Olti oyda ham olinmagan SERTIFIKAT

867

yoxud hujjatlar Toshkentdan Xorazmga qachon yetib keladi?

Ko'pchilik biladi, o'qituvchilar malaka toifasiga ega bo'lish uchun attestasiyadan o'tishadi. Unda qaysi toifani qo'lga kiritsa, shunga yarasha ustamaga ega bo'lishadi.

Shu yilning 20-21 may kunlari Urganch shahar xalq ta`limi bo'limiga qarashli maktablarda mehnat qilayotgan 312 nafar o'qituvchi ham malaka toifasi olish uchun attestasiyadan o'tkazilgan edi. Ular malaka toifasiga ega bo'lgani haqida attestasiya komissiyasi qarori asosida Urganch shahar xalq ta`limi bo'limining 2019 yil 21 maydagi 68/ 1 sonli buyrug'i imzolangan va maktab­larga yetkazilgan. Ammo oradan olti oy o'tganiga qaramay ushbu buyruq ijrosi ta`minlanmasdan kelinmoqda.
Bundan norozi bo'lgan o'qituvchilar Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Urganch shahar kengashiga masalani hal qilishda amaliy yordam so'rab murojaat qilishdi.

Biz ushbu murojaatlar asosida shahar xalq ta`limi bo'limi mutasaddilari bilan bir necha bor muzokara olib bordik. Mutasaddilar o'qituvchilarning malaka toifalari olgani haqidagi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta`lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan sertifikatlar hali taqdim qilinmagani tufayli malaka toifalari uchun ustamalar to'lanmayotganini bildirishdi.
Ma`lumki, maktabgacha, umumiy o'rta, o'rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta`lim muassasalari pedagog ­kadrlarini attestasiyadan o'tkazish Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 maydagi 392-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan amalga oshiriladi. Mazkur nizomning 29-bandida «oliy, birinchi va ikkinchi malaka toifali pedagog kadrlarga sertifikatlar olish uchun Davlat inspeksiyasiga buyurtmanoma berish hamda attestasiyadan so'ng bir oy muddatda pedagog ­kadrlarni sertifikatlar bilan ta`minlash» vazifasi yuklatilgan. Ushbu nizom talab­lari qo'pol ravishda buzilishining sabablari nimada?
Ushbu muammo faqat Urganch shahriga xos emas, shekilli. Sababi, shu yil 25 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda sertifikatlar kechikishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi axboroti e`lon qilindi. Unda ayrim hududiy xalq ta`limi bosh­qarmalari attestasiya komissiyalari tomonidan sertifikatlarga buyurtmalar taqdim etilmagani sababli sertifikat o'z muddatida tarqatilmasdan qolayotgani ko'rsatilgan. Shu ham bahonami? Ali Valiga, Vali Aliga ayb to'nkashi muammoning yechimi emas-ku?!
Qolaversa, shu kuni xalq ta`limi vazirligining uzedu kanalida o'qituvchilarning malaka toifa sertifikatlariga oid ma`lumot berildi. Unda «…tegishli attestasiya komissiyalari tomonidan talabgorga nisbatan qabul qilingan qaror asosida xalq ta`limi boshqaruv idoralari va maktab direktorlari tomonidan malaka toifasini berish yuzasidan buyruq qabul qilinadi. Mazkur buyruq qabul qilgan kundan boshlab, talabgor ega bo'lgan malaka toifasiga muvofiq oylik maosh to'lanib boriladi. Ya`ni attestasiya komissiyasi tomonidan tegishli malaka toifasi sertifikati berilgan kun emas, balki malaka toifasini berish to'g'risidagi buyruq muhim rol o'ynaydi» deb ko'rsatilgan.
Biz Xorazm viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi yuridik bo'limi mutaxassislari bilan maslahatlashganimizda ham buyruq muhim ahamiyat kasb etishini bildirishdi.
Ammo ayrim mutasaddilar, negadir, buni tan olishni istashmayapti. «Sertifikatlar yetib kelishi bilan toifalar orasidagi farqlarni to'lab beramiz» deyishdan nariga o'tishmayapti.
Shu yilning 15 oktyabriga qadar 62 nafar o'qituvchining sertifikati yetib kelgan. Ikkinchi toifa olgan 250 nafar o'qituvchining sertifikati haligacha yo'q.
O'qituvchilar toifalar uchun ustamalarni o'z vaqtida olganida, bu mab­lag'ni qish uchun oziq-ovqat jamg'arish, talaba farzandlarining kontrakt to'lovlarini to'lash yoki boshqa maqsadlarga sarflashi mumkin edi. Yana bir jihati, attestasiyagacha oliy toifa uchun ustama olib kelgan, attestasiyadan muvaffaqiyatli o'tgan oliy toifali o'qituvchilar ham shu sertifikat mojarosi tufayli mutaxassis toifasida ish haqi olmoqda. O'tgan davrdagi inf­lyasiya darajasini, bozordagi narx-navolar o'zgarganini inobatga olsak, bu o'qituvchilar uchun har tomonlama zararli bo'lganini anglash qiyin emas. Bir vaqtning o'zida 312 nafar o'qituvchiga o'tgan olti oy uchun oylik maosh farqlarini to'lash byudjet mablag'larining sarflanishida ham muammolar keltirib chiqarmaydimi? ­Respublikamizning boshqa hududlarida ham bu masalada muammolar borligini inobatga olsak, raqamlar yanada zalvorli bo'lishi aniq.
Bugun axborot asrida yashayapmiz, deb takrorlashni yaxshi ko'ramiz. Nahotki, shunday davrda xalq ta`limi tizimida elektron tarzda sertifikat berishni yo'lga qo'yishning iloji yo'q?
Shu yilning 1 iyul sanasida Andijon viloyatining Xonobod shahridan Qoraqalpog'istonning Mo'ynoq tumaniga (2200 km. masofa) piyoda yo'lga chiqqan Sohib Rajabov Xorazmga 10 oktyabrda yetib kelgan edi. Garchi, noo'rinroq o'xshatish bo'lsa-da, shu ­davrda sertifikatlar yayov olib chiqilganda ham Toshkentdan Xorazmgacha yetib kelgan bo'lar edi.
Ishqilib, mutasaddilar sansolarlikni tezroq bas qilib, masalaga tezroq ijobiy yechim topishsin. O'qituvchilarimiz halol mehnati va bilimi evaziga qo'lga kiritgan toifalari huzurini ko'rib, Yangi yilni xush kayfiyatda, to'kin dasturxon atrofida kutib olishini istaymiz.

Safargul BERDIEVA,
Ta`lim, fan va madaniyat
xodimlari kasaba uyushmasi
Urganch shahar kengashi raisi

Boshqa xabarlar