Qorako'lchilik tarmog'ini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida

131

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Mamlakatimizda qorako'lchilik tarmog'ida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, naslchilik ishlarini takomillashtirish orqali sifatli qorako'l teri yetishtirish, cho'l ozuqabop ekinlar urug'chiligi maydonlarini tashkil etish va yaylovlar hosildorligini oshirish hamda qorako'lchilik sub`ektlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida so'nggi yillarda bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birgalikda, bugungi kunda sohada mavjud ichki imkoniyatlardan to'liq foydalanilmayapti.

Xususan, naslchilik ishlarini yanada takomillashtirish, cho'l yaylov ozuqabop o'simliklar urug'chiligi maydonlarini kengaytirish, sohada eksportbop qorako'l va qorako'lcha teri yetishtirish, mahsulotlarni chuqur qayta ishlash va xom ashyolardan tibbiyot maqsadlari uchun foydalanish ahvoli bugungi kun talabiga javob bermaydi.

Respublikada qorako'l zotli qo'ylar bosh soni va qorako'lchilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini yanada oshirish, naslchilik ishlarini ilmiy asosda takomillashtirish, qorako'lchilik mahsulotlarini, xom ashyolarini chuqur qayta ishlash va tibbiyot maqsadlari uchun keng foydalanish hamda soha xodimlarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

2019-2021 yillarda qorako'l zotli qo'ylar bosh soni, jun va qorako'l teri ishlab chiqarishni ko'paytirishning prognoz parametrlari 1, 1a, 1b-ilovalarga muvofiq;

qorako'lchilik mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etuvchi korxonalar ro'yxati 2-ilovaga muvofiq;qorako'lchilik sohasida eksportbop qorako'lcha teri etishtirish va tibbiyot uchun noyob dorivor vositalar ishlab chiqarishda foydalaniladigan qorako'lchilik xom ashyosi etkazib berish korxonalari ro'yxati 3-ilovaga muvofiq;

yaylovlar hosildorligini oshirish maqsadida cho'l yaylov o'simliklari urug'chiligi maydonlarini kengaytirish parametrlari 4-ilovaga muvofiq;

naslchilik qorako'lchilik xo'jaliklariga kuchli ozuqalar yetishtirish maqsadida talab etiladigan sug'oriladigan yer maydonlarini ajratish parametrlari 5-ilovaga muvofiq;

o'rmon xo'jaligi tashkilotlariga qarashli uzoq cho'l hududlaridagi naslchilik qorako'lchilik xo'jaliklarining suv chiqarish inshootlari joylashgan naslchilikqorako'lchilik xo'jaliklariga ajratiladigan yaylov yer maydonlari 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari bir oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Respublika “Qorako'lchilik” uyushmasi, “Xalq banki” ATB bilan birgalikda mazkur qarorga muvofiq belgilangan prognoz parametrlar ijrosini ta`minlash yuzasidan tumanlar va qorako'lchilik sub`ektlari kesimida manzilli chora-tadbirlarni tasdiqlasin hamda ularning samarali va to'liq ijrosi yuzasidan tizimli monitoring o'rnatsin.3. O'zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo'mitasi O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi, Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorga 6-ilovada nazarda tutilgan o'rmon bilan qoplanmagan yaylov yer maydonlarini xatlovdan o'tkazib, ularning o'rmon xo'jaligi tashkilotlaridan naslchilik qorako'lchilik xo'jaliklariga ajratib berilishinita`minlasin.

4. O'zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Respublika “Qorako'lchilik” uyushmasi, Navoiy va Qashqadaryo viloyati hokimliklarining Navoiy viloyatida qorako'l zotli qo'ylarning sur rangi bo'yicha, Qashqadaryo viloyatida qora va ko'k rangi bo'yicha yuqori elita sinfli nasldor qorako'l qo'ylar yetishtirishga ixtisoslashtirilgan Ilmiy-naslchilik tajriba stansiyalarinitashkil etish to'g'risidagi taklifi ma`qullansin.

Quyidagilar Ilmiy-naslchilik tajriba stansiyalarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

yuqori nasldor elita sinfiga mansub sur, qora va ko'k rangli qorako'l zotli qo'ylar otarlarini ilmiy asosda tashkil etish;

otarlarda naslchilik va sun`iy urug'lantirish ishlarini tizimli tashkil etish, bunda ranglar bo'yicha qimmatli eksportbop yarim doira qalamgul, qovurg'asimon va yassi gul tipidagi qorako'l qo'ylar seleksiyasiga alohida e`tibor qaratish;

serpusht qorako'l qo'ylarni o'zaro juftlash orqali jahon mo'yna bozorlari talabidan kelib chiqib, qorako'l terining raqobatbardosh turlarini yaratish;

etishtirilgan yuqori mahsuldor qorako'l qo'y va qo'chqorlarni aholi xonadonlariga, dehqon hamda fermer xo'jaliklariga tizimli ravishda yetkazib berishni yo'lga qo'yish.

Ushbu stansiyalarni tashkil etish bilan bog'liq xarajatlar mahalliy davlat hokimiyati organlarining byudjetdan tashqari mablag'lari hisobiga amalga oshiriladi.

5. Belgilansinki, 2019-2023 yillarda qorako'lchilik xo'jaliklariga yetishtirib eksportga sotilgan har bir dona qorako'l terisi uchun O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan 50 ming so'mdan va har bir dona qorako'lcha terisi uchun 75 ming so'mdansubsidiyalar ajratiladi.

O'zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Respublika “Qorako'lchilik” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda qorako'lchilik sub`ektlariga subsidiya berish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlasin.

6. Respublikada qorako'lchilik sohasida naslchilik seleksiya ishlarini takomillashtirish, jahon bozori talablariga mos bo'lgan raqobatbardosh qorako'l terisi ishlab chiqarish va uni qayta ishlashni moliyaviy jihatdan qo'llab-quvvatlash maqsadida Respublika “Qorako'lchilik” uyushmasi huzurida Qorako'lchilikni rivojlantirish jamg'armasi (keyingi o'rinlarda – Jamg'arma) tashkil etilsin.

Quyidagilar Jamg'arma mablag'larini shakllantirishning manbalari etib belgilansin:

O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan foiz to'lovlarisiz qaytarish sharti bilan 7 yil muddatga 2019-2020 yillarda ajratiladigan 50 milliard so'm;

Respublika “Qorako'lchilik” uyushmasiga a`zo tashkilotlarning hamda boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy ajratmalari;

xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari va kreditlari;

Jamg'armaning vaqtincha bo'sh turgan mablag'larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

7. Belgilansinki, Jamg'arma mablag'lari quyidagi maqsadlarga ishlatiladi:

naslchilik-seleksiya ishlarini ilmiy asosda tashkil etish va uni takomillashtirish;

qorako'lchilik sohasida eksportbop qorako'l va qorako'lcha teri yetishtirish;

qorako'lchilik mahsulotlarini chuqur qayta ishlovchi korxonalarni tashkil etish;

sohada resurs tejamkor uskunalar sotib olish va ozuqa sexlari (granulyator)ni tashkil etish hamda qorako'lchilik sub`ektlari tomonidan qishloq xo'jaligi texnikalari va agregatlarini sotib olishni moliyalashtirish;

uzoq cho'l hududlarida suv chiqarish inshootlarini barpo etish hamda mavjudlarini ta`mirlash va modernizasiya qilish;

sohaga yangi zamonaviy texnologiyalar, innovasion g'oyalar va ishlanmalarni olib kelish hamda joriy etish;

mutaxassislarning xalqaro ko'rgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishi, sohadagi kadrlar malakasini oshirish, shu jumladan, yosh mutaxassislarning xorijda o'qishi, stajirovka o'tashi, xorijiy mutaxassis va maslahatchilarni jalb qilish bilan bog'liq xarajatlarni qoplash;

Respublika “Qorako'lchilik” uyushmasining moddiytexnika bazasini mustahkamlash hamda ishchi xodimlarni moddiy va ijtimoiy rag'batlantirish;

Respublika “Qorako'lchilik” uyushmasiga yuklatilgan boshqa vazifalar ijrosini ta`minlash.

8. Respublika “Qorako'lchilik” uyushmasining Jamg'armaga O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag'ning 70 foizini “Xalq banki” ATB orqali qorako'lchilik sub`ektlariga 3 yil muddatga yillik 5 foizlik, shu jumladan, 1,5 foizi bank marjasi, kredit sifatida ajratish haqidagi taklifi ma`lumot uchun qabul qilinsin.

9. O'zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Respublika “Qorako'lchilik” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda Jamg'arma mablag'laridan foydalanish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlasin.10. O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Innovasion rivojlanish vazirligi Respublika “Qorako'lchilik” uyushmasi bilan birgalikda qorako'lchilik xom ashyolari asosida yaratiladigan noyob dori vositalari – immunitetni tiklovchi“Timoptin in`eksiyasi” va kamqonlikda qo'llaniladigan “Eritim”preparatlarini ishlab chiqarishni 10 baravargacha oshirishchoralarini ko'rsin va ushbu maqsad uchun talab etiladigan mablag'lar ajratilishini ta`minlasin.

11. O'zbekiston Fanlar Akademiyasi va Sog'liqni saqlash vazirligi qorako'lchilik xom ashyolari asosida yaratiladiganKardin va Aflan dori vositalarining klinik sinovlarini olib borish va ishlab chiqarishni tashkillashtirsin.

O'zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi ushbu ishlanmalarni grant mablag'lari bilan ta`minlasin.

12. Belgilab qo'yilsinki, 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab Respublika “Qorako'lchilik” uyushmasi qorako'lchilik sub`ektlarida qorako'l zotli qo'ylarning:

bosh soni, genofondini saqlash va takomillashtirish, naslchilik-seleksiya ishlari, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati yuzasidan davriy monitoring hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;

genofondini saqlash, boshqa zotli qo'ylar bilan chatishtirmaslik hamda biriktirilgan yer (yaylov) maydonlaridan maqsadli va samarali foydalanish to'g'risida zarur tavsiyalar beradi.

13. Naslchilik qorako'lchilik xo'jaliklariga qarashli yaylovlarni tuman hokimligi zaxirasiga olish, shuningdek, boshqa yo'nalishdagi fermer xo'jaliklariga va qishloq xo'jaligi korxonalariga berish Respublika “Qorako'lchilik” uyushmasining roziligi bilan amalga oshirilishi belgilab qo'yilsin.

14. O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasining Qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat ta`minoti ilmiy-ishlab chiqarish markaziga qarashli Buxoro cho'l yaylov ozuqabop o'simliklar urug'chiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazini (keyingi o'rinda – Markaz) “O'zbekchorvanasl” agentligi tarkibiga o'tkazish to'g'risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Markaz o'z faoliyatini bevosita Respublika “Qorako'lchilik” uyushmasi bilan hamkorlikda amalga oshirsin.15. O'zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligihamda Samarqand viloyati hokimligining:

Samarqand shahri, Xishrav qo'rg'oni, Samarqand ko'chasi, 1-uyda joylashgan Samarqand qishloq xo'jalik kasb-hunar kollejining ma`muriy binosini tegishli hududlari bilan birgalikda Qorako'lchilik va cho'l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutiga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish;

Samarqand shahri, Mirzo Ulug'bek ko'chasi, 47-uyda joylashgan Qorako'lchilik va cho'l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutining bino va inshootlarini tegishli hududlari bilan birga Samarqand viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasiga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish;

Samarqand viloyati Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi hamda Samarqand viloyati “Chorvanasl” markazini Samarqand shahri, Mirzo Ulug'bek ko'chasi, 47-uy manzilida joylashtirish to'g'risidagi takliflariga rozilik berilsin.

O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi hamda Samarqand viloyati hokimligi mazkur bandda ko'rsatilgan bino va inshootlarning belgilangan tartibda qabul qilinishi va topshirilishini ta`minlasin.

16. O'zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi fundamental, ilmiy-amaliy hamda innovasion tadqiqotlar davlat ilmiy-texnik dasturlari va ilmiy mavzularni shakllantirishda veterinariya, qorako'lchilik va chorvachilik sohasida yuqori sifatli veterinariya vositalari, naslchilik ishlarini yuritishning hamda yuqori hosildor ozuqa ekinlarining yangi navlarini yaratish va urug'chiligini yo'lga qo'yishning zamonaviy usul va texnologiyalari ishlab chiqilishini nazarda tutuvchi ilmiy loyihalar kiritilishini ta`minlasin.

17. O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O'zbekiston Milliy axborot agentligi Respublika “Qorako'lchilik” uyushmasi bilan birgalikda qorako'lchilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borsin.

18. O'zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O'zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                                   Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri,

2019 yil 16 avgust


O'zA

Boshqa xabarlar