Ishli ayolning oilasida baraka bor

260
Foto: Sof.uz

O'tgan yili huzurimga bir ayol keldi. Oliy o'quv yurtini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Uch yil umumta`lim maktabida matematikadan dars bergan. Ammo turmushga chiqqanidan buyon uy bekasi ekan. Ayol ishlashni juda-juda istashini, biroq turmush o'rtog'i ruxsat bermayotganini aytib, maslahat so'radi. Kelinchakning oilasiga bordim. Kuyov bo'lmish haydovchi ekan. Pensiya yoshiga yetmagan qaynota va qaynona hech qaerda ishlamaydi. Oiladagilar bilan uzoq suhbatlashishga to'g'ri keldi. Oxir-oqibat, yosh muallima o'z kasbini davom ettiradigan bo'ldi. Yaqinda muallimaning turmush o'rtog'i meni yo'qlab keldi.

– Ayolimning ishga joylashishi oilamiz uchun har tomonlama foydali bo'ldi, – deydi u. – Ilgari tez-tez janjallashib turardik. Hozir hammasi boshqacha, xursandmiz. Yanada quvonarlisi, yaqinda imtiyozli kredit asosida uy olish imkoniga ega bo'ldik.
Darhaqiqat, bozor iqtisodiyoti sharoitida ayollar bandligini ta`minlashning ahamiyati katta. Bugun ushbu masala davlat siyosati darajasiga ko'tarilgani bejiz emas. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning biri ham aynan ayollar bandligini ta`minlashga qaratilgan.
Hozirgi paytda Xorazm viloyatida ish bilan band bo'lgan 19257 nafar ishchi-xodimning 10591 nafarini ayollar tashkil etadi. Demak, viloyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojida xotin-qizlarning hissasi salmoqli. Ayollarga yanada ko'proq imkoniyat berish, ularning o'zini namoyon qilishi uchun shart-sharoitlarni kengaytirish orqali jamiyat faqat naf ko'radi. Joriy yilning o'tgan davri mobaynida viloyatda 4862 ta yangi ish o'rni yaratildi. Agar bandlikka ko'mak­lashish markazlariga 22438 nafar xotin-qiz ishsiz sifatida murojaat qilganini inobatga olsak, bu raqam unchalik katta emas.
Bandlik masalasini hal qilish maqsadida 45 marotaba bo'sh ish o'rinlari yarmarkasi tashkil qilingan. Ularda 3495 nafar ayol ishtirok etib, ularning 480 nafari bandlik maqomiga erishishga muvaffaq bo'lgan. 222 nafar ayol kasb o'rganishga o'qitilgan bo'lsa, 509 nafari esa jamoat ishlariga jalb qilingan.
Davlatimiz rahbarining besh tashabbusi doirasida qisqa fursatda Yangibozor, Shovot va Xiva tumanlarida 3 ta korxona ish boshlab, 330 nafar ayolning bandligi ta`minlangan edi. Yaqinda ularning safi yana ko'paydi. Qo'shko'pir tumanida tashkil qilingan korxonada 55 nafar ayol ish boshlagan bo'lsa, yana 30 nafar qiz kasb o'rganishga jalb qilindi. Yil oxirigacha yana 250 nafar ayolning band­ligi ta`minlanadi. Ayollarning ko'pchiligi aynan tikuvchilik yo'nalishida ish bilan ta`minlangani bejiz emas. Birinchidan, bu o'rganish oson bo'lgan hunar. Ikkinchidan, bugun mamlakatimizda to'qimachilik sanoati jadal sur`atda rivojlanmoqda.
E`tirof etish joizki, keyingi yillarda bir martalik byuro faoliyati yo'lga qo'yilgani ham ayollar band­ligini ta`minlash, ular mehnatiga qonuniy tus berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda Xorazm viloyatida 273 nafar ayol aynan mazkur byuro orqali ish boshladi.
Ayollar bandligi haqida gap ketar ekan, jazoni o'tash muassasalaridan qaytgan opa-singillarimizning jamiyatda o'z o'rnini topishiga ham jiddiy e`tibor qaratilayotganini ta`kid­lash joiz. O'tgan davrda jazoni o'tab qaytgan 16 nafar ayolning 7 nafari ish bilan ta`minlangan. Kasaba uyushmalari tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda barcha ayollarning band­ligini ta`minlash choralarini ko'rmoqda.
Tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, ishlashga ehtiyoji bor ayollarning yarmi ham o'z istagiga erishmagan. Demak, hali bu borada amalga oshirilishi lozim bo'lgan ishlar ko'p. Kasb-hunar kollejlarini tamomlaganlar, uch yoshgacha yoki nogironligi bo'lgan farzand tarbiyalayotganlar, chekka qishloqlarda yashovchilar, shuningdek, 50 yoshdan oshgan ayollar ish topishda qiyinchilikka duch kelmoqda. Maktabgacha ta`lim muassasalarining kamligi, maktablarda darsdan so'ng to'garak mashg'ulotlari yo'lga qo'yilmagani, ish taklif qilinayotgan korxonalarda ish haqining pastligi tufayli qatnab ishlash o'zini oqlamasligi, hududlarda ayollar uchun ish o'rinlari ozligi kabi qator omillar ayollar bandligini ta`minlashga to'g'anoq bo'lmoqda.
Taraqqiyot sababli yangi kasblar yuzaga kelmoqda. Buning uchun qizlarga kelajakda jamiyatda o'z o'rnini topishi, chiroyli turmush kechirishi uchun puxta bilim olishi zarurligini uqtirish va kerakli shart-sharoitlarni yanada kengaytirish lozim. Bu esa ota-onadan ham e`tibor, mas`uliyat talab qiladi. Qizi og'ir ijtimoiy ­sharoitga tushib qolmasligini istamagan har bir ota-ona uning bilimli bo'lib voyaga yetishiga ko'maklashishi kerak bo'ladi.
Ayolning munosib sharoitda ishlashi, ish haqini vaqtida olishi, ijtimoiy himoyasining ta`minlanishi ham dolzarb masalalardan hisoblanadi. Kasaba uyushmasi faollari barcha tizimlardagi korxona va tashkilotlarda ish beruvchilar tomonidan eng kam ish haqi standartlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik monitoringini amalga oshirmoqda. Aniqlangan kamchilik­lar tegishli tartibda bartaraf etilmoqda.
Xorazm viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi xotin-qizlar komissiyasi mulkchilik shaklidan qat`i nazar, barcha korxona, tashkilot va muassasalarda imzolanayotgan jamoa shartnomalariga xotin-qizlar uchun xavfsiz mehnat, dam olish ­sharoitlari yaratib berilishi, mehnatga munosib haq to'lanishi, qo'shimcha imtiyozlar berilishi kabi masalalarning kiritilishi va ularning ijrosi bo'yicha jamoatchilik nazoratini keng miqyosda amalga oshirmoqda.
Shu yilning 9 oyi davomida viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi yuridik bo'limi 141 ta ariza va shikoyatni ko'rib chiqqan. Shundan 104 ta ariza ayollar tomonidan yo'llangan. Barcha murojaatlar qonun talablari asosida o'rganilib, hal etilgan.
Xotin-qizlar bandligini ta`minlash va ijtimoiy himoyasini kuchaytirishda hal qilinishi lozim bo'lgan ayrim masalalar ham borki, ularga to'xtalmaslikning iloji yo'q. Xususan, hali ham xususiy sektorda mehnat shartnomasi tuzmasdan ishga olish, ish haqini «konvert usulida» to'lash holatlari uchrab turibdi. Rasmiy sektorda ishlayotgan ayollarning barchasi ham mehnat qonunchiligida ko'zda tutilgan imtiyozlardan to'liq foydalanayotgani yo'q. Ayrim ish beruvchilar, «men tadbirkorman, ishimga hech kimning aralashishga haqi yo'q», deya mehnat qonunchiligi talablarini qo'pol ravishda buzib kelmoqda. Ularda ishlayotgan ayollar ishsiz qolishdan qo'rqib, ish beruvchining talablariga so'zsiz bo'ysunishadi. Xususiy sektorda 8 soatdan ko'p ishlayotganlar bor. Ayrim korxonalarda ayollar uchun maishiy sharoit yaratilmagan, mehnat muhofazasiga yetarlicha e`tibor berilmagan. Nodavlat sektordagi aksariyat ish beruvchilar korxonada kasaba uyushmasi yoki bosh­­qa jamoat birlashmalari tashkil qilinishiga qat`iyan qarshilik ko'rsatmoqda. Oqibatda esa kasaba uyushmalari xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ifodalash imkoniga ega bo'lolmayapti. Aslida, xodimni har taraflama qo'llab-quvvatlagan tadbirkorning biznesi yanada rivoj­lanadi. Afsuski, buni ayrimlar ang­lab yetmayapti.

Xulosa o'rnida aytish mumkinki, muzokaralar tufayli ko'pgina muammolar yechim topmoqda. Biroq hali qilishimiz kerak bo'lgan ishlar ko'p. Zero, maqsadimiz ayollarning bandligini ta`minlash, munosib sharoitlarda ishlab, mehnatiga yarasha rag'bat olishini kafolatlashdir.

Muyassar RAHIMOVA,
Xorazm viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi
xotin-qizlar bilan ishlash komissiyasi raisasi

Boshqa xabarlar