Fitr sadaqasi HIKMATLARI

273

Fitr sadaqasi arab tilida «sadaqa» sababiga izofa qilinib, «Sadaqat ul-fitr» deb nomlanadi.

Ya`ni fitr (hayit) kunining tongi ushbu sadaqani vojib bo'lishiga sabab bo'ladi. Shunga ko'ra fitr kuni tong vaqtida tug'ilgan bolaga ham fitr sadaqasi vojib bo'ladi. Tongdan keyin tug'ilgan bolaga esa vojib bo'lmaydi. Tong vaqti vafot etgan kishidan fitr sadaqasi soqit bo'ladi, tongdan keyin vafot qilgan kishidan fitr sadaqasi soqit bo'lmaydi. Shuning­dek, tong vaqtida nisab miqdoridagi mulkka ega bo'lsa, unga fitr sadaqasi vojib bo'ladi. Tongdan keyin yoki tongdan oldin ega bo'lib, tong vaqtida ega bo'lmasa vojib bo'lmaydi.

Xullas, fitr sadaqasining ma`nosi fitr kunining tongi sababli vojib bo'ladigan sadaqadir.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam fitr zakoti xurmodan bir so`, arpadan bir so` miqdorida musulmonlardan qulga ham, hurga ham, erga ham, ayolga ham, kichikka ham, kattaga ham farz qildilar. Uni odamlar namozga chiqishidan oldin ado etishga amr qildilar».
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ushbu hadisi sharifda fitr sadaqasini vojib qilib, uning miqdorini tayin qildi. Fitr sadaqasi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam zamonlarida insonlar odatda taomlanadigan va ularning ko'pining uyida topiladigan xurmo va arpadan ekani bayon qilindi. O'sha vaqtlarda bug'doy juda ham kam iste`mol qilingan, deyarli bo'lmagan.
Faqihlarimiz mazkur va boshqa hadislarni jamlab fitr sadaqasi bug'doy, bug'doydan olinadigan un va talqondan va mayizdan yarim so`, xurmo yoki arpadan bir so` berish kishi boshiga vojib bo'ladi deydi. «So`» bir idish bo'lib, o'sha vaqtning o'lchov birligi bo'lgan. Bir so` Abu Hanifa va Iroq faqihlarining e`tiborida 3.800 grammga tengdir. Yoki mazkurlarning qiymatini berish joizligiga hanafiy ulamolar ittifoq qilganlar.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr zakotini ro'zador uchun behuda gap-so'z va harakatlardan poklanish va miskinlar uchun taomlanish bo'lishi uchun farz qildilar. Kim uni namozdan oldin ado qilsa, u maqbul zakot bo'ladi. Kim uni namozdan keyin ado qilsa sadaqalardan bir sadaqa bo'ladi». Abu Dovud va Doramiy rivoyat qiladi.
Ushbu hadisi sharifdan fitr sadaqasini ado qilishda sadaqaning savobini topish bilan birgalikda ikkita hikmat va foyda ko'zda tutilishi ma`lum bo'ladi.
Birinchi hikmati va foydasi fitr sadaqasi ramazon ro'zasini xato va kamchiliklardan poklaydi. Shuning uchun Vake` ibn Jarroh «Ramazon oyi­ning fitr sadaqasi xuddi namozning sahv sajdasiga o'xshaydi. Namozning vojib amali tark bo'lgan vaqtda sahv sajdasi namozni to'g'rilagandek, fitr sadaqasi ro'zaning kamchiliklarini to'g'rilaydi» – deydi. Lekin biror uzr bilan ro'za tutolmagan kishilar ham, ro'za tutish vojib bo'lmagan yosh bolalarga ham fitr sadaqasini berish vojib bo'ladi.
Ikkinchi hikmati va foydasi hayit kunida kambag'al va miskinlar, yetim va bechoralarni xursand qilish, ularning ochliklarini ketkazib, haqiqiy bayram kayfiyatini ularga berishdir. Shuning uchun ham fitr sadaqasini hayit kuni tong vaqtida berish vojib bo'ladi. Ammo, ramazonning avvalida, oldindan bersa joiz. Hayit namozidan keyinga qoldirmaslik kerak. Namozdan keyinga qolsa ham soqit bo'lmaydi.
Fitr sadaqasida mana shunday ikki ulug' hikmat va foyda bor ekan. Go'yoki fitr sadaqa bilan ro'zaning qabul bo'lishiga yo'l ochilyapti. Shuning uchun ba`zi ulug'larimiz ba`zi kishilarga shar`iy hukm e`tiboridan fitr sadaqa vojib bo'lmasa-da, lekin uni hikmat va foyda ko'p bo'lgani uchun fitr sadaqani ado qilmoq zaruriydir deydi.
Fitr sadaqasi vojib bo'lish shartlari.
1. Hur bo'lish.
2. Musulmon bo'lish.
3. Nisab miqdoridagi mulkka ega bo'lish.
Fitr sadaqasi moliyaviy ibodat bo'lgani uchun ma`lum bir miqdordagi mol-mulkka ega kishiga vojib bo'ladi. Faqir va miskinlarga vojib bo'lmaydi.
Fatovoi Qozixonda: «Fitr sadaqasini vojib bo'lishi uchun shart qilingan boylik zakot nisabiga yoki asliy hojatdan (maskanidan, kiyib yurgan kiyimidan, mebelidan, ulovidan va asbob-uskunasidan) tashqari nisab qiymatidagi molga ega bo'lmoqlik bilan bo'ladi. Fitr sadaqasining nisabida molning o'suvchi bo'lishi e`tiborga olinmaydi. Bir hovlidan boshqa hovli, kiyimning uch juftidan boshqa kiyimlari fitr sadaqasining nisabida etiborga olinadi» deyiladi.
Zakotning vojib bo'lishida esa faqat o'suvchi mollar 1. tillo, kumush va bugungi kundagi muomaladagi qog'oz pullar. 2. chorva mollari. 3. tijorat niyatidagi mollar nisabga yetgan bo'lishi e`tiborga olinadi va qirqdan bir qismi zakot bo'ladi.
Demak, zakot nisabi boshqa, fitr sadaqasining nisabi boshqadir. Zakot nisabi faqat zakot chiqariladigan o'suvchi mollardan hisob qilinadi. Fitr sadaqasining nisabi esa asliy hojatdan (ishlatilib turgan mol-mulkdan) tashqari mol-mulklar ham hisob qilinadi. Ushbu fitr sadaqasini nisabiga ega kishiga o'zining va balog'atga yetmagan faqir farzandining fitr sadaqasi vojib bo'ladi. Xotinining, balog'atga yetgan farzandining va balog'atga yetmagan boy farzandining fitr sadaqasi vojib bo'lmaydi. Lekin mazkurlarni fitr sadaqasini bersa ado topadi. Shu boylikka ega kishiga boshqalarning zakotini, sadaqasini va nazrini olmoq harom bo'ladi. qurbonlik qilish va nafaqasiz qolgan mahram qarindoshlarning nafaqasini qilish vojib bo'ladi.
Fitr sadaqasi zakot beriladigan kishilarga berish bilan ado topadi.

Jaloliddin Xolmo'minov

Boshqa xabarlar