Turk seriallarini taqiqladik, o'zbek seriallarining ulardan ustun jihati bormi?

44

«Jurnalist»…

Serial qahramoni Sharif qonuniy rafiqasini uydan haydab yuboradi va xizmatkori bilan ishqiy munosabatga kirishadi. Natijada xizmatkor qiz homilador bo'lib qoladi. Shundan so'ng bu xonadonga boshqa bir qiz xizmatkor bo'lib keladi. Endi esa yigit unga uylanmoqchi. Sharifning onasi esa o'g'lini arosatdan qutqarish maqsadida homilador qizni chet elga sotib yubormoqchi…

«Yuraklar jangi»…

Serial qahramoni Tohir Turkiyada o'zidan yoshi katta bo'lgan ayol bilan shar`iy nikohdan o'tib yashaydi va undan farzandli bo'ladi. O'zbekistonga qaytgach, Tohirning onasi o'g'lini o'sha ayolning katta qizi bilan uchrashtiradi. U endi o'zining o'gay «qizi»ni sevib qoladi…

«Bir kami to'lmagan dunyo»…

Maktab yoshidagi qizga o'gay otasi tegajog'lik qiladi. Buni eshitgan ona esa qizini bolalar uyiga topshiradi…

Ushbu voqealar serialsevar odamlar uchun juda yaxshi tanish, chunki bu sahnalar bugun telekanallarimizda namoyish etilayotgan o'zbek seriallarining syujetlaridir. Avval turli maishiy voqealar va yengil-elpi mavzular aks etgan kinolarni «xontaxta filmlar» deb atardik. Endi esa xuddi shunday tomoshabin ma`naviyatiga zarar yetkazadigan, qotillik, o'g'irlik, giyohvandlik, yo bo'lmasa, qaynona-kelin mojarosi, xiyonatkor ayol mashmashalari aks etgan seriallar soni ortib bormoqda. Bir-bir yarim soat davom etadigan «xontaxta filmlar»ning zarari unchalik sezilmasdi. Chunki uni tomoshabinlar bir ko'rib, keyin unutib yuborishardi. Ammo telekanallarning ma`lum soatini band etgan, oylab namoyish etilayotgan saviyasiz seriallar tomoshabin ruhiyatini o'zgartirmay, uning hayotiga ta`sir etmay qolmaydi…

Seriallar hayotga ko'chyaptimi?

Internet sahifalarini kuzata turib o'ylanib qolasan kishi, xuddi seriallarimizdagi voqealarga o'xshash jinoyatlar, ko'ngilsiz holatlar ta`bingni xira qiladi. Keyingi paytlarda «Qaynona kelinini do'pposladi», «Kelin qaynonasini o'ldirdi», «Er xiyonatkor xotinini kechirmadi» deya nomlangan xabarlarni o'qiy turib, milliy seriallarimizning syujeti xayolingga kelaveradi.

Masalan, yaqinda Angren shahrida bir guruh ayollar ko'chada boshqa bir ayolni do'pposlayotgani tasvirlari paydo bo'ldi. Qiz uni urayotgan ayollardan birining eri bilan uchrashib yurar ekan. Bir so'z bilan aytganda, ko'chaning o'rtasida bir qiz «samosud» qilinmoqda. «Jurnalist» serialining 153-qismida xuddi ana shunday tasvirlarga ko'zimiz tushdi. Unda ham bir ayol qo'shnisiga eri bilan ishqiy munosabatda bo'lgan qizni kaltaklatadi va o'zi voqeani telefonga suratga tushiradi. Tasvirni internetga tarqatishini bot-bot takrorlaydi.  

— Yozuvchi, ssenarist va shoirlar jamiyatdagi biron illatni qalamga olayotganda ehtiyot bo'lishi kerak. Chunki insonlarda, ayniqsa, bolalarda ko'rgan narsasini takrorlash instinkti juda yuqori, — deydi psixolog Zebuniso Ahmedova. — To'g'ri, hech kim spirtli ichimlik iste`mol qilish yaxshi yoki xiyonat qilish kerak deb yozmaydi. Ammo buning nimasi yomon ekanini, ayanchli oqibatini maromiga yetkazib izohlab berolmasa, bu illatni targ'ib qilib qo'ygan bo'ladi. Masalan, men sizga fil haqida o'ylamang, desam, xayolingizga uzun xartumli fil obrazi gavdalanadi. Keyin esa uni nima uchun o'ylamasligingiz kerakligini tushuntirib bersamgina, siz filni unutishga urinasiz. Bugungi milliy seriallarimizda xotiniga yoki eriga xiyonat qilish, giyohvand moddalar yoki spirtli ichimlik iste`mol qilish sahnalari juda ko'p va bo'rttirilgan holda namoyish etilmoqda. Ammo ularning oqibati nima bo'lishi to'liq ochib berilmayapti. Bu esa media mahsulotlarning ayni shu illatlar reklamasiga aylanib qolishiga sabab bo'lyapti.

Xom mahsulot qorinni og'ritadi

— «Hayot jilg'alari», «Fidoyilar» kabi seriallarimda o'nlab iste`dod egalari kashf qilindi. Har bir seriyada qahramonlarning xatti-harakati, gapirishiga e`tibor qaratardik, — deydi rejissyor Abduxalil Mignorov. — Ushbu kartinalar universitet talabalarining chekka qishloqdagi amaliyoti hamda shifokorlarning fidokorona mehnatlari to'g'risida hikoya qilib, insonlarni ilm yo'lida fidoyi bo'lishga, o'z kasbiga mehr va sadoqat bilan yondashishga undaydi. Hozir seriallarimiz bemaza qovunning urug'idek ko'payib ketgan. Ularda insonga motivasiya beruvchi yoki biror illatdan qaytaruvchi oliy g'oya yetishmaydi. Bir-ikkitasini tomosha qildim — barchasi yuzaki.

Seriallar ko'paygani yaxshi, ammo sifatni ham esdan chiqarmaslik kerak-da. «Xontaxta filmlar»dan «xontaxta serial»lar olishga o'tdik, bu kino san`atining taraqqiyoti emas. Axir, qo'shni ayollarning g'iybati, notinch oilaning adi-badisiga tayanib yaxshi bir serialni suratga olish mumkinmi? Serialning mas`uliyati badiiy filmdan ko'ra bir necha barobar og'ir. Shuning uchun uni suratga olishga jiddiy qarash, ko'p vaqt va mehnat sarf etish talab etiladi.

Rostdan ham, bugungi seriallarning voqealarini ko'rib, undagi mantiqsizlik, bir-biriga nomutanosiblikni payqab, bu filmlarning ssenariysi yo'l-yo'lakay, qo'l uchida yozilganini anglash mumkin. Masalan, «Jurnalist» serialida uning bosh qahramoni kim ekanini bilish mushkul. Voqealar rivoji qanday aniq maqsadga xizmat qilayotganini bilib bo'lmaydi. Chunki syujetda uzviylik, xulosa maromiga yetmay qolgan.

Qisqa qilib aytganda, agar dasturxonga tortilgan taom tobiga yetkazib pishirilgan bo'lmasa, xo'randalarning sog'lig'iga ziyon yetkazadi. Xuddi shuningdek, seriallardagi g'oya va syujetlar ham maromiga yetkazilmasa, tomoshabin ma`naviyati, ruhiyatiga salbiy ta`sir etishi shubhasiz.

Tomoshabin fikri qanday?

Maqolani tayyorlash jarayonida xolislikni ta`minlash uchun tomoshabinlar fikri bilan qiziqdik. Ularning qarashlari turlicha: kimdir bu seriallar hayot haqiqatini ko'rsatyapti, atrofimizda bunday insonlar kammi, desa, boshqasi hamma narsani ham teleekranga olib chiqaverishadimi, bu nimasi, deya jahl qiladi.

— Bir paytlar ishqiy munosabatlar ochiq-oydin aks etgan xorij seriallarini tomosha qilib o'tirardik, chunki o'zbek seriallari soni kam edi — deydi uy bekasi Dildora To'raeva. — Bugun o'zbek seriallari soni ham ko'payib qoldi va bu asta-sekin mentalitetimizga to'g'ri kelmagan, yot g'oyalar bilan sug'orilgan xorij seriallarini surib chiqarmoqda. To'g'ri, seriallarimiz sifat bo'yicha ular bilan bellasha olmas, ammo o'zimizning real hayotimizni aks ettirishi bilan biz, tomoshabinni o'ziga jalb qilyapti.

— Kecha o'zbek seriallaridan birida qip-qizil qonga belangan pichoqni ko'rib seskanib ketdim, — deydi yana bir uy bekasi Hamida Hasanova. — Keyingi paytlarda seriallarimizda spirtli ichimliklar, sovuq qurollar, narkotik moddalar ochiq-oydin namoyish etilmoqda. Hatto ayrim chet el filmlarida ham bunday holat va mahsulotlar xiralashtirib, tanib bo'lmas darajada ko'rsatiladi. Bizda esa bunga e`tibor berilmayapti. Umuman olganda, seriallarimizdagi aysh-ishrat sahnalari, xiyonat, qotilliklarni ko'rib, chet el seriallaridan nima farqi bor, deya o'ylab qolaman. To'g'ri, hozircha aktrisa-aktyorlarimiz turli nojo'ya harakatlar qilishmayapti, ammo ularning gap-so'zlari, imosi, serial mazmuni buni yaqqol namoyon etib turibdi. Bizga shunday seriallar kerakmi? Mentalitetimizga to'g'ri kelmaydi, deya bir nechta xorij seriallari ekranlardan olib tashlandi. Xo'sh, o'zimizning seriallarda ko'rsatilayotgan o'smir qizga zo'ravonlik qilish, xotiniga xiyonat, erini aldash bizning mentalitetimizga mosmi?

To'g'ri, hayot faqatgina to'yu tomosha, bayramlardan, insonlar taqdiri esa quvonch va baxtdan iborat emas. U yaxshi va yomon, yaxshilik va yovuzlik o'rtasidagi azaliy kurashdan tashkil topgan. Kino-seriallar esa ana shu hayotning in`ikosini namoyish etuvchi san`at turidir. Faqat shukronalik, «haybarakallachilik» bilan ham yaxshi san`at asarini yaratib bo'lmaydi. Ammo inson aqlini shoshiradigan illatlar talqinini katta ekranga olib chiqayotganda ham ehtiyot bo'laylik. Tomoshabinlarga oqni oq, qorani qora deb ko'rsatish yo'lida zahmatdan qochmay, bor mahoratimizni ishga solaylik. Zero, media mahsulotlarni ko'rib insonlar to'g'ri yo'ldan og'masin, aksincha adashganlar o'z yo'lini topsin.

Siz bunga nima deysiz, aziz mahalladosh?

Sanjar EShMURODOV


Darvoqe…

Ilk o'zbek aktyori kim bo'lgan?

Birinchi o'zbek aktrisasi, ilk o'zbek aktyori kim ekanini bilasizmi? Ular qanday qilib bu sohaga kirib kelgan?

Tarixda birinchi o'zbek kinoaktyori, ssenariynavis, kinorejissyor sifatida nom qoldirgan inson — 1893 yilda Toshkentda tug'ilgan Sulaymon Xo'jaevdir. U XX asrning boshlarida yaratilgan dastlabki o'zbek filmlari: «Ravot qashqirlari», «Chachvon», «So'nggi bek», «Avliyo qizi», «Tong oldidan» filmlarida artist sifatida ishtirok etgan. Ssenariy muallifi, rejissyor assistenti va hatto rejissyorlik ham qilgan.

1911 yilda Toshkentda tug'ilgan Tursunoy Said­azimova birinchi o'zbek aktrisasi sifatida tanildi. Qisqa umri davomida u o'zbek va chet el dramaturgiyasidan yorqin obrazlar yaratdi: Nikolay Gogolning «Revizor»idagi Mariya Antonovna, 1927 yilda Karlo Gotsining «Malikayi Turandot» asaridagi Turandot, Karlo Goldonining «Ikki boyga bir malay» komediyasidagi Klariche obrazlari shular jumlasidan.

“Mahalla” gazetasi

(48-son, 2019 yil 7 noyabr)

Boshqa xabarlar