Yoningizda shunday ko'makdosh bo'lsa…

21

Chiroqchi tumanidagi 1-sonli umumta`lim maktabning boshlang'ich kasaba uyushma qo'mitasi raisasi, «Shuhrat» medali sohibasi Rayhon Davronova hamisha hammaning dardini eshitib, ularga yordam berish maqsadida kuyunib yuradi. Shu boisdan, xodimlar unga suyanadi.

O'tgan yili o'qituvchi Ra`no Abdalovaning umr yo'ldoshi og'ir xastalik tufayli vafot etgan edi. Kasaba uyushma qo'mita raisasi unga moddiy yordam ajratdi. Shu maktabda farrosh bo'lib ishlaydigan yolg'iz ayol Oychuchuk Amirova qiynalib qolganini aytgandi, unga ham moddiy yordam ko'rsatildi. O'qituvchi Sevara Bekjonova sirtqi fakultetga o'qishga kirgandi. Uning shartnoma pullari ham qisman to'lab berildi. Sarvinoz Begimova va Saodat Sanaeva kasal bo'lib, shifoxonaga tushganda, ular ham e`tibordan chetda qolmadi.
O'qituvchi Dilfuza Qo'shshievaning o'g'li allergiyadan qiynalib yurardi. «Zomin» sanatoriysiga yo'llanma berilgach, Jizzax tog'larining shifobaxsh tabiati bolaning dardini aritdi…
Kasaba uyushma qo'mita raisligiga saylanganiga endigina bir yil bo'lgan bo'lsa-da, Rayhon Davronovaning faoliyatida bu kabi misollarni ko'plab keltirish mumkin.
– Ayni vaqtda O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi kengashi mutaxassislari tomonidan o'tkazilayotgan masofaviy o'qishda bilimlarimni mustahkamlab boryapman, – deydi Rayhon opa. – Mehnat muhofazasi, xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy himoyasi, madaniy-ma`rifiy va sport tadbirlari tashkil etish kabi dolzarb masalalarda darslar o'tilyapti…
Rayhon Davronova yaqinda «Eng yaxshi innovasion takliflar» tanlovida qatnashib, «Eng faol ayol» nominasiya­ida e`tirof etildi. Rayhon opa o'zi yashaydigan «O'zbekis­ton» mahalla fuqarolar yig'inida ishsiz xotin-qizlar uchun tikuv sexi, issiqxonalar tashkil etilishida jonbozlik ko'rsatdi. Natijada sakkiz nafar ayol ishli bo'ldi.
– Davlatimiz rahbarining ta`limga qaratayotgan cheksiz e`tibori g'ayratimga g'ayrat qo'shmoqda, – deydi u. – Qolaversa, Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Chiroqchi tumani kengashi raisi Abduraim Haydavolov mas`uliyatli ishimda doim ko'makchi. U kishidan ko'p narsani o'rganmoqdaman.
Harakatchan insonlar bir joyda to'xtab qolmaydi. Tinimsiz oldinga intiladi. Tashabbuskor, fidoyi, jonkuyar o'qituvchi va kasabaqo'm Rayhon Davronova ana shunday yurtdosh­larimizdan biridir.

Akmal ABDIEV,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar