsulotlariga boj stavkalari oshirildi…(mi?)

35
airliner with a globe and autoloader with boxes in a container

Xabaringiz bor, Prezidentimizning «O'zbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmoni bilan joriy yilning 1 oktyabridan qo'shimcha qiymat solig'i (QQS) stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Joriy yilning 2 oktyabrida esa davlatimiz rahbarining sohaga oid yana bir qarori qabul qilindi.

Shu bo'ldiyu, «Yanvardan import qilinadigan mahsulotlar narxi ko'tarilar ekan», «Chet eldan olib kelinadigan shokoladlar ikki barobar qimmat narxda sotilar ekan» kabi mish-mishlar bolaladi. O'zi nima gap? Yangi qaror bilan nimalar o'zgardi? Bu iqtisodiyotimizga nechog'li salbiy yoki ijobiy ta`sir ko'rsatadi? Bu kabi savollarga mutasaddi tashkilotlar mas`ullaridan javob oldik.

Boj stavkalari qaysi mahsulotlar uchun kamaytiriladi?

Badriddin ABIDOV,

Investisiyalar va tashqi savdo vaziri o'rinbosari:

— Jahon tajribasida bojxona tarifining past darajada bo'lishi davlat ichki iqtisodiyotiga salbiy ta`sir ko'rsatishi kuzatilgan. Bu jarayon mamlakatda ishlab chiqarish hajmlarining kamayishi, tashqi savdoda salbiy saldolarning ortib ketishi, tayyor mahsulotlar deyarli ishlab chiqarilmasligi, yangi loyihalarning amalga oshirilmasligiga sabab bo'ladi. Natijada mehnat bozorida kadrlarga bo'lgan talab so'nadi. Malakali mutaxassislar esa chetga chiqib ketadi. Pirovardida davlat daromadlari o'z-o'zidan kamayadi.

Yurtimizda joriy etilayotgan yangi boj tarifi esa shu kabi holatlarning oldini olishda asqatadi. Ayni paytda amal qilayotgan stavkalarning o'rtacha arifmetik qiymati 5,6 foizni tashkil qiladi. Yangi stavkalar qiymati ham aksariyat davlatlarnikidan past. Masalan, Xitoyda o'rtacha arifmetik stavka 9,8, Turkiyada 10,9, Koreyada 13,7, Yevropa Ittifoqida 8,1, Hindistonda 13,8 foizni tashkil qiladi. Buni aniq mahsulotlar misolida tahlil etib ko'ramiz. Koreyada meva-sabzavot mahsulotlari importi uchun 45, mosh uchun 67,5 foiz bojxona boji undiriladi. Turkiyada bo'lsa, un mahsulotlari uchun 80, meva-sabzavotlar uchun 55 foizgacha boj stavkasi mavjud.

O'zbekistonda esa bu ko'rsatkich nihoyatda past. Yangi qabul qilingan bojxona tarifida o'rtacha arifmetik stavka 8 foizni tashkil qiladi. Bunda 39,4 foiz mahsulot turlariga 0 foizlik stavka joriy qilinadi.

2020 yildan sut, margarin, konservalangan go'sht mahsulotlari importi uchun boj stavkasi 20 foizgacha oshiriladi. Respublikamizda 500 dan ziyod sutni, 400 ga yaqin go'shtni qayta ishlovchi va 30 dan ziyod margarin ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritmoqda. Biroq mazkur quvvatlardan unumli foydalanilmayapti. Ozuqa shakari uchun ham 20 foizgacha bojlar oshirilmoqda. Boisi o'zimizda yiliga 700 ming tonnadan ziyod shakar ishlab chiqarish quvvatiga ega 2 ta yirik korxona bor. Yana bir jihatga e`tibor qaratish lozim. Respublikada ishlab chiqarilmaydigan xomashyo mahsulotlariga nisbatan boj stavkalarini pasaytirish nazarda tutilgan. Rivojlangan iqtisodiyotga ega davlatlar bu yo'l orqali tashqi savdoda o'z o'rniga ega bo'ladi, qolaversa, ichki ishlab chiqaruvchilarni qo'llab-quvvatlaydi.

QQS tushirildi. Nima o'zgardi?

Mutalibjon SALIEV,

Davlat bojxona qo'mitasi raisi o'rinbosari:

— 2019 yilning o'tgan davrida umumiy import hajmi 16,2 mlrd. AQSh dollarini, shundan MDH mamlakatlaridan import hajmi 5,3 mlrd. dollarni tashkil etdi. Bojxona to'lovlariga tortiladigan umumiy import 4,3 mlrd. dollarni tashkil etib, shundan MDH mamlakatlari hissasiga 2,0 mlrd. dollar (46,3 foiz) to'g'ri keladi. E`tiborlisi shundaki, MDH mamlakatlarida ishlab chiqarilgan tovarlarni import qilishda boj undirilmaydi. Bu esa, o'z navbatida, QQS stavkasi pasaytirilgani xisobiga tovarlar narxlarining o'rtacha 5 foizga tushishiga olib keladi.

Bojxona stavkalariga kiritilayotgan o'zgarishlarni ba`zi mahsulotlar misolida tahlil etaylik. Hozirda kungaboqar yog'i uchun imbort boji qo'llanilmaydi. 2020 yil 1 yanvardan bojxona tarifi 5 foizni tashkil qiladi. 2019 yil yanvar-sentyabr oylarida umumiy kungaboqar yog'i importi 114,9 mln. dollarni tashkil etgan. Uning 99,9 foizi MDH mamlakatlaridan olib kelingan. QQS stavkasining pasayishi evaziga bu turdagi mahsulot tannarxi kelgusi yildan 5 foizga arzonlashadi. Un, bolalar tagliklari savdosida ham xuddi shunday vaziyat kuzatiladi.

MDH davlatlaridan boshqa mamlakatlardan import qilinadigan avtomobil shinalari va oboylar narxi esa 6, temir listlar 0,75, motor moylari 0,25 foizga oshishi mumkin. QQSning 20 dan 15 foizga tushirilgani tadbirkorlar uchun qulaylik yaratadi. Birgina joriy yilning 25 oktyabrigacha amalga tatbiq etilgan tizim natijasida tadbirkorlarimiz 3,7 mlrd. so'mdan ziyod mablag'ni iqtisod qilishdi.

Qaysi mahsulotlarning import hajmi ortdi?

G'ofurjon USMONOV,

Savdo-sanoat palatasi boshqarma boshlig'i:

— Har qanday davlat, avvalo, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning manfaatlarini himoya qilishi, ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta`minlashga e`tibor qaratishi joiz. Biz boj stavkalari bo'yicha 8 ta davlat tajribasini o'rgandik. O'zbekistonda sut mahsulotlari bo'yicha o'rtacha boj stavkasi 9 foizni tashkil etmoqda. Bunda 0 foizlik stavka 33 foiz tovarlarga nisbatan qo'llaniladi. Maksimal stavka esa 20 foizga yetadi. Jahon savdo tashkilotiga a`zo davlatlar orasidan bizga eng yaqin stavka Misrda kuzatildi. Bu mamlakatda 0 foizlik stavka 26 foiz tovarlarga nisbatan qo'llanilyapti. Ayni shu mahsulotga Hindistonda 60, Koreyada 176, Turkiyada 180 foiz stavkalar joriy qilingan.

Tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, yurtimizda joriy yil import hajmi o'tgan yilga nisbatan sezilarli darajada ko'tarilgan. 2020 yildan amalga kiritilayotgan 20 foizlik boj stavkalarini tovarlarga tatbiq etishda shu o'rganishlar natijasiga tayanildi. Masalan, 0402 shifr raqamiga ega sut va qaymoq mahsulotlari importi 2018 yilning 9 oyi davomida 2 324,7 mln., joriy yilda esa 4 558,6 mln. AQSh dollariga yetgan. Trikotaj matolari, un va don, margarin mahsulotlarida ham import hajmi oshgan. Jahon amaliyotida boj stavkalari klassifikasiyasiga ko'ra, 0 foizlik erkin, 10 foizgacha tashqi savdo uchun ochiq, 20 foizgacha o'rtacha, 25 foizdan yuqorisi cheklovchi, 40 foizdan yuqori man etuvchi stavkalar hisoblanadi. O'zbekistonda joriy qilinayotgan boj stavkalarini bu mezonlar bo'yicha ko'rib chiqsak, ochiq va o'rtacha daraja tatbiq etilayotgani oydinlashadi.

Cheklov sifatga ta`sir ko'rsatadimi?

Rustam AHMEDOV, tadbirkor:

— Talab hamisha taklifni keltirib chiqaradi, sifat esa iste`molchining qanoatlantirilgani hisoblanadi. Sifat qandaydir standartlar bilan belgilanmaydi. O'zim anchadan buyon ishlab chiqaruvi sifatida faoliyat yuritaman. Ochiq aytish kerak, avvallari biz ishlab chiqargan mahsulotlar nafaqat tashqi, balki ichki bozorda ham raqobatbardosh emasdi. Lekin hozir O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan oziq va nooziq mahsulotlar iste`molchi ehtiyojini bemalol qondiradi, belgilangan standart talablariga ham javob beradi.

Birgina misol, bugun supermarketlarda sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining 80 foizi o'zimizda ishlab chiqarilgan. Agar ular sifatsiz bo'lganida bu savdo rastalari allaqachon bankrot bo'lgan bo'lardi. Aksincha bugun ular o'z savdo tarmoqlarini kengaytirmoqda. Bugun trikotaj mahsulotlarimizu meva-sabzavotlarimiz eksportga chiqarilmoqda. Import hajmining ortishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yo'qotish va ish o'rinlari qisqardi degani. Yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilyapti, ulardan qachon foydalanamiz? Siz ishlab chiqarsangizu tashqaridan boshqasi kelib bozorni egallab olsa, mahsulotingiz sotilmasa, bundan kimga foyda?

*  *  *

P/S: Import bojlarining oshirilishi yirik ishlab chiqaruvchi korxonalar monopoliyasiga olib kelmaydimi? Xususan, «Artel», «Crafers» kabi tadbirkorlik sub`ektlarining mutlaq ustunlikka ega bo'lmasligiga kim kafolat beradi?

Mutaxassislarning ta`kidlashicha, yangi tartiblar bilan monopoliyaga yo'l qo'yilmaydi. Nega? Chunki bizda minglab elektrotexnika va shirinlik ishlab chiqaruvchi korxonalar bor. Faqatgina bu tadbirkorlik sub`ektlarining reklama kompaniyasi yaxshi ishlamagani uchun ular haqida ko'pchilik bilmaydi. Import bojining ko'tarilishi ayni shu kabi ichki bozorda o'z o'rnini topib ulgurmayotgan ishlab chiqaruvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. O'z-o'zidan ichki raqobat kuchayadi. Natijada korxonalar iste`molchi ishonchini oqlash uchun sifatli mahsulot chiqarishga intiladi.

Sadoqat MAXSUMOVA

Manba: «Mahalla»gazetasi

Boshqa xabarlar