OGAHIYNI ESLAB…

378

…«Ustina» radifli g'azali bilan aytiluvchi «Feruz» ashulasini qayta va qayta tingladim. Ijodiga tashnaligim tobora ortganidan tong sahar olima Madina Matyoqubovaga qo'ng'iroq qildim.

– Men ijod maktabidaman, keling, birga uy-muzeyini aylanamiz, – dedi opa.

Darrov yo'lga tushdim. Shu paytga qadar Ogahiy bog'i sifatida faoliyat ko'rsatib kelgan majmuaning yangi qiyofasini ko'rib, hayratimni yashirolmay qoldim. Go'yoki  firdavs bog'iga tushib qolganday his qildim o'zimni. Bir tarafda tamomila o'zgargan bog', bir tarafda muhtashamligi ko'zni qamashtiradigan ijod maktabi. O'rtada ulug' siymo haykali. Bu yerga kelgan har bir insonning qalbida ijodga rag'bat uyg'onishiga shubha yo'q.

«Marhola noyob-u, manozil uzoq»

Ogahiy uy-muzeyi 1982 yilda shoir va dramaturg  Erkin Samandar tashabbusi va o'sha paytdagi Ogahiy nomidagi xo'jalik raisi  Otanazar Pirnazarov xomiyligida tashkil qilingan. Yaqinda qayta ta`mirlanib, ma`nan yangilandi, yangi eksponatlar bilan boyitildi.

– Bu yerga ilgarilari yiliga bir marta, 17 dekabrda tashrif buyurilardi. Hozir esa har kuni Ogahiy muxlislari, yoshlar bilan gavjum, – deydi Madina opa.

Muzey direktori Ullibibi Abdullaeva 20 dan ziyod yoshlarga Madina Matyoqubova Ogahiyshunos olima ekanligini aytganida, barcha opani o'rab oldi. Savollar izidan savollar yog'ildi.

– Ogahiyni adabiyotimizning Navoiydan keyingi yirik vakili sifatida ta`riflashadi.  Buning sababi nimada?

– Ogahiyni olimlarimiz Navoiydan keyin ko'p va xo'b yozgan shoir deyishlari shoir ijodining sermahsulligi, fors va o'zbek tillarida ijod qilgani, tarjimonligi va tarixnavisligi tufayli, albatta. Ogahiyning o'zbek tilida yozilgan “Ta`viz ul-oshiqin” (“Oshiqlar tumori”) devonidan  22 janrda yozilgan 18 ming misra she`r va 83 muxammas joy olgan. Ularning barchasi yuksak iste`dod bilan bitilgan. Ogahiy Navoiy asarlarini sevib mutolaa qilgan, uni o'z ustozi deb hisoblagan.

Ogahiy, kim topqay erdi sozi nazmingdin navo,

Bahra gar yo'qtur Navoiyning navosidin sango.

deb yozgan shoir Navoiyga ko'p tatabbu bog'lagan.

– Ogahiy ko'p asarlarni tarjima qilganligini o'qiganmiz. Ular haqida kengroq aytib berolmaysizmi?

– Darhaqiqat, Ogahiy arab, fors, turk tillarini  mukammal bilgan. O'sha tillardagi asarlarni asliyatda o'qigan. U 20 dan ziyod tarjima asarlar muallifi. Ogahiy bu asarlarning hech birini so'zma-so'z tarjima qilmagan. Barchasiga ijodiy yondashgan. Shuning uchun ham  u tarjima qilan asarlar xalqimiz orasida keng tarqalgan. Bu asarlarning barchasi nodir namunalar bo'lib, umrboqiylikka muhrlangandir. Munis tugallay olmay ketgan Mirxondning “Ravzat us-safo” asarining 2-3 jildlari, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”,  Nizomiy Ganjaviyning “Haft paykar”, Sa`diy Sheroziyning “Guliston”, Husrav Dehlaviyning “Haft Bihisht», Abdurahmon Jomiyning “Yusuf va Zulayho”  kabi  asarlar shular jumlasidandir. Ma`lumki, Muhammad Rahimxon II nomi bilan Xiva xonligini boshqargan shoir Feruz Ogahiyning shogirdi bo'lgan.  Feruz shahzodalik chog'ida ustozidan Kaykovusning «Qobusnoma» asarini tarjima qilib berishini so'raydi. Bu tarjima nafaqat ustozning shogirdiga, balki butun xalqqa munosib tuhfa bo'ldi.

–  Ogahiyning hamma tarixiy asarlari bilan qachon kengroq tanishamiz?

– Tariximizni chuqurroq o'rganishni istagan har bir kishi Ogahiy asarlariga murojaat qiladi. Shoir dastlab amakisi Munis boshlagan “Firdavs-ul iqbol” asarini davom qildiradi. Bu ishga qo'l urar ekan,

Pashsha kim-u, fil yuki toqati,

Zarra kimu, mehri munir ulfati

deya kamtarlik bilan Munisday so'z zargari, tarix bilimdonining ishini davom etdirish oson emasligini ta`kidlaydi. Ne baxtki, Ogahiy barchasini ortig'i bilan uddaladi. Uning tarixiy asarlari tahlilga boyligi, voqealar haqqoniy ifodalangani bilan ahamiyatlidir. Garchi har bir tarixiy asarini Xivaning bir xoniga bag'ishlagan bo'lsa-da, Ogahiy maddohlik qilmadi, xonlardan mukofot olish yoki maqtov eshitish ilinjida haqiqatdan ko'z yummadi. U tarixni bo'yamasdan, xaspo'shlamasdan, borligicha aniq dalillar bilan bayon qiladi.  Ogahiy Olloqulixonga bag'ishlab yozgan  “Riyoz ud-davla” (“Davlat riyozatlari”, 1844) asari debochasida «Ilohiy, qalamim har ne so'z aytsa, xaloyiq ko'ngliga yaxshi ko'rsat, o'qiganga shavqi havasni solib, uni (o'quvchi) oshiq, buni  (asar) ma`shuq qil» deydi. Allohim Ogahiyning bu nolasini qabul qildi.  Uning har bir asari, har bir satri ma`shuq darajasida suyuklidir. Ogahiyning to'la asarlar to'plami chop qilinmoqda. Siz barcha asarlarini o'qish imkoniga ega bo'lasiz.

Ayrim tarixiy manbalarda Ogahiy umrining oxirgi davrlarida  muhtojlikda kun kechirganligi aytiladi.

– Ogahiy 20 yoshida Xiva xonligining bosh mirobi qilib tayinlangan. Bu lavozimda uzoq yillar faoliyat ko'rsatgan. Ammo, u mol-dunyo to'plash haqida umuman o'ylamagan, xalqiga yaxshilik qilish, har bir hududga suv yetkazib berib, xalq farovonligini ta`minlash harakatida yashagan. Bo'sh vaqt topdi deguncha mutolaa, ijod bilan mashg'ul bo'lgan.

Adabiyotshunos bilan yoshlar muloqoti uzoq davom etdi. Muloqotni kuzatar ekanman, Ogahiyga bo'lgan tashnalik aslo qonmasligini yana bir bor his qildim.  Muarrix sifatida ustozining asarini davom qildirarkan, Ogahiy «Marhola noyob-u, manozil uzoq» deb yozgan edi. Uning asarlari umri ham qiyomat qadar uzundir.

«Ashkima gar kanora yo'q, bo'lmasa bo'lmasun, netay»

Ogahiy uy-muzeyidagi har bir buyum qadrli. Ogahiyning yoshligi, asarlari qahramonlari tasvirlangan rasmlar, qo'lyozmalar, toshbosma kitoblar, Ogahiy haqidagi asarlar… Bir burchakda uning ijodxonasi aks etgan. Hammasi bundan 150 yillar avvalgidek go'yo: atrofiga ko'rpachalar to'shlagan xontaxta, yoqish uchun tayyorlab qo'yilgan o'tin, o'sha davrga xos uy-ro'zg'or buyumlari joylashgan tokcha, sal narida esa qadimgi choponlar, devorga osilgan dutor…bular shoir yashagan adabiy muhitni tasavvur qilishimizga yordam beradi…Uch yoshida otadan yetim qolgan bolakay iztiroblari,  Shermuhammad Munis uni o'z farzandi kabi tarbiyalagani,   17 yoshida “Bayozi mutafariqa” nomli bayoz tuzib, bu bayozga ustozlarining o'zi sevgan g'azallari hamda o'zining ham fors tilida  yozilgan 15 ta g'azali va 2 ta muhammasini kiritgani, Buxoro-Xiva urushlarida chekkan iztiroblari, Hindistondan kelgan Angliya elchisi, Rossiya imperatori elchisi G. I. Danilevskiy, mashhur sayyoh Herman Vamberi bilan uchrashuvlari, otdan yiqilib oyog'i singani, qirq yoshga yetmasdan umr yo'ldoshidan ayrilgani,  kasalligi sababli bosh miroblik lavozimidan iste`foga chiqib, ilmiy-ijodiy ish bilan shug'ullangani, Feruzga bergan saboqlari xayol dunyoimizda jonlanadi. 1870 yildaiqtidorli shogirdi, tutingan farzandi Muhammad Ya`qubxo'ja vafot etganida  uning alamlari yanada ortadi. Fors tilida bir tarix, o'zbek tilida marsiya yozganligi shoir uni hammadan ko'p yaxshi ko'rganligini anglatadi. Bular haqida o'ylarkansan, shoir bejiz «Ashkima gar kanora yo'q, bo'lmasa bo'lmasun netay» deb yozmaganini tushunganday bo'lasan. Shunisi haqiqatki,  Ogahiy butun umr Haq ishqi bilan yashaganligi tufayli boshdan kechirgan iztiroblari uning metin irodasini qayira olmagan, barakali ijod qilishiga, umrboqiy asarlar bitishiga monelik qilolmagan.

«So'z zargarlari va arxeologlari tayyorlaymiz»

Vazirlar Mahkamasining shu yil 20 martda qabul qilingan «Muhammad Rizo Erniyozbek o'g'li Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash hamda Xiva shahrida Ogahiy ijod maktabini tashkil etish to'g'risida»gi qarori asosida Qiyot qishlog'ida Ogahiy nomidagi ijod maktabi  qurilib, faoliyat boshladi.

– Maktabimiz Ogahiy bog'i, Ogahiy uy-muzeyi bilan uyg'un holatda, aynan u yashab o'tgan joylarda barpo etilgan. Xiyobon o'quvchilarimizga ijodiy kayfiyat bag'ishlaydi, – deydi Ogahiy ijod maktabi direktorii o'rinbosari Shoira Davletova.

Darhaqiqat, maktabda kelajak egalari munosib bilim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy multimediya vositalari bilan jihozlangan sinflar, muhtasham kutubxona, betakror  anfiteatr, sport zali, yotoqxona va oshxona o'quvchilar xizmatida. Bular evaziga ulardan faqat fanlarni puxta egallash, o'z iqtidorlarini namoyon qilish talab qilinadi.

– O'zbek, rus, ingliz tillari chuqurlashtirilib o'tiladi. Qolaversa, nemis, arab, fransuz tillarida to'garaklar tashkil qilingan. Shu bilan birga, 30 dan ziyod yo'nalishlarda guruhlar tashqil qilingan. Aytaylik, yosh ssenariynavislar, hikoyanavislar, essenavislar, xattotlar, notiqlar, rassomlar, shaxmatchilar, — arxitektorlar va boshqa sohalarga bo'yicha qiziqishlariga qarab o'quvchilar bilan mashg'ulotlar olib boriladi. Biz so'z zargarlari va so'z arxitektorlari yetishtirish yo'lida izlanyapmiz, – deydi Shoira Davletova.

Biz Ogahiy izdoshlari ham Ogahiy kabi sermahsul ijodkor, ulug' millatparvar bo'lib yetishini, ularning asarlari ham Ogahiyniki yanglig' suyib o'qilishini istab qolamiz.

Muhabbat To'raboeva,

ishonch.uz

Boshqa xabarlar