“MA’RIFAT”DA TEST SAVOLLARI CHOP ETILISHI NEGA TO‘XTAB QOLDI?

259

 

Davlat test markazi izoh berdi

 

Oxirgi ikki yilda O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar, jumladan, davlat tashkilotlari faoliyatining ochiq-oshkoraligi va shaffofligini ta’minlash borasidagi yangiliklar yurtdoshlarimizni, umuman, keng jamoatchilikni mamnun etmoqda.

Ayniqsa, axborot olish sohasidagi erkinliklar tufayli ommaviy axborot vositalari mazmuni tubdan yaxshilandi. Eng asosiysi, bir mahallar qo‘l yetmas yulduzdek ko‘ringan rasmiy idora va muassasalar ancha xalqchil qiyofaga kirdi. Jumladan, uzoq yillar yopiq sanalgan Davlat test markazi ham turli bri­fing va anjumanlarda aholini o‘ylantirayotgan qaltis savol va murojaatlarga dadil javob berib, faoliyati ochiqlik va shaffoflikka asoslanishini amalda ko‘rsatishga intildi.

DTM rahbariyatining mana shu shijoati, dadilligidan umidlanib, abituriyentlarning OTM imtihonlariga maqsadli tayyorgarlik ko‘rishiga ko‘maklashish maqsadida gazetamizda 2019-2020-o‘quv yili uchun test sinovlarida tushadigan savollarni e’lon qilishni rejalashtirgandik. Tashabbusimiz DTM rahbariyati tomonidan ijobiy qabul qilindi. Ilk muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu haqida gazeta va saytimizda, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda e’lon berdik. Saytimizdan iqtibos olgan holda bu xabarni boshqa OAVlar ham tarqatdi. Xususan, DTM markazining saytida “Ma’rifat” gazetasida test savollarining chop etilishi nashrning mediabozorda o‘z o‘rnini topish borasidagi yaxshi loyiha sifatida e’tirof etildi.

DTM tomonidan hamkorlik debochasi sifatida 14 ta fandan 10 tadan yangicha mezonlar asosida tuzilib, aprobatsiyadan o‘tkazilgan namunaviy test savollari va tavsiyasi tahririyatga taqdim etildi. Muzokaraning ikkinchi bosqichida hamkorlik davom etishi, bu gal test topshiriqlari blok tarzida ko‘proq berilishi, faqat ayni paytda uch bosqichli aprobatsiyadan o‘tkazilayotgani, jarayon may oyi oxirigacha davom etishi mumkinligi ta’kidlandi.

Va’da — qasamdan ulug‘, deydi xalqimiz. Lafzimizga ishonib ko‘plab abituriyentlar, ota-onalar, repetitor o‘qituvchilar gazetamizga obuna bo‘lganidan ham xabarimiz bor. Shu bois DTM bilan muntazam bog‘lanib, test savollari borasidagi hamkorlik haqida eslatib turdik. Biroq may tugab, iyunning yarmi o‘tdi hamki, kutilgan natija bo‘lmadi. Oxiri, DTMga rasmiy izoh so‘rab murojaat qilishga majbur bo‘ldik. Gapni cho‘zib nima qildik, yaxshisi, o‘zingiz o‘qib, xulosa qiling.

“Ma’rifat” gazetasi va Davlat test markazining og‘zaki kelishuviga ko‘ra, 2019/2020-o‘quv yilida shakllantirilgan test topshiriqlaridan namunalar berish yo‘lga qo‘yilgan hamda namunalar ikki marotaba taqdim etilgan edi. Biroq yangi tuzilgan test topshiriqlarini belgilangan tartibda ekspertiza va aprobatsiyadan o‘tkazish ishlari davomli vaqt talab etganligi bois, test topshiriqlari bazasi yopiq va maxfiy rejimga o‘tganligi hamda ayni kunlarda oliy ta’lim muassasalariga qabul bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlari uchun test topshiriqlari kitoblari variantlari shakllantirilayotganligi munosabati bilan savollarni taqdim etish imkoniyati mavjud emasligini ma’lum qilamiz.

Alohida qayd etamizki, keyingi o‘quv yilidan boshlab, mavjud va yangi shakllantirilgan test topshiriqlari “Ma’rifat” gazetasi tahririyatiga o‘z vaqtida taqdim etib boriladi”.

Xalqimiz kechirimli, bag‘rikeng, kezi kelsa, uncha-muncha yanglishish-u xatoliklarga ko‘z yumib qo‘ya qoladi. Biroq kechiradi, unutadi, deb, yurtdosh­larimizning ishonchini suiiste’mol qilish nechog‘lik to‘g‘ri? DTM mutasaddilari jarayon shu taxlit yakun topishini bilarmidi? Bilsa, nega hamkorlikka rozi bo‘ldi, oxirigacha ochiqlik prinsiplariga sodiq qolish istagidan voz kechmadi? Nega o‘z vaqtida “Kechirasizlar, og‘ay­nilar, biz haliyam avvalgidek ishlayapmiz, test savollari ilgari ham OAVda e’lon qilinmagan, bundan keyin ham maxfiyligicha qoladi”, deyilmadi?..

Tahririyat

 Manba: “M a’rifat” gazetasi

Boshqa xabarlar