Yuz yil kutilgan farmon imzolandi. Bu bizga nima beradi?

25

Oktyabr oyi mamlakatimiz qishloq xo'jaligining kelajagi bilan bog'liq qator huquqiy hujjatlar, bayonotlarga boy bo'ldi. Oy boshida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2020 yildan O'zbekiston yetishtirilgan paxta hosilini to'liq qayta ishlash va eksportga faqat tayyor mahsulotlarni chiqarishini rejalashtirayotganini aytgan bo'lsa, keyinroq rasmiylar buning uchun mavjud imkoniyatlar va qilinishi lozim bo'lgan ishlar to'g'risidagi ma`lumotlarni oshkor qildi. 23 oktyabr kuni esa Prezidentimiz «O'zbekistonda qishloq xo'jaligini rivojlantirishga oid 2020-2030 yillarga mo'ljallangan strategiyani tasdiqlash to'g'risida»gi farmonni imzoladi. Mazkur farmon bilan mamlakatimiz qishloq xo'jaligi sohasida yuz yildan buyon hukmronlik qilib kelayotgan paxta yakkahokimligiga chek qo'yilishi kutilmoqda.

Yangi strategiyaning mazmun-mohiyati, ahamiyati to'g'risida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Agrar va suv xo'jaligi masalalari qo'mitasi a`zosi Sherzod Rahimov bilan suhbatlashdik. 

Bozor iqtisodimi yoki gibrid?

— Albatta, paxta — milliy boyligimiz. Uning «oq oltin»ga qiyoslanishi ham bejiz emas. Zero, bu mahsulotga talab hech qachon o'lmaydi. Paxtadan olinadigan ashyolardan — barcha sohalar, hatto, kosmik tadqiqotlar, atom energetikasida ham keng foydalaniladi. Bobolarimiz bu o'simlikni ming yillardan buyon yetishtirgani, qayta ishlab bo'z, chit sifatida xorijga sotgani to'g'risida ma`lumotlar talay. Ammo uning qishloq xo'jaligimizning asosiy xomashyosiga aylantirish siyosati chor istibdodi davridan boshlandi. Sovet ittifoqi vujudga kelganidan so'ng esa mazkur harakatlar vahshiyona tus oldi. Paxta yakkahokimligi xalqimiz boshiga og'ir kunlarni solgani ham bor gap. Yaqin yuz yillik tariximiz sho'rolarning «paxta vasvasasi» natijasida odamlar hatto tomorqasigacha paxta ekishga majburlangani, yashnab turgan bog'lar kesib tashlangani, yoshu qari dalaga haydalib, ta`lim, boshqa ijtimoiy sohalar e`tiborsiz qoldirilgani, paxtakorlar ustidan zaharli dorilar ayamay sepilganiyu o'ylab topilgan «paxta ishi» tufayli qurbon bo'lgan minglab begunoh insonlar haqidagi faktlar bilan to'lib turibdi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so'ng sohada bir qadar yengilliklar ko'zga tashlana boshladi. Ammo qishloq xo'jaligida paxtaning ustuvor o'simlik sifatida o'rni saqlab qolindi. Bunga g'alla ekish bo'yicha reja ham qo'shildi. Bu,  avvalo, paxta va g'alla ekiladigan maydonlarning davlat tomonidan belgilanishi, fermer xo'jaliklariga davlatga paxta va g'alla topshirish bo'yicha rejalar qo'yilishida yaqqol namoyon bo'ldi. Bu qishloq xo'jaligining to'liq bozor sharoitlariga o'tmagani hali ittifoq davridan meros qolgan rejalashtirish iqtisodi yo'nalishida rivojlanayotganidan dalolat edi.

Yangi strategiya paxta yakkahokimligiga chek qo'yadimi?

Keyingi yillarda esa mamlakatimiz qishloq xo'jaligini isloh qilish, xususan, sohada davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlarini keng joriy qilish, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va sotuvchi sub`ektlar o'rtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlashga alohida e`tibor qaratilmoqda. Ammo sohani rivojlantirish bo'yicha uzoq muddatga mo'ljallangan strategiyaning mavjud emasligi yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, investisiyalarni keng jalb etishga, ishlab chiqaruvchilarning yuqori daromad olishiga va mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirishga to'sqinlik qilayotgandi. Prezidentimiz tomonidan «O'zbekiston Respublikasi qishloq xo'jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo'ljallangan strategiyasini tasdiqlash to'g'risida»gi farmonning imzolanishi esa bu borada yangi davrni boshlab berdi. Unga ko'ra, yer va suv munosabatlarini takomillashtirish, qulay agrobiznes muhitini va yuqori qo'shilgan qiymat zanjirini yaratish, sohaga bozor mexanizmlarini keng joriy etish maqsadida «O'zbekiston Respublikasi qishloq xo'jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo'ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo'yicha «Yo'l xaritasi» ishlab chiqildi. Yangi strategiyaga ko'ra, sohada bozor tamoyillari keng joriy etiladi. Sifat nazorati infratuzilmasi yaxshilanadi. O'n yil mobaynida qishloq xo'jaligi boshqaruvida davlat ishtiroki kamaytirilib, paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirishda davlatning ishtirokidan bosqichma-bosqich voz kechiladi. Bu mahsulotlarni yetishtiruvchilar bilan qabul qiluvchilar o'rtasida mahsulot hajmiga qarab shartnoma tuzish tizimi yo'lga qo'yiladi. Yaqin kelajakda fermerlarimiz  yerning turiga qarab nima ekin ekishni o'zi tanlaydigan bo'ladi. Bundan tashqari, qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yerlar to'liq xatlovdan o'tkazilib, bugun mavjud bo'lgan ba`zi chalkashliklarga chek qo'yiladi. Eng muhimi, qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yer uchastkalariga bo'lgan huquqning haqiqiy bozor narxini shakllantirish ko'zda tutilmoqda.

Rejalarni amalga oshirish uchun maxsus Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil qilinib, u hukumat va parlamentga doimiy hisobot taqdim qilib boradi.

Mazkur farmon xalqimiz yuz yildan oshiqroq muddat kutgan, yurtimizda paxta yakkahokimligiga batamom barham beruvchi huquqiy hujjat ekani bilan ahamiyatlidir. Bu boradagi islohotlar aniq reja asosida bosqichma-bosqich amalga oshirilishi esa iqtisodiyotga salbiy ta`sir etishining oldini oladi.

Majburiy mehnatga yo'l qo'ygan mas`ullar javobgarlikka tortildi

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ma`lumotlariga ko'ra, Xorazm, Farg'ona, Namangan, Jizzax viloyatlarida majburiy mehnatga yo'l qo'ygan mas`ullar javobgarlikka tortildi.

Xususan, Xorazm viloyati Xiva shahar Xalq ta`limi bo'limi mudirasi tomonidan «Yoshlik» jismoniy tarbiya va sport jamiyatiga a`zolik badali yig'ib olish to'g'risida buyruq chiqarilib, badal puli maktab pedagog-xodimlaridan talab etilgani sabab, bo'lim mudirasiga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismiga binoan, eng kam ish haqining 30 barobari miqdorida jarima tayinlangan.

Xuddi shunday jarima Farg'ona viloyati Farg'ona tumani 22-sonli umumta`lim maktabi o'qituvchilarini ularning roziligisiz majburan maktabdan tashqari hududlarni obodonlashtirish ishlariga jalb etgani uchun maktab direktoriga, Namangan viloyati Yer-mulk davlat kadastri To'raqo'rg'on filiali xodimlarini majburan paxta terimiga jalb qilgan filial rahbariga hamda Jizzax viloyati Paxtakor tumani Pensiya jamg'armasi xodimlarini paxta terimi ishlariga majburan jalb etgani uchun jamg'arma rahbariga nisbatan ham qo'llanilgan.

Ulug'bek IBODINOV

Manba: “Mahalla” gazetasi

Boshqa xabarlar