MA`NAVIYaTGA XIYoNAT

53

yoxud kuldirishni bilmasangiz, hech bo'lmasa, yig'latmang…

Yaqinda «ZO’R TV» orqali yosh qiziqchi-masxaraboz­lar tomosha ko'rsatishdi. Navbat andijonlik yosh masxaraboz Behzod Karimovichga (u o'zini shunday deb tanishtirdi) kelganda, tomoshabinlarga ichim achidi.

Nima uchun? Nega deganda hali yoshi o'ttizga ham bormagan Behzod Karimovich miriqib kuladigan gap aytmadi. Qiziqchilik qilaman, deb «qovun tushirdi».
Emishki, mo'ylovi endi ­sabza ura boshlaganda dadasi unga ustara sovg'a qilibdi.
– Dada, hozircha soqol-mo'ylov olishga yoshlik qilaman-ku? – debdi Behzod.
Dadasi ham bo'sh kelmabdi:
– Mayli-da, o'g'lim, hozircha bundan o'zim foydalanaman. Jichcha kattarganingdan keyish boshqasini olib beraman, – deya ustarani o'zi ishlataveribdi.
Shunda Behzod dadasiga iddao qilibdi:
– Yaxshiyam menga ustara olib berish o'rniga uylantirib qo'ymagan ekansiz…
Qiziqchilik qilaman deb, millatning yuziga, milliy qadriyatlarimizga oyoq qo'yishmasmi, bu?! Axir, qiziqchilik san`atining ham o'ziga xos me`yorlari bor. Afsuski, bilimi, intilishi bo'lmagan qiziqchilarimiz ochiqlik, erkinlik bahona o'zini ham, o'zgalarni ham sharmanda qilmoqda. Eng yomoni, bu kabi ko'rsatuvlarni, Behzod singari sayoz fikrlaydigan qiziqchilarning chiqishlarini millionlab tomoshabinlar ko'rib turibdi. Kezi kelganda, ularga taqlid qilmoqda.
Keling, ochiq va achchiq bo'lsa-da, Behzod Karimovichning shu kuni «ZO’R TV» orqali namoyish etilgan yana bir hangomasiga e`tibor qarataylik:
– Men tug'ilganimdan buyon akamning eski kiyimlarini kiyaman. Mana, hozir ham sahnaga akamning kiyimlarini kiyib chiqdim. Tufli, ko'ylak, kostyum – hammasi akamniki. Yaxshiyam, kenoyim akam ikkalamizni adashtirib yubormaydi. Aks holda…
Aks holda, nima?
Arablar o'g'rining qo'lini kesib, xiyonatkor er-xotinlarni sazoyi qilishadi. Nima uchun? Chunki bunday noma`qulliklar millatga, millatning botiniga chuqur kirib ketmasligi shart. Aslida, bizning ma`naviy mulkimiz, ota-bobolarimizdan qolgan qadriyatlarimiz, tengsiz urf-odatlarimiz kishilar ongiga o'g'rilarning qo'li kesilganidan, xiyonatkor er-xotinlarning sazoyi qilinganidan kuchliroq va qattiqroq ta`sir qila oladi, qachonki, ularga amal qilinsa…
Mana shu fikrimiz uchun bir misol. Odatda qizlarimizni, opa-singillarimizni 20-22 yoshda turmushga uzatamiz. O'g'il bolalarni esa asosan 23-25 yoshdan so'ng uylantiramiz. Ko'p emas, bundan atigi 40-50 yil ilgari balog'atga yetgan qiz ham, yigit ham ota-onasiga, hatto, yaqin qarindoshlariga «Men falonchini yoqtiraman» deb aytolmagan. Or kuchlilik qilgan. Uyalgan. Hozir-chi? Hozir bosh­qacha. Aksariyat yoshlar «sen bo'lmasang, ­boshqasi…»ga o'tib olgan.
Bu nimaning mahsuli? Balki, bachkana ochiq kulgilarning, ko'rsatuvlarningdir? Buni ham o'ylab ko'rish kerak. Zero, televidenie targ'ibotning eng katta qurollaridan biridir.
Albatta, televedenie­­da tarbiyaviy ko'rsatuvlar, insonga fikr bera oladigan das­turlar ham ko'p. Eng yomoni, tarbiyaviy ahamiyatga molik bir ko'rsatuv bilan qaysidir san`atkorning behayo chiqishi ketma-ket beriladi. Aytayotgan gapimiz bilan qilayotgan ishimizning zidligi ham aslida shunda.

Xulosa shuki, erkin fikr, oshkora hayot hammamiz uchun foydali. Biroq Charli Chaplinning san`at olamidagi chiqishlarini O'zbekistonda qayta ko'rsatish san`atkorlikni anglatmaydi. San`at yo'lini tanladim deya, andishani, milliy an`analarni, umrboqiy qadriyatlarni, odob-axloqni oyoq osti qilishga haqqingiz yo'q. Kuldirishni bilmasangiz, hech bo'lmasa, yig'latmang…

Normurod MUSOMOV,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar