Umr mo'`jizasi – mehnatda!

56

Inson umrini mo'`jizaga qiyoslash mumkin. Qachonki, inson bu dunyoga kelib-ketishdan maqsadini ­anglasa, o'z taqdirini kindik qoni tomgan tuproq bilan chambarchas bog'lasa, to yuragi urib, tomirida qon aylanib turar ekan, o'zini el-yurtdan qarzdor, unga xizmatkor bilib, xalqning og'irini yengil qilishdan hayotiga mazmun topib yashasa, chindan ham uning umri mo'`jizaga aylanadi. Bunday umr sohibiga havas qilishadi, undan ibrat olishga intilishadi, ­el-yurti e`zozlab boshiga ko'taradi.

Humoyiddin Sharafuddinov ham ana shunday mo'`jizaviy umr sohibi. U kishining umr mundarijasi buning isboti. Sariosiyo tumanidagi «Telpakchilar» mahallasida temirchi oilasida tug'ilgan Humoyiddinning o'smirlik yoshi ikkinchi jahon urushining asoratlari xalqning tinkasini quritgan og'ir paytlarga to'g'ri keldi. Uning suyagi dalada mehnatda qotdi. U 1943-50 yillarda jamoa xo'jaligida ishchi, tabelchi, maktabda o'qituvchi, tuman yoshlar qo'mitasida bo'lim boshlig'i, birinchi kotib, Sharg'un shaxta boshqarmasi qoshidagi bilim yurtining direktori, boshqarma partiya qo'mitasi kotibi vazifalarida mehnat qildi. Unga ishonch ko'zi bilan qarab, qanday mas`uliyat yuklanmasin, intiluvchan, mehnatkash Humoyiddin barchasini uddalardi.
U o'n yil davomida tumandagi jamoa xo'jaliklariga ­raislik qildi. O'zi mehnatda toblangan odam mehnat ahlini qadrlaydi. Humoyiddin Sharofuddinovning bu sifatini u kishini bilganlar qayta-qayta e`tirof etishadi. Xususan, o'sha 1960-64 yillarda u kishi markaziy idorlarning qarshilik­lariga qaramay, haftaning yakshanba kunini dam olish kuni deb e`lon qilgan, bundan tashqari xo'jalik mablag'lari hisobidan tug'uruqxona, 8 ta bolalar bog'chasi, 2 ta klub, 4 ta maktab binosi qurdirgan. Shuingdek, u xonadonlarni tabiiy gaz, elektroenergiya, toza ichimlik suvi bilan ta`minlash, ichki yo'llarga asfalt yotqizish ishlariga bosh-qosh bo'lgan. Xalq manfaatiga xizmat qilgan bunday xayrli ishlarni bajarish mustabid tuzum davrida rahbar insondan katta ma`naviy jasorat, o'z yurtiga muhabbat talab qilardi. U ko'p yillar davomida deputat sifatida xalqqa xizmat qildi. Uning ko'plab takliflari qonun ijodkorligida inobatga olindi.
Humoyiddin akaning Vatanga va xalqqa muhabbati keyinchalik u kishi viloyat darajasidagi mas`ul lavozimlarda ishlaganida ham el-yurt uchun sidqidildan xizmat qilishga tinimsiz undab turdi. Birgina misol: u kishi 1970-75 yillarda Boysun tumani ijroiya qo'mitasi raisi, sobiq partiya qo'mitasi birinchi kotibi bo'lib ishlagan paytlarda ham o'zini elga dastyor bilib, kecha-kunduz xalq bilan birga uning issiq-sovug'ini his qilib ishlab, ko'pdan-ko'p savob ishlarga bosh-qosh bo'ldi. Jumladan, tumanda chorvachilikning rivojlanishi, aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash maqsadida og'ir sharoitlarda buloq suvlarini birlashtirib, suv quvurlari o'tkazilishi, Boysun-Sho'rchi, Boysun-Xo'jabo'lgan-Sayrob avtomobil yo'llarining qayta qurilgani, tumanda g'isht zavodi va maktablar bunyod etilgani aynan u kishining rahbarlik davrlariga to'g'ri keldi.
Viloyatda qurilib, ishga tushirilgan chorvachilik, parrandachilik majmualari, sut, go'sht-konserva korxonalari, yangi yerlarni o'zlashtirish, bog'-rog'lar yaratishda ham u kishining hissasi salmoqli bo'ldi. Tajribali va tashabbuskor rahbar 1991-98 yillarda Surxondaryo viloyati kasaba uyushmalari kengashi raisi bo'lib ishlagan davrida ham bunyodkorlik ishlariga katta e`tibor qaratdi. Bugungi kunda Termiz shahri jamoliga ko'rk qo'shib turgan kasaba uyushmalari kengashining yangi binosi qurilishi, «Alpomish» o'yingohining ta`mirlanishi, shaxsan o'zi Afg'oniston Respublikasiga 18 marta borib, afg'on urushida halok bo'lgan 98 nafar surxondaryolik askarlarni nomma-nom aniqlab, ularning oila a`zolariga kasaba uyushmasi hisobidan homiylik yordami ko'rsatilgani kabi qator ezgu tadbirlar tashabbuskorlik mevalaridir. Humoyiddin aka bu yillarda yangi ish joylari yaratish, mehnatkashlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni ko'ngilli dam oldirish borasida ham ko'plab ezgu ishlarni amalga oshirdi.
Humoyiddin Sharafuddinovning ko'ksini bugun davlatimiz va xalqimiz hurmatining ramzi bo'lgan qator mukofotlar, xususan, «O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan paxtakor» unvoni, «Do'stlik», «Mehnat shuhrati» ordeni kabi 10 dan ortiq nishonlar bezab turibdi.
Yaqinda Humoyiddin Sharafuddinov O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining «Ehtirom» nishoni bilan taqdirlandi.
Ayni kezlarda to'qson yoshni qarshi olayotgan Humoyiddin aka hamisha o'zini xalq xizmatiga kamarbasta hisoblaydi. El oqsoqolini hozir ham bunyodkorlik mehnati avj olayotgan ­jabhalar, ta`lim muassasalarida uchratasiz.
– Umrning mo'`jizasi ham, ma`nosi ham, hikmati ham – mehnat, – deydi Humoyiddin bobo davralardagi qizg'in suhbatlarda. – Zero, mehnat qilgan insonning qadri hamisha baland.

Norto'ra ERGAShEV

Boshqa xabarlar