BOG'IMIZDA O'ZGA MADANIYaT «MEVASI» yoxud yana ajnabiy yozuvlar xususida

67

Bu haqda ko'p gapirilgan, yozilgan, ammo dilni xira qiladigan manzaralar – ko'cha bezaklari hamon yaraqlab turibdi. Masalan, qayoqqa qaramang, «I love … » bilan boshlanuvchi me`morchilik bezaklari. Toshkentda ham, viloyatlar markazlari, hatto, olis Mo'ynoqda ham…

Yurakcha shakli ham qadriyatlarimizga sira mos emas. Vaholanki, go'zal tilimiz, iboralarimiz, har bir shahar va viloyatning boshqa hududlarga o'xshamaydigan jihatlari bor. Masalan, Olmaliq va Navoiy konchilar, Angren va Chirchiq sanoatchilar, Namangan gullar shahri. (Bunday ta`riflarni ko'plab keltirish mumkin).
Agar ana shu xususiyatlarni inobatga olgan holda «Sanoatchilar shahri – Chirchiqqa xush kelibsiz!», «Hunarmandlar yurti – Farg'onam!» kabi yozuvlar yal-yal yonib tursa, yurtdoshimizlarimiz qalbida o'z yurtidan faxrlanish, xorijdan kelgan sayyohlarda qiziqish oshmaydimi?

– Ehtimol, bu so'zlar xalqaro tilda bo'lgani, barcha uchun tushunarliligi bois, tanlangandir, – deydi Toshkent Arxitektura va qurilish instituti «Shaharsozlik va landshaft arxitekturasi» kafedrasi mudiri Bahodir Matchonov. – Ammo uning o'rniga ona tilimizdagi boshqa jarangdor gapni yozganimiz yaxshi. Bu kabi yozuvlar rang­­li, milliy ruh bilan sug'orilgan holda yozilsa, millatimizga xos ezgu fazilatni aks ettirib, yurtdoshlarimizni bag'rikenglikka chorlab turadi.
Shu o'rinda e`tirof etish joizki, shu kunlarda ko'cha-ko'yda yaxshi bir o'zgarishning guvohi bo'lmoqdamiz. Poytaxtimiz yo'llaridagi yo'lovchi bekatlari yonginasidan tadbirkorlar mo'`jazgina do'konlar ochmoqda. Uning egalari yon-atrof hududlarni ham zamonaviy ta`mirlab, sovutgich moslamalari o'rnatmoqda. Avvalo, yozning jazirama issiq va yog'ingarchilik kunlarida bunday bekatlar odamlar joniga oro kirib, uni ta`mirlayotgan tadbirkorlar elning duosini olgan bo'lsa, ikkinchidan, muhim jamoat joylaridan bo'lgan bekatlar sahni tozalanib, obodlashmoqda.

Yana bir e`tiborimizni torgan jihat tungi Toshkent qiyofasidagi o'zgarishlardir. Avvallari poytaxtimizning eng markaziy ko'chalarida ham chiroqlar nuri «I love you» degan yozuvlarni ifoda etardi. Endilikda esa bu yozuvlar o'rniga milliy naqsh bezaklarimiz nur sochib turibdi. Mana, siz ham tomosha qiling. Go'yoki balanddan taralayotgan nur qalbingizga ham oqib kirayotgandek bo'ladi. Unga qarab zavqlanasiz. Chunki u o'zimizniki. Birovniki emas…

Zebo NAMOZOVA,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar