PROKURATURA VA JURNALISTLAR O'RTASIDAGI “KO'RINMAS DEVOR” OLIB TAShLANDI…MI?

482

Andijon viloyati prokuraturasi joriy yilning 10 oyi davomidagi faoliyati yuzasidan matbuot anjumani o'tkazdi. Garchi jurnalistlar mezbonlarga nisbatan ozchilikni tashkil qilgan bo'lsa-da, tadbir anchayin bahs-munozaraga boy kechdi. Sababiki, keyingi yillarda prokuratura hamda OAV vakillari o'rtasida yuzma-yuz muloqotlar deyarli o'tkazilmaganligi bois jurnalistlarda ham savollar to'planib qolgandi.

Viloyat prokurori o'rinbosari Baxtiyor Xudoyberdiev tadbirni o'tkazishdan ko'zlangan muddao xususida qisqacha fikr bildirib, o'zaro hamkorlikni izchil yo'lga qo'yishga tayyor ekanliklarini bayon etdi.

O'z navbatida prokuror katta yordamchisi Rustamjon Abdullaev qonun ustuvorligi, fuqarolarning haq-huquq va erkinliklarini himoya qilish yo'lida olib borilayotgan amaliy ishlar xususida ma`ruza qildi.

Qayd etilganidek, qonunchilik ijrosi yuzasidan o'tkazilgan tekshirishlarda 4 ming 172 ta prokuror nazorati hujjatlari qo'llanilgan. Ayni harakatlar sabab 665 million 528 ming so'mga teng miqdordagi zararlar ixtiyoriy ravishda undirilgan bo'lsa, 1 milliard 190 million so'mdan ortiqroq ziyonni joy-joyiga qo'yish maqsadida sudlarga 284 ta da`vo arizasi kiritilgan.

Jamoatchilikka yaxshi ma`lum, bugun davlat idoralarida malakali huquqshunoslarga bo'lgan ehtiyoj yuqori. Shundanmi, hokimliklar, turli idoralar rahbarlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar, tegishli hujjatlar har doim ham qonunchilik talabiga mos kelavermaydi. Hisobot davrida qonunga zid bo'lgan hujjatlarni o'zgartirish va bekor qilish yuzasidan 1 ming 11 ta protest keltirilib, barchasi qanoatlantirildi.

Hududlarda turli muammolarni hal qilish yuzasidan to'rt sektor amaliyotining joriy etilishi prokurorlar zimmasiga-da katta mas`uliyat yuklaganligi bor gap. Yilning ayni davriga qadar viloyat prokurori bosh bo'lgan sektorda 125 mingdan ziyod xonadonlarda yashovchi fuqarolar bilan suhbatlar asnosi salkam 17 mingga yaqin oilalarda turli hayotiy muammolar o'rtaga qo'yilgan. Ularning 96 foizi hal etilganligi, 613 tasi yo'l xaritalariga kiritilib, tegishli idoralarga topshiriq berilganligiyu ijrosi nazoratga olinganligi amaliy ishlar ko'lami nechog'li ekanidan dalolat. Kam ta`minlangan oilalardan 88 tasining ayni shu toifadan chiqarilganligi, 1 ming 433 nafar fuqaroning ish joyiga ega bo'lgani sektor rahbariyati tomonidan ko'rilgan aniq chora-tadbirlar samarasi, albatta.

Qayd etilishicha, tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuv hollariga butunlay chek qo'yish barobarida ularning huquqiy savodxonligini oshirish ham doim kun tartibida. Prokuraturaning tadbirkorlar bilan muloqotlari chog'ida muammo va takliflarga ochiq ko'z bilan qaralyaptiki, 406 nafar tadbirkorga amaliy yordam ko'rsatilib, 2 ming 23 ta ish o'rni yaratilganligi ham ana shu harakatlar mevasi.

Tadbirda tilga olingan bir jihat nihoyatda quvonarli: hisobot davrida matbuot va internet tarmoqlarida e`lon qilingan hamda viloyatga daxldor masalalar yuzasidan 29 ta holat o'rganilib, sakkizta mas`ul tashkilotga qonunbuzilish sabablarini bartaraf etish bo'yicha taqdimnoma kiritilgan. Ikki nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortilgan, ikkita jinoyat ishi qo'zg'atilgan.

OAVdagi chiqishlarga qiyoslansa, yuqoridagi raqamlar ozmi yoki ko'p? Jurnalistlarning ta`kidlashicha, qoniqarli emas, ya`niki matbuotda e`lon qilinayotgan tanqidiy maqolalarni prokuratura doim ham ilg'ay olmayapti.

Birgina misol. O'tgan yili “Andijonnoma” gazetasida jurnalist Qobiljon Asqarovning “Har bahorda shu bo'lar takror…” hamda “Egar qayda? Uzangi-chi?” sarlavhali tanqidiy maqolalari e`lon qilindi. Mazkur chiqishlarda qishloq xo'jaligi, xususan, pilla yetishtirishdagi ahvol, sohani rivojlantirishdagi shoshma-shosharlik oqibatida Andijon, Buloqboshi, Izboskan, Marhamat hamda Paxtaobod tumanlaridagi yuzlab fermerlarning sho'riga sho'rva to'kilayotgani ta`kidlanib, pilla rejasining yetkazib berilmagan qismi uchun jarima undirishda noqonuniy xatti-harakatlar, jinoyat alomatlari ko'zga tashlanayotganligi xususida bong urilgandi.

Shundan so'ng “O'zbekipaksanoat” uyushmasi tahririyatni sudga berib, go'yoki noto'g'ri ma`lumotlar tarqatgani uchun raddiya hamda 100 million so'm tovon talab qildi. Biroq sudda yutqazdi. Da`voning rad etilishi tanqidiy maqolalar to'g'ri ekanligini anglatadimi? Albatta!

Ammo “Andijonnoma”ning so'roviga binoan maqola yuzasidan tergovoldi tekshiruv harakatlarini o'tkazgan beshta tuman prokuraturasi xulosa berdiki, biron bir shaxsning harakatida jinoyat tarkibi aniqlanmadi, deya! Buni qanday tushunish kerak? Yoki qonunlarni sud va prokuratura ikki xil talqin qiladimi?

Yuqoridagi savolga matbuot anjumani mezbonlari munosabat bildirishdiki, “bu masalani atroflicha ko'rib chiqamiz va albatta, yozma ravishda asosli javob beramiz”.

Ba`zi bir davlat idoralari rahbarlari, xususan, ayrim mahalliy hokimlarda ichki madaniyat etishmasligi, ommaga nisbatan qo'polligi, zaldagilarni ba`zan haqoratomuz so'zlar bilan “siylashi” xususidagi gap-so'zlar tez-tez quloqqa chalinyapti. Jamoatchilikning e`tirozlaridan biri shuki, yig'ilish ishtirokchilarining sha`ni va qadr-qimmatiga daxl qilishdan tap tortmayotgan hokimlarning yonida ko'pincha prokuror ham o'tirgan bo'ladi. Biroq nima uchun ayni holatga bir og'iz munosabat bildirmaydi?

Ushbu masalada prokuraturaning nuqtai nazari bunday: “To'g'ri, ayrim mahalliy hokimlarning majlislardagi muloqot chog'ida chegaradan chiqib ketishini hech qachon oqlamaymiz. Haqoratomuz gaplar umumiy ma`noda aytilayotgan bo'lsa-da, hokimlar odob va intizom masalasida yuqori turuvchi organlar tomonidan tartibga chaqirilayotganligidan ham xabaringlar bor. Biroq muayyan shaxsga qaratilgan qo'pol munosabatlar quloqqa chalingudek bo'lsa, albatta, qonun doirasida chora ko'ramiz”.

Barchamizga ma`lum, keyingi yillarda prokuratura organlarini noloyiq xodimlardan tozalash ishlari jiddiy davom ettirilmoqda. Ayniqsa, korrupsiyaga chek qo'yish borasida keng ko'lamda sa`y-harakatlar olib borildi. Viloyat prokurorining o'rinbosari Baxtiyor Xudoyberdievning ta`kidlashicha, bugun pora talab qiladigan soha xodimining nonko'rdan farqi yo'q.

“Aniq miqdorini aytmayman, ammo ayni paytda prokurorlarning oylik maoshi o'rtacha oylikdan yuqori, xodimlarni rag'batlantirish maqsadida joriy etilgan mukofot pullari ham yetarlicha. Uy-joy, avtomashina xarid qilishda kredit bilan bog'liq ko'plab imtiyozlar berilgan. Prezidentimiz boshchiligida yaratib berilayotgan barcha shart-sharoitlar xodimlarning ehtiyojlarini bemalol qoplay oladi. Shuning uchun takror aytaman, noshukr va nonko'r prokurorgina pora talab qiladi”, deydi Baxtiyor Xudoyberdiev.

Qizg'in savol-javoblardan so'ng yakuniy xulosa shu bo'ldiki, prokuratura va OAV o'rtasida yaqin hamkorlikni kuchaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor. Ustoz jurnalistlardan birining ta`biri bilan aytganda, matbuot anjumani uzoq yillardan beri o'rtada turgan “ko'rinmas devor”ni olib tashlash uchun dastlabki dadil qadam bo'ldi. Prokuraturaning ham, matbuotning ham pirovard maqsadi jamiyatda qonun ustuvorligiga erishmoq ekan, uchinchi va to'rtinchi hokimiyat o'rtasidagi ko'prik chindanam mustahkam bo'lmog'i shart.

Nurillo NO'`MONOV,

ishonch.uz

Boshqa xabarlar