Tolstoy o'zbekmi?

76

Yaqinda «Sharq ziyokori» kitob do'konidan ulug' rus yozuvchisi Lev Tolstoyning «Jaxon bestsellerlari» (aslida, «jahon» bo'lishi kerak) rukni ostida «BOOK MEDIA NASHR» nashriyotida ushbu yilda chop etilgan «Lev Tolstoyning eng sara asarlari» (mas`ul muharrirlar Sharif Xolmurod, G'ayrat Ernazarov, muharrir Sharif Xolmurod) kitobini sotib oldim.

Kitobga «Iqrornoma», «Hojimurod», «Kavkaz asiri» hamda «Oilaviy baxt» asarlari kiritilgan. «Kavkaz asiri» hikoyasini 4-sinfda o'qib yurganimda o'qiganman. Shu hikoyaga ko'zim tushishi bilan hayratlandim. Hikoya qahramoni ko'zim o'ngida gavdalandi. Jilin! Onasining maktubi ila yo'lga otlanib, qo'miqlar qo'liga tushgan sho'rlik Jilin asirlik azobini boshdan kechiradi. Mehribon qizcha Dinaning ko'magi ila chohdan qutulib, qochishga ulguradi.

Kitobni varaqlashim bilan ilk asar – «Iqrornoma»ga yengil ko'z yugurtirdim. Muqaddam o'qiganman. Afsuski, biror asarning tarjimoni berilmagan. Muqovalarning old-ortiga qarayman: yo'q. Balki mundarijada yozilgandir, deb gumonladim: yana yo'q. Muqova so'nggida qaysar daho Lev Tolstoy surati va uning qisqacha tarjimai holi berilgan. «Lev Nikola­evich Tolstoy dunyo tan olgan eng kuchli yozuvchi va faylasuvdir…» yozuvlariga ko'zim tushishi bilan ajablandim. Faylasufmi, yo faylasuv?! Bunga ham chidadim.

O'zim sog'ingan «Kavkaz asiri» hikoyasini o'qiy turib boshim gangidi. Nima bo'lyapti, deyman o'zimga. Alahsimayapmanmi?! Jumlalar mast kimsaning aljirashiday poyintar-soyintar. «Xo'jayin» so'zi «xo'jain» deb berilgan. «O'zbek tilining izohli lug'ati»ga murojaat qildim. Bu yerda ham «xo'jayin» deb berilgan. «Xo'jain» so'zini «xo'jayin» deya to'g'rilab ketaverdim. Bu so'z yuz martaga yaqin ishlatilgan ekan. Voh, deya yoqamni tutdim. O'qish jarayonida yana imloviy xatolarga tez-tez qoqilaverdim. Mana bu jumlalarni qarang: «Kechasiga kishanlarini yechim (echib-bizniki), omborxonaga qamashgan. «Kechasiga…» emish. «Kechasi..» deb qo'yaqol. Yoxud «Kos­tilinni ortiga mindirib…» Qisqagina qilib «ortmoqlab» deb qo'y, shovvoz. «Jilin qiz boshidan siladi». Bunisi ortiqcha. «Har zamon oy chiqadigan shafaqqa qarab qo'yardi», «Tog' ostida qora (quyuq) soya o'rmalab (sudralib), u tomon kela boshladi». «Tog'larda tinch yorug', xuddi hamma yoqni o'lim sharpasi qop­laganday». Va hokazo etni junjiktiruvchi jumlalar bilan to'lib toshgan.
Eng qizig'i, biror asarning tarjimoni ismi-familiyasi keltirilmagan. Kitobni bittalab varaqlab chiqib ham tarjimonni topolmadim. Yopiray, Tols­toy nahotki o'zbek tilida asar yozgan bo'lsa, degan yorug' o'y vujudimni yoritdi. Nima, o'zbek adabiyoti yana bitta dahoga ko'paysa, shon-sharaf-ku! Hamkasbimga kitobni tutib: Qarab chiqing-chi, balki men tarjimonning ism-familiyasini yo'qotib qo'ygandirman», dedim ikkilanib. U kishiyam kitobni rosa titkiladi. «Siz haqsiz» degandan so'ng gumonlarim oydinlashdi.

Hoy birodarlar, nima bo'lyapti o'zi? Bu noshirlarni kuppa kunduzi jin urganmi, nima balo?..Sho'ro davrida akam (rahmatli Nazar Shukur) poytaxtdagi nashriyotlardan biriga korrektor (hozirgi tilda musahhih) bo'lib ishga kirgandi. Bir kuni ijara uyiga qog'oz papkada anchayin qalin kitobni olib kelib korrekturasini tuni bilan o'qib chiqqanini bilaman. «Zarurmi sizga deganimda?», «To'rtta imloviy xatoga yo'l qo'ysam maoshimning 30 foizi qirqiladi va 120 o'rniga 90 so'm olaman. Ikkinchidan, o'quvchi imloviy xatoga ko'zi tushganda og'rinadi. Oylik maoshing buyurmasin, deb qarg'anadi. Kitob o'quvchida nafrat uyg'otmasligi kerak» degandi o'shanda. Akam she`rlarining «yag'irini» chiqarib ishlardi. Yalqovligimdan uyalardim. Bugungi noshirlikning ahvolini yuqoridagi holatdan ko'rib turibsiz. «Ega bo'lmasa, nega?» deganlaridek, nashrdan chiqayotgan kitoblarni nazorat qiluvchi mutasaddi idoralar bordir?

Hozir nima ko'p, nashriyot ko'p. Noshirlar asar mazmuni bilan deyarli qiziqishmaydi. Pul bo'lsa, bas. Old-ortiga qaramay chop etishaveradi. Yaqinda bir qalamkash yangi kitobchasini qo'limga tutdi. Ne hafsala bilan o'qiyki, imloviy xatolar g'ij-g'ij. Jumlalar ham oyog'i osmonda: qizil ruchka bilan «qon»ga bo'yab qo'liga tutdim. Bechora xijolat chekadi. Aybni muharrirga ag'dardi. «O'zing ham aybdorsan, hozirgi muharrirlar kitobga ko'z yugurtirishdan erinishadi. «O'lib ketmaydimi, taka bo'lsin sut bersin» qabilida pinak buzishmaydi. Albatta, bu gap­lar o'z egalarini topadi. Mas`uliyatsizlik, kitobxonga hurmatsizlik shuncha bo'lurmi, hay-hay?..
Kitob do'konidan kitob xarid qilganda old-ortiga qarab oling. Yo'qsa, «BOOK MEDIA NASHR» nashriyoti noshirlari kabi harakatlar bo'lsa, Gyoteniyam tarjimonsiz o'zbekchada o'qib qolsak, ajabmas?!

O'roz HAYDAR

Boshqa xabarlar