«Okean»da ulg'ayayotgan chempionlar

150

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan joriy yilning aprel oyida barpo etilib, foydalanishga topshirilgan «Okean» suv sporti saroyi ixtisoslashtirilgan bolalar va o'smirlar muassasasi bugun ko'p sonli tashrif buyuruvchilar xizmatida.

Ushbu sport muassasasida 23 ta guruhda 16 yoshgacha bo'lgan 200 nafar bola va 220 nafardan ziyod katta yoshdagilarga 6 nafar murabbiy muntazam xizmat ­qilyapti.
– Tonggi soat 6:00 dan ish jarayonimiz boshlanadi. Sababi, tashrif buyuruvchi katta yoshdagilarning aksariyati ishchi-xodimlar bo'lgani bois, ularning vaqti chegaralangan, – deydi «Okean» suv sporti saroyi direktori Rasuljon Nizomboev. – Har bir soatimizni tashrif buyuruvchilar bilan birgalikda rejalashtirib olganmiz. Hozirda viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi tizimidagi korxona, tashkilot, muassasalarda ishlovchi xodimlar va ularning oila a`zolariga imtiyozli chiptalar berilgan bo'lib, mehnatkashlarni sog'lomlashtirish maqsadida bu yerda jadval asosida mashg'ulotlar olib borilmoqda.
Shuningdek, bolaligidan nogironligi bor olti nafar kichik yoshdagi hamda yetti nafar katta yoshli tashrif buyuruvchilarga oliy ma`lumotli murabbiylar tomonidan alohida mashg'ulotlar o'tkaziladi. Hozirgi kunda sport inshooti o'z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ayollar uchun to'g'ri ovqatlanishga asoslangan tarzda ­aerobika, sheyping sport raqsi guruhlari ham tashkil etgan.
– Barcha sharoitlarga ega bunday inshootning viloyatimizda bunyod etilganidan benihoya suyundik, – deydi suv sportiga farzandini olib kelayotgan Faxriddin Habibxonov. – Qizim bu yerga qatnayotganiga hali ko'p bo'lmagan bo'lsa-da, murabbiylarining ishonchini oqlab, hozirgi kunda ichki musobaqalarda ham ishtirok eta boshladi.
Bugun «Okean» suv sporti saroyi nafaqat namanganliklarning, balki yurtimizda suzishga ishqiboz katta-yu kichikning og'ziga tushgani rost. Jahon andazalari talablariga to'liq javob beradigan ushbu yopiq suzish havzasidagi suv harorati muntazam 28-29 gradus holatni tashkil etadi va to'liq isitish tizimi bilan jihozlangan. Ispaniyaning «Astropol» firmasida ishlab chiqarilgan, har biri 3,5 tonnadan jami 14 tonnalik suvni kimyoviy tozalovchi, tozaligini nazorat qiluvchi kompyuterlashtirilgan tizim o'rnatilgan bo'lib, bu suvning doimiy shaffofligi, tozaligini ta`minlab beradi.
Viloyatda suv sportini rivojlantirish maqsadida ushbu majmuada bayram sanalari munosabati bilan bolalar va o'smir yoshdagilar o'rtasida muntazam musobaqalar o'tkazib kelinmoqda.

Boshqa xabarlar