Axborotni buzib talqin etish va soxtalashtirish taqiqlanadi – axborot sohasiga oid qonun muhokamaga qo'yildi

147

“Axborotdan foydalanish erkinligi hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatining ochiqligi to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi e`lon qilindi, deb yozmoqda O'zA.
Ushbu Qonunning maqsadi konstitusiyaviy huquqni ro'yobga chiqarishda erkin va hech qanday to'siqlarsiz axborotlarni izlash, olish, tekshirish, tadqiq qilish, uzatish, tarqatish, foydalanish va saqlash, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, tashkilotlari va xo'jalik boshqaruvi organlari va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatining ochiqligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Qonun loyihasi 32 ta moddani o'z ichiga oladi.
Axborotdan foydalanish erkinligi va kafolati
Har bir fuqaroga axborotdan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Axborot ochiq va oshkora, ishonchli hamda hamma foydalanishi mumkin bo'lishi kerak, maxfiy axborot bundan mustasno.
Davlat har kimning axborotni izlash, olish, tekshirish, tadqiq qilish, uzatish tarqatish, undan foydalanish va uni saqlash huquqini himoya qiladi.
Jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e`tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga qarab axborot olish huquqi cheklanishiga yo'l qo'yilmaydi.
O'zbekiston Respublikasida senzuraga va axborotni monopollashtirishga yo'l qo'yilmaydi.
Davlat organlari va boshqa tashkilotlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda har kimga o'zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo'lgan axborot bilan tanishib chiqish imkoniyatini ta`minlab berishga, maqbul axborot resurslari yaratishga, foydalanuvchilarni fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va majburiyatlariga, ularning xavfsizligiga doir hamda jamiyat manfaatlariga taalluqli boshqa masalalar yuzasidan axborot bilan ommaviy tarzda ta`minlashga majburdirlar. Axborotdan foydalanish uning nashr etilishi va (yoki) Internet axborot tarmog'ida joylashtirilishi, shuningdek, qonun hujjatlari va tegishli materiallarni tarqatish orqali ta`minlanadi.
Axborotni buzib talqin etish va soxtalashtirish taqiqlanadi.
Ommaviy axborot vositalari o'zlari tarqatayotgan axborotning haqqoniyligi uchun axborot manbai va muallifi bilan birgalikda qonunda belgilangan tartibda javobgar bo'ladilar.
Davlat organlari va boshqa tashkilotlar, fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining, jamoat birlashmalarining, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslarning fuqarolarning axborot olish doir huquqlarini kamsituvchi xatti-harakatlari yoki harakatsizligi hamda axborot mulkdori egasining axborot berishni rad etganligi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Davlat organlari va boshqa tashkilotlar o'z faoliyatiga doir foydalanishi cheklanmagan barcha ma`lumotlarning ochiqligini ta`minlashi lozim.
Axborot foydalanuvchisi va uning huquqlari
Davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to'g'risida axborot izlayotgan jismoniy yoki yuridik shaxs axborotdan foydalanuvchidir.
Axborotdan foydalanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
axborotni hech bir moneliksiz izlash, olish, o'rganish, jamlash, tahlil qilish,uzatish, tarqatish, ulardan foydalanish va saqlash;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to'g'risida ushbu Qonunning 8-moddasida nazarda tutilgan axborotni olish uchun bevosita yoki o'z vakillari orqali og'zaki, yozma, shuningdek, axborot tizimi orqali elektron shaklda so'rov bilan murojaat etish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to'g'risida so'ralayotgan foydalanish cheklanmagan axborotni olish zaruratini asoslab berishning shart emasligi;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to'g'risida axborot olish huquqini hamda uni amalga oshirish tartibini buzayotgan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, ularning mansabdor shaxslarining hujjatlari va (yoki) harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyati to'g'risida axborot olish huquqini buzgan holda yetkazilgan zararni qonunda belgilangan tartibda qoplashni talab qilish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati to'g'risidagi axborot olishni rad etish;
axborotdan foydalanuvchi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi mumkin.
Qonun loyihasida axborotdan foydalanish erkinligining asosiy tamoyillari, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi, axborotdan foydalanish erkinligi va kafolati, davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyati to'g'risidagi axborot, axborot foydalanuvchisi va uning huquqlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatining ochiqligini ta`minlash sohasidagi davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlarining vakolatlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning matbuot xizmati, foydalanilishi cheklab qo'yilgan axborotlar kabilar izohlab berilgan.

Boshqa xabarlar