Uchtepa tumani kuz-qish mavsumiga tayyormi?

120

Respublika ishchi guruhining Toshkent shahrida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko'rish, ko'p qavatli uylar, ijtimoiy soha va boshqa ob`ektlarni o'rganish, aholini tashvishga solayotgan muammolarni aniqlash va hal etish bo'yicha navbatdagi uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o'tkazilgan mazkur uchrashuvda Prezident administrasiyasi, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi, Toshkent shahar hokimligi, shuningdek, ­mas`ul vazirlik va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Dastlab mavsumga tayyorgarlik ko'rish borasida bugunga qadar ijtimoiy soha ob`ektlari va ko'p qavatli uylarda amalga oshirilgan ta`mirlash hamda rekonstruksiya ishlari sarhisob qilindi.

Shundan so'ng mavsumga tayyorgarlik ko'rish yuzasidan tuman shtabi va tegishli guruhlar faoliyatiga e`tibor qaratildi. Ko'p qavatli uylardagi mukammal va joriy ta`mirlash ishlari, tom qismi, uylarning old qismidagi yo'laklar, kirish yo'lak­lari, yerto'la qismining talab darajasida ekani, elektr taqsimlash shitlari, irrigasiya tarmoqlari, tarnovlar, issiqlik quvurlari holatini tekshirish, issiqlik tarmoqlarini yuvish va baland bosimda tekshirish masalasi, liftlar holati, issiqlik energiyasi tizimi, markaziy va mahalliy qozonxonalar ahvoli, issiqlik tizimi quvurlarining yaroqli va yaroqsizligi, issiqlik ta`minoti tarmoqlarini ta`mirlash, issiqlik tarmoqlarining izolyasiya qilish borasidagi ishlarga e`tibor qaratildi.

Xususan, Uchtepa tumani hududida mavsumga tayyorgarlik ishlarini ko'zdan kechirishda ishchi guruhlar zimmasiga xususiy uy-joy mulk­dorlari shirkatlari va professional boshqaruv kompaniyalari faoliyati, maktabgacha ta`lim muassasalari, o'rta ta`lim maktab­lari, kasb-hunar kollejlari va akademik liseylar, oliy ta`lim muassasalari, tibbiyot muassasalari hamda boshqa ijtimoiy soha ob`ektlarini tekshiruvlar davomida aniqlangan holatlar muhokama qilindi. O'rganish­lar davomida «Bog'is­ton» mahallasida joylashgan 25-poliklinika hali ta`mirda ekani, «Jurjoniy» mahallasidagi 23-poliklinikaga issiqlik berilmagani, qozonxonasi ta`mirtalabligi, O'rikzor dahasida joylashgan markaziy ko'p tarmoqli poliklinika O'rikzor ambulatoriyasi issiqlik bilan ta`minlanmagani aniqlandi.
Ichimlik suvi ta`minoti, kanalizasiya tizimi, suv ishlab chiqarish va kanalizasiya inshootlarining mavsumga tayyorgarlik holati, elektr tarmog'i ob`ektlari, tabiiy gaz ta`minoti kabilardagi muammoli holatlar yuzasidan tanqidiy fikrlar bildirildi.

Uchrashuvda ko'tarilgan muammolar, ayrim mutasaddilarning beparvoligi sabab aholiga aziyat yetkazayotgan holatlar yuzasidan tegishli tashkilot va muassasalarga vakolati doirasida kechiktirmasdan amalga oshirilishi lozim bo'lgan ishlar belgilab berildi.

A`zam ABULFAYZOV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar