Yurtni ramzlar bilan sevish… Buni qachon bas qilamiz?

45

«Beshta o'rinbosarimning har biriga «I love … » yozuvini o'rnatishni topshiriq berdim!..»Bugun qaysi nashrga, internet sahifalariga qaramang, ona tiliga e`tibor, davlat tilining ahamiyati haqidagi maqolalar bilan to'lib-toshgan. Ammo ana shunday jonkuyarlik afsuski hayotimizda, yon-atrofimizda, amaliy ishlarimizda sezilayotgani yo'q. Tilga e`tiborsizlik borasidagi nafaqat kecha yoki o'tgan kunidagi, balki bir necha yillardan beri qilinayotgan chiqishlar hech kimni bezovta ham qilmayapti.

Bundan ikki-uch yil burun o'sha hammaga mashhur «I love Uzbekistan» qulog'imiz ostida jaranglay boshladi. Xohlaymizmi yo'qmi, «Men O'zbekistonni sevaman» emas, «I love Uzbekistan» deya baralla jar soladigan bo'ldik. Buni qarangki, poytaxtda boshlangan chet elcha dil izhori quloqqa xush yoqdi, shekilli, endi viloyat, tuman, hatto chekka bir qishloqqacha «I love …» urf bo'la boshladi. Liseyda o'qib yurgan kezlarim biror joyda bu so'zga ko'zim tushmagan edi. Biroq universitetdan ta`tilga chiqib, ona shahrim tomon otlansam, ne ko'z bilan ko'rayki, shahar markazida «I love Navoiy» qaqqayib turibdi. Ana yurtga muhabbatu, mana tilga hurmat, dedim ta`bim xira bo'lib.
Bu holat kimgadir yoqar, kimgadir erish tuyular, buni bilmadimu, lekin shahrimiz husniga husn qo'shamiz deb, ona tilimiz mavqeini ancha past pog'onaga tashlab qo'yayotganimiz yaqqol sezilib turibdi. Har bir shaharu tuman markaziga bunday yozuvli so'zlarni o'rnatishdan maqsad nima o'zi? Yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg'usini uyg'otish va vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash deylik. Biroq «I love Tashkent»ni ko'rgan bola ongida vatan tushunchasi chuqur ildiz otsayu, ona tiliga bo'lgan hurmat zarracha o'smasa, bunday vatanparvarlikda qanday ma`no bor? Yurtga muhabbat ona tiliga hurmatdan boshlanmaydimi avvalo?

Men shu yosh avlodning bir vakili sifatida shuni aytolamanki, har gal shu yozuvlarga ko'zim tushganida, faqat va faqat ona tilimizning toptalgan qadri ko'z oldimga keladi, xolos.
Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi matbuot xizmatining uzbektourism.uz saytida xabar berishicha, afsonaviy Samarqand shahrining asosiy ko'chalarida qadim tariximizga qiziqib, shaharga tashrif buyuruvchilarni mamnuniyat bilan kutib oladigan ikkita «I love Samarkand» o'rnatilibdi. Ana maqsadu, mana turizmni rivojlantirish! Shaharga kelgan sayyoh o'z tilida yozilgan yozuvni ko'rib mamnun bo'lmay, kim mamnun bo'lsin, axir. Uni bizning ona tilimiz qadri zarracha qiziqtirmasa…

Biroq kelgan mehmonning xayolidan «Bu yurtning ona tili qaysi til o'zi?» degan so'rov o'tib, «o'z tilini o'zga tilda sevadiganlar» deya ich-ichidan kulmaydimi? Ko'zga yaqqol tashlanish uchun «yurak» belgisini o'rnatishganiga nima deysiz? 
Bu ramzni 14 fevral kuni tanqid qilib, rosa boplab ta`zirini bersak-da, bu yoqda shahar darvozasi oldida hurmat bilan o'rnatib qo'yishimiz nimasi? Shu o'rinda Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasiga bir savol: turizmni rivojlantirish haqida bosh qotirayotgan vaqtingizda ona tilimizga putur yetmayaptimi, deya hech o'ylab ko'rasizmi?

Bir kuni surxondaryolik kursdoshim shahriga o'rnatilgan «I love Termez» yozuvining xato yozilganidan jahli chiqib, «I love…»ga chidab kelayotgan edigu, necha yildan buyon Termiz deya aytib kelingan so'zni xato yozishganiga nima deyish mumkin?» deb qoldi. Ha, ba`zi shaharlarimiz nomlari borki, ingliz tilida yozilishi uncha farq qilmaydi. Biroq ayrimlarini ko'rsang, boshqa shahar nomini ko'rganday bo'lasan kishi. «I love Khorezm», «I love Kokand»larni ko'rib, milliyligimiz ham esimizdan chiqib qoladi. Aslida ularni oddiygina qilib «Xorazm» yoki «Qo‘qon» deyish ko'proq dilga yaqin emasmi?

O'tgan yili Nukus shahrida hokimlikning rahbar shaxslari ishtirokida yig'ilish bo'lib o'tgan edi. Shunda shahar hokimi Paraxat Tureshev so'zga chiqib, «Beshta o'rinbosarimning har biriga «I love Nukus» yozuvini o'rnatishni topshiriq berdim», degan faxr bilan. Hammaning e`tibori tushadigan joylarga qo'yilayotgan bunday yozuvlar aslida tegishli mutaxassislar ishtirokida muhokama qilinishi kerak emasmi?! Biroq hokim buvaning o'zlari shunday topshiriq berib turganlaridan keyin, boshqalardan nimani kutasiz? Nima, shaharning nufuzini oshirish uchun «I love…»dan boshqa muhimroq ishlar yo'qmi?

Yaqinda 21asr.uz saytida qashqadaryolik 27 yoshli talabaning fikrini o'qib qoldim: «Bizning tumanga kirishda o'rnatilgan loyihani shaxsan viloyat hokimimiz tasdiqlab bergan. Bir oy tinmay ishladi quruvchilar, millionlab pul ketdi, axir. Kim endi buni olib tashlaydi, hech kim!..»

Ha, ayni shu mavzuda o'nlab gazetalar, saytlar tanqidiy maqolalar e`lon qildi. Biroq shundan beri «I love…»lar ko'paysa ko'paydiki, birortasi ham olib tashlangani yo'q. Hamma narsa moliyaviy asosga borib taqaladi, deganlaridek demak, suvga oqqan millionlab pullar bu loyihani bekor qilishga to'sqinlik qiladi. Aslida, milliardlab pul ham o'z ona tilimizni o'zimizga qaytarib berolmaydi, tilimizga hurmatni oshirolmaydi-ku!

«Birgina shu muammoga barham berish bilan ona tilimiz qadri ko'tarilib qolmaydi, pashshadan fil yasama», degan fikr xayolingizdan o'tgandir balki. Biroq katta ko'ngilsizliklar shunday kichik loqaydliklardan boshlanadi.
Shu kunlarda deyarli har bir ta`lim muassasasida til bayramiga bag'ishlangan tadbirlar bo'lib o'tdi. Aslida, 21 oktyabr kelayotgani uchun «ma`naviyatchi»lar oyog'i kuygan tovuqqa o'xshab, «patillab» qoldi. Nima uchunki, bayram o'tkazilganligi to'g'risida hisobot topshirish kerak. Rasmbozlik avjida, axir rasmlar tadbir o'tkazil­ganligining isboti-da. 

Universitetimizda ham til bayramiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi. Uch-to'rtta kursdoshimiz bilan bu tadbirbozlikka qo'shilishni istamay, kutub­xonaga otlandik. Qarangki, ortimizdan «Tadbir tomoshasiga kelmaslik ona tiliga behurmatlikdir» degan «iliq» so'zlar yangrabdi. O'sha tadbirda ishtirok etayotganlar, tadbir tomoshasiga otlanganlarning hammasi ham ona tilini qoyilmaqom hurmat qilib qo'yibdimi? Tilga muhabbat tadbirbozlik bilan o'lchanadimi? Maktab davrimdan beri til bayramiga bag'ishlangan tadbirlarda ishtirok etib kelaman va shuni aytolamanki, 21 oktyabr kuni ona tili haqida to'rtta she`r, bir og'iz gap, mumtoz kuy ijro etish bilan til boyligimiz oshib qolmaydi. Endi tadbirbozlikni kamaytirib, amaliy ishlarga o'tadigan vaqt keldi, nazarimda.

Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o'ttiz yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqini tinglar ekanman, yaxshiki har qancha boylik bilan sotib olib bo'lmaydigan «milliy g'urur» degan iboraning ma`nosini juda yaxshi tushunadigan, ona tilimizni o'zimizga qaytarishimiz oson bo'lmaganini bilganlar, buning tirik guvohi bo'lganlar bor oramizda, dedim o'zimga o'zim. Endi faqat mamlakat rahbari aytganidek, davlat tiliga – ona tilimizga ehtirom va sadoqatni barchamiz o'zimizdan, o'z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz kerak.

Mahfuza PO'LATOVA,
O'zJOKU talabasi

(“Oila davrasida” gazetasi 45-son, 2019 yil 31 oktyabr)

Boshqa xabarlar