Mastlik mudhish fojialarga sabab bo'lyapti

51

«To'ydan qaytayotgandim, ozroq ichgandim. To'g'ri, urib yubordim shu bolani, endi shunga shunchami? Nima qilasizlar meni, ikki-uch yil qamalsam qamalarman, keyin chiqib kelaman-da…»

Ijtimoiy tarmoqlarda mast holda avtomobil boshqarib, yo'l-transport hodisasi sodir etgan va 15 yoshli o'smirning umriga zavol bo'lgan haydovchining ana shu so'zlarini eshitgan borki, bu insonning qilmishiga pushaymon bo'lish o'rniga qahramonlik ko'rsatgandek baralla gapirayotganiga hayron qoldi. «Ikki-uch yil qamalsam qamalarman, keyin chiqib kelaman-da», deyayotgan bu odam ana shu juvonmarg bo'lgan bola o'rniga o'z o'g'li yo qizini qo'yib ko'rsin-chi?..

Ha, ota-ona uchun bu foniy dunyoda farzand dog'idan-da og'irroq g'am-anduh bo'lmasa kerak. Bu falokat tufayli yakkayu yagona o'g'lini ne-ne orzu-umidlar bilan ulg'aytirayotgan, uning kun sayin o'sayotgan bo'y-bastiga qarab baxt ta`mini tuyayotgan ota-ona boshiga osmonlar qulab tushdi go'yo. Hayotdan to'ymagan bir navniholning ko'zlari ochiq ketdi…

Ma`lumotlarga ko'ra, Navoiy viloyatida joriy yilning sakkiz oyi davomida yo'l-transport hodisalari oqibatida 22 nafar voyaga yetmagan tan jarohati olgan. Afsuski, ularning 9 nafari vafot etgan. Halok bo'lganlarning hammasi maktab yoshidagi bolalardir.

— Bolalarning halokat qurboniga aylanishiga kattalar sababchi bo'layotgani achinarlidir, — deydi Navoiy viloyati IIB YHXB matbuot xizmati rahbari Farrux Yakubov. — Mast holda transport boshqarish qat`i taqiqlangan. Buning uchun qonunchilikda jazo choralari belgilangan. Shunga qaramay, spirtli ichimlik iste`mol qilgan holda transport boshqaruvchilar soni kamaymayapti. Olti holatda aynan mast haydovchi sodir etgan avtohalokat tufayli maktab yoshidagi bolalar hayotdan ko'z yumgan. Yana bir achinarli jihati, yo'l harakati hodisalari sababli voyaga yetmaganlar o'limi o'tgan yilning shu davriga nisbatan 4 taga ko'paygan.

Bolangizni nazoratsiz qoldirmang!

Fayozbek Zarafshon shahrida yashardi. O'n yoshli bu bolakayning aql-zakovatiyu fahm-farosatiga hamma havas qilardi. 4-sinfni a`lo baholarga bitirgan Fayozbek yozgi ta`tilni kitob o'qishu shaxmat o'ynash bilan o'tkazayotgandi. Jonajon maktabini, ustozlari va sinfdosh do'stlarini sog'ingani bois yangi o'quv yilini sabrsizlik bilan kutayotgandi. Ammo…

— Fayozbekka 5-sinfda o'qish nasib etmadi, — deya ko'ziga yosh oladi onasi Nafosat Ziyoeva. — U mudhish avtohalokat qurboni bo'ldi. Ta`tilda o'zimiz shaharda qolib, dadasining do'stlari bilan Fayozbek va ukasini qishloqqa jo'natgandik. Tayyor mashina, ertaga orqasidan yetib boramiz, deb o'ylabmiz. O'zimiz bilan olib qolsak, shu falokat bo'lmasmidi? Buning uchun bir umr o'zimni kechirolmayman. Balki Allohning sanab bergan kuni, o'lchab bergan rizqi shudir, ammo bolamni birovga berib yuborib, uning o'limiga sababchi bo'ldim…

Fayozbekning fojiali taqdiri bilan bog'liq avtohalokat joriy yilning iyul oyida, «Zarafshon — Konimex» yo'lida, haydovchining tajribasizligi, tezlikni oshirgani bois boshqaruvni yo'qotib, mashinani yo'l to'sig'iga urishi natijasida sodir bo'lgan. Farzand dog'i o'rtayotgan ota-ona bu fojiada o'zlarini ham sababchi deb bilishmoqda, biroq endi afsus-nadomatdan naf yo'q. Navoiy viloyati IIB YPXB inspektorlarining ta`kidlashicha, bolalar bilan bog'liq avtohalokatlarning 40 foizi ota-onalar farzandlarini nazoratsiz qoldirishi oqibatida ro'y berayotir.

Mast haydovchi avtohalokat sodir etib, voqea joyidan qochib ketdi

Joriy yilning 31 avgust kuni Karmana tumanida yana bir mudhish avtohalokat sodir bo'ldi. «Navoiy — Buxoro» yo'nalishi bo'ylab harakatlanayotgan avtoulov haydovchisi mast holda boshqaruvni yo'qotib, mashinani beton to'siqqa urgan. Natijada avtoulovda yo'lovchi sifatida kelayotgan 29 yoshli Nasiba Abdullaeva og'ir tan jarohati olgan. Shirakayf haydovchi esa uning ahvoli og'irligini bila turib, birinchi yordamni ko'rsatmay, voqea joyidan qochib ketgan. Oqibatda yo'lovchi shu yerning o'zida hayotdan ko'z yumgan.

— Nasiba bilan tanishganimga bir yil bo'lgandi, o'sha kuni u bilan birga ovqatlanib, ozroq spirtli ichimlik ichgandik, — deydi Karmana tumanidagi «Kattamachit» mahallasidan Javohir Nishonov. — Nasiba bir ish bilan qishloqqa borib-kelishni iltimos qildi. Spirtli ichimlik iste`mol qilgan bo'lsam-da, uni xafa qilmaslik uchun rulga o'tirdim. Tezlikni oshirganimni sezmay qolibman. Mashina to'siqqa urilgach, Nasibaning qonga belanib yotganini ko'rib, qo'rqib ketdim. Shu bois unga birinchi yordam ko'rsatmasdan, qochdim.

«Buzoqning yugurgani somonxonagacha», shirakayf haydovchi ham uzoqqa borolmadi, oradan bir kun o'tib u qo'lga olindi. Endi qilmishidan pushaymonligini aytib, huquq-tartibot idorasi xodimlaridan o'ziga yengillik qilishni so'rayapti. Ammo «So'nggi pushaymon — o'zingga dushman», degan naql bejiz aytilmagan.

Jazoni kuchaytirish kerak… (mi?)

Raqamlarga murojaat qilsak, yil boshidan buyon Navoiy viloyati bo'yicha davlat yo'l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan 768ta mast holda transport vositasini boshqarish holati aniqlangan. Shundan 9 holatda avtohalokat kelib chiqqan. Natijada 6 kishi hayotdan ko'z yumgan, 7 nafar shaxs jarohat olgan. Statistikadan anglash mumkinki, kuniga kamida uch-to'rt kishi mast holda avtomobil boshqarmoqda. Nega? Bu odamlar mast holda mashina haydash falokatga sabab bo'lishini yoki og'ir qonunbuzarlik ekanini bilishmaydimi? Yo bo'lmasa, qoidabuzarlik uchun belgilangan jazo choralaridan hayiqishmaydimi? Qonunchilikka ko'ra, sarxush holda transport vositasini boshqargan kishilar uch yilgacha mashina boshqarish huquqidan mahrum qilinadi va ma`lum miqdorda jarima solinadi. Agar ozodlikdan mahrum qilish yoki besh-o'n yilga transport vositasini boshqarish huquqidan ayirish kabi keskinroq choralar ko'rilganda, kishilar sarxush holda mashinaga o'tirishdan oldin bir oz sergak tortisharmidi…

Albatta, bunday ayanchli holatlarning oldini olish maqsadida YHX xizmati xodimlari tomonidan muntazam tushuntirish, targ'ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Shunga qaramay, bunday noxush holatlarga butunlay chek qo'yib bo'lmayapti. Hatto haydovchilar va ularning yaqinlari tomonidan YHX xizmati xodimlariga zo'ravonlik qilish, ularni haqoratlash holatlari ham uchramoqda.

Sarxushlikni qay bir donishmand o'z ixtiyori bilan aqldan ozish mashqi, deya ta`riflagandi. Afsuski, kimningdir o'zi istab, nafs yo'liga kirib, aqldan begona bo'lishi o'zgalarning, begunoh boshqa insonlarning jabr chekishi, o'limiga sabab bo'lmoqda. Oqil o'zganing, nodon esa o'zining qilmishidan saboq oladi, deganlari shu bo'lsa kerak.

Xolbibi SAFAROVA.

«Mahalla» gazetasi

(41-son, 19 sentyabr 2019 yil)

Boshqa xabarlar