Behuda o'tgan yillar

1,157

Prezidentimizning «Umumiy o'rta, o'rta maxsus va kasb-hunar ta`limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmoni sohada tub burilishlar davrini boshlab bermoqda. Farmon ko'pchilik yurtdoshlarimiz, ayniqsa, 9-sinf bitiruvchilari va ularning ota-onalarini o'ylantirib kelayotgan masalalarning yechimi bo'ldi.

— O'tgan yili Bag'dod tumani kasb-hunar kollejini tikuv va to'quv, trikotaj texnologiyalariga texnik xizmat ko'rsatish yo'nalishi bo'yicha tamomladim, — deydi Gulhayo Yusubjonova. — Lekin o'quv jarayonidan ko'nglim to'lmadi. ­Uyimiz va o'quv maskani orasidagi masofa uzoqligi, qish paytlari havoning sovuqligi sababli qatnashga qiynalardim. Xullas, darsga bormaslik uchun hamisha bahona topilardi. Kollejga tekshiruvchilar keladigan paytdagina guruh rahbarlarimizning iltimosi bilan darsga borardik.
Suhbatdoshimiz darslarda o'quvchilar biror marta to'liq qatnashmagani, o'qituvchilar chorasizlikdan sinfxonaga tashqaridan bolalarni olib kelganiga ham guvoh bo'lganini aytdi. Uning o'zi ham 3 yil mobaynida darsga bor-yo'g'i olti oylar chamasigina uzluksiz qatnaganini tan oldi.
— O'qishga borganim bilan deyarli dars bo'lmasdi, — deya suhbatni davom ettirdi u. — O'qituvchilarimizning yarmi bolalarni darslarga jalb qilish uchun uyma-uy yurishardi. Darsliklardan umuman foydalanmasdik. Tikuvchilikni o'rganish uchun kerak bo'ladigan texnik uskunalarimiz — tikuv, yigiruv mashinalari ham ancha eski. Taxminan o'tgan asrning 90-yillarida ishlab chiqarilgan. Bunday texnikalar hozir hech bir zamonaviy korxona yoki tikuvchilik sexida ishlatilmaydi. Ularni o'rganishdan bizga zarracha foyda yo'q. Amaliy darslar ham deyarli o'tilmasdi. Chunki tikuv mashinasi ishlagan paytlarda xomashyo, ya`ni turli mato, iplar bo'lmasdi. Ko'pincha matolarni uydagi eski-tuski kiyim va yostiqlarni buzib to'plardik. Bundan tashqari, menimcha, “tikuvchi” degan mutaxassislik diplomi olish uchun uch yil o'qish ham shart emas. Besh-olti oy biror qo'li gul chevarga shogird tushgan qizlar mendan ko'ra yaxshi tikuvchi bo'lib yetishdi. Uncha-muncha zamonaviy tikuv mashinalarini tuzata olishadi ham. Bundan tashqari, hozir tikuvchi, biser tayyorlovchi, to'quvchi, oshpaz, qandolatchi, kompyuter mutaxassisi, hatto buxgalterlarni qisqa fursatlarda tayyorlaydigan xususiy o'quv markazlari va kurslari ham ko'p. Mening esa uch yil umrim behuda ketgani qoldi. ­Diplomni ham oldim. Lekin mutaxassisligim bo'yicha hech qaerdan ish topolmadim. Chunki olgan ozginagina bilimlarim hech bir ish beruvchiga kerak emasdi. Ayni paytda ikkinchi mutaxassislik bo'yicha tibbiyot kollejida tahsil olyapman.
Yangi farmon ta`lim tizimidagi yoshlarimizga noqulaylik tug'dirayotgan kamchiliklarni bartaraf etdi. Bundan tashqari, ba`zi kasblar bo'yicha qisqa muddatli o'quvlarning tashkil qilinayotgani ularning tezlik bilan zarur mutaxassislik va kasbga ega bo'lishiga ko'maklashadi. To'g'ri-da, g'isht yoki kafel teruvchilik uchun uch yil o'qishning nima hojati bor. Farmonga asosan bu kabi kasblarni olti oy muddat ichida o'rganish va ishga joylashish imkoniyati paydo bo'ldi. O'qishni boshqa mutaxassislik bo'yicha davom ettirish niyati vujudga kelganida oliy o'quv yurtlariga o'z vaqtida hujjat topshirish mumkin. Murakkabroq kasblar bo'yicha esa hunarga o'rgatish ikki yil davom ettiriladi.
— Qurilish-transport kasb-hunar kollejini bitirganimga 4 yil bo'ldi, — ­deydi Akmal Turg'unov, — 19 yoshda institutga hujjat topshirdim. Kollejda o'qiganim tufayli bir yil vaqtimni behuda yo'qotdim. Bundan tashqari, oliy o'quv yurtida tarix yo'nalishi bo'yi­­cha o'qimoqchi bo'ldim. Kollejdagi yakuniy imtihonlar oliy o'quv yurtiga tayyorgarlikning ayni dolzarb paytiga to'g'ri keldi. Shu sabab bo'ldimi, omadim kelmadimi, xullasi institutga kira olmadim. Keyingi yili harbiy xizmatga ketdim. Kollej diplomi, harbiy guvohnoma bilan biror ish topilishiga umid qilgandim. Ammo ikki yildan buyon ishsizman. Bir-ikki marta Rossiyaga borib ishlab keldim. Kollejda 3 yil umrimni ketkazib erishganim haydovchilik guvohnomasi, xolos. O'quv dargohimiz bolalarni darsga jalb qilish uchun bitiruvchilarga haydovchilik guvohnomasi berishni yo'lga qo'ygandi. Chunki bu yerda tayyorlanayotgan mutaxassisliklar bo'yicha hech kim ta`lim olishni istamasdi. Faqatgina haydovchilik guvohnomasini bepul olish uchun darsga kelardik. Endi o'ylab ko'rsam, birgina shunga uch yil umrimni o'tkazish g'irt ahmoqlik bo'lgan ekan. Uch oy haydovchilik kursida o'qib ham guvohnomani olgan bo'lardim. Ammo bizning boshqa choramiz yo'q edi. 9-sinf­­ni bitirgach, qaerdadir ta`limni davom ettirishimiz kerak edi-da.
Prezident farmoni bilan nihoyat bu kabi holatlarga chek qo'yildi. 11 yillik ta`lim to'liq tiklandi. Hali oq va qorani ajrata olmaydigan yoshgina bolalar aqlini tanib olishi, rostmana voyaga yetib xatti-harakatlariga javob beradigan bo'lgunicha bemalol o'z shahri, qishlog'ida ota-onasi, qadrdon ustozlari nazoratida tarbiyalanadilar.

Shohsanam MIRZAOLIMOVA,
jurnalist

Boshqa xabarlar