Milliy g'oya real hayot mahsuli bo'lishi kerak!

769

Yaqinda «Ishonch» gezetasida chop etilgan «Ohang – yangi, yondashuv – eski» sarlavhali maqolada milliy g'oyani rivoj­lantirish konsepsiyasi loyihasiga doir ayrim mulohazalar bilan tanishdim. Menda ham bu borada ko'nglimda tug'ilgan fikrlarni qog'ozga tushirish fikri tug'ildi.

Avvalboshdan aytmoqchimanki, matn­­da milliy g'oya taraqqiyotning yangi bosqichiga daxldor etib ko'rsatilgani menda savol uyg'otadi. Nima uchun mualliflar milliy g'oyani O'zbekis­ton taraqqiyotining yangi bosqichi bilan bog'lashyapti, nima u avvalgi bosqichlarga daxldor voqelik emasmidi?..
Taklif etilgan Milliy g'oya konsepsiyasini o'qirkansiz, dastavval, bir savol ko'ndalang bo'ladi: xo'sh, yangi loyiha ilgarigisidan nimasi bilan farq qiladi? Javob juda lo'nda va aniq; deyarli hech nimasi bilan. Agar undan «Taraqqiyotning yangi bosqichi», «Harakatlar strategiyasi», «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak», kabi yangi iboralarni olib tashlasak, avvalgi siyqa, mavhum, real hayotdan uzoq so'z o'yinlarini o'zida jamlagan matn qoladi, xolos. Hatto, unga kiritilgan «innovasion taraqqiyot» degan so'z ham amalda konsepsiyaga deyarli hech nima qo'shmaydi. Asabni tiyib aytish mumkinki, kishilar o'y-tashvishlari-yu qiziqishlaridan mutlaq uzoq, ular ongi va qalbiga hech nima bermaydigan go'yoki «milliy g'oya» deb atalayotgan so'z o'yinlari, tavtologiya kimga va nimaga kerak, biz kimni laqillatmoqdamiz?..
G'oyashunoslar mudom «dunyo milliy g'oya»ga muvofiq rivojlangan, mafkuraviy tahdidlardan himoyalanishning samarali usuli «milliy g'oya» degan fikrni (bu fikrga ularning o'zlari ham ishonishi shubhali) dalil, asos qilib keltirishadi. Hatto, ular «g'oyalar falsafasi» degan nazariy fanni «kashf etish»gan. Oqibat nima bo'ldi?! Bugun, hatto, oliy ma`lumotli mutaxassislar ham «g'oyalar falsafasi» nima, uning ma`naviyatga, taraqqiyotga, yangilanishga nima daxli borligi haqida bir nima deya olmaydi. Negaki, hamma fikr – real hayot ehtiyojlaridan uzoq, inson ongi va qalbidan begonalashib ketgan…
Ha, kabinetlarda, oromgohda yastanib, hayotga, kelajakka madhlar to'qish oson, lekin oddiy odamlarga qisqa, lo'nda va aniq javob kerak. Taqdim etilayotgan konsepsiya esa, mualliflari bizni ma`zur tutsinlar-u, talabalar auditoriyasiga mo'ljallangan didaktik ma`ruzani eslatadi.
Aslida, milliy g'oyani jamiyatning yetakchi qismi – ziyolilar, tafakkuri yuksak, kelajakni to'g'ri idrok eta oladigan, millat va xalq g'ami bilan yashayotganlar yaratadi, degan aqida mavjud. Bu fikr bilan qisman kelishish mumkin. Ammo qalbingning bir chetida ushbu «etakchi qism» o'z manfaatlarini ko'zlayotgan bo'lsa-chi, degan ishtiboh turadi. Axir, yaqin o'tmishimiz buni tasdiqlamaydimi? Taqdim etilayotgan konsepsiyani qaysi «qism» va kimlar yaratgan?..
Men millatni, xalqni umumiy g'oya, ya`ni milliy g'oya birlashtiradi, degan siyqa qarashga qo'shilolmayman. Bu, albatta, mening shaxsiy fikrim. Amerikalik sosiologlar kishilarni harakatga keltiradigan bosh motivlarni aniqlamoqchi bo'lib 30 davlatda ommaviy so'rovnoma o'tkazishgan. Javoblar ichida birinchi o'rinni iqtisodiyot, ikkinchi o'rinni hokimiyat, uchinchi o'rinni hirsni qondirish egallagan. Real hayotga tik ko'z bilan qaraydiganlar ushbu motivlarning inson hayotida ustuvor o'rinda turishiga shubha qilmaydi.
Konsepsiyada «milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari» shiori milliy g'oyaning bosh, ulug' maqsadi, deb e`lon qilinadi. Mayli, bunga qo'shildik, deylik. Lekin «milliy tiklanish» aslida, nima? Mustaqillikning e`lon qilinishimi? Axir bu e`lon qilinganida Oliy Kengashdagi birorta ham deputat qo'llab-quvvatlamagan: O'zbekistonning Birinchi Prezidenti, nega qarsak chalmaysizlar, degandan keyingina zo'raki ovoz berishganini eslash qanchalik og'ir…
«Milliy yuksalish» nima? Uning mezoni, chegarasi bormi? U xalqqa, kishilar o'yi va qalbiga nima beradi? U navbatdagi so'z o'yini, ongni, qalbni chalg'ituvchi, tafakkurga aniq hech nima bermaydigan siyqa, bemag'iz ibora emasmi? Mening nazarimda milliy g'oya ijtimoiy-siyosiy ustanovkalardan emas, balki real hayotdan, kishilar o'yi va qalbidan unib chiqishi lozim. Bugun xalqimizni nimalar qiynayapti? Ular kelajagini qanday tasavvur etishmoqda? Nimalarga ishonishadi, nimalarga e`tiqod qo'ygan, nimalarni hayotiy ideal biladi?.. Ming vohki, konsepsiya ushbu savollarga javob berishga intilmaydi, chunki u real hayot qo'ynidan, undagi ziddiyatli muammolarga yechim izlashdan kelib chiqmagan.
«Yagona Vatan tuyg'usi», «Adolat – qonun ustuvorligida», «Xalq roziligi», «Jaholatga qarshi ma`rifat», «Innovasion taraqqiyot» milliy yuksalish ­g'oyasining asosiy tushunchalari sifatida keltiriladi. Nega endi ular? Inson manfaatlari, huquq va erkinliklari, umuminsoniy qadriyatlar, milliy g'urur, tarixiy-madaniy merosni asrash, axloq, oila, mehnatsevarlik kabi shu paytgacha e`zozlanib kelingan tuyg'ular va qadriyatlar qaerga ketdi? Taraqqiyotning yangi bosqichida ular kerak emasmi?!
Konsepsiyadagi «milliy yuksalish g'oyasining asosiy tamoyillari» bandi kimgadir hisobot berish tarzida yozilgan. Uslub va mohiyat shuni ko'rsatib turibdi. Biroq aslini olganda, bu tamoyillar kimga, nimaga kerak? Chamasi konsepsiya mualliflari o'zining u yoki bu ilmiy-nazariy ta`limotlardan xabardor ekanliklarini bildirishmoqchi bo'lishgan. Bu bilan ular yana bir bor o'z qarashlarini real hayotdan emas, balki tor doiradan olishganini, taqdim etayotgan milliy g'oyaning kabinet mahsuli ekanini anglatishgan…
Muxtasar xulosam shulki, milliy g'oya har qanday tahdid, turmush mashaqqatlariga qarshi turuvchi e`tiqodga aylansa, e`zozlidir.

Viktor ALIMASOV,
falsafa fanlari doktori, professor

Tahririyatdan: Mazkur mavzu yuzasidan ko'p fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Bahs-munozaralar, pirovardida konsepsiya loyihasining takomillashuviga xizmat qilishini inobatga olib, tahririyat har bir maqolaga gazeta sahifalaridan joy ajratishga tayyor. Zero, haqiqat bahslarda tug'iladi. Shu bilan birga, bildirilayotgan e`tirozlar yuzasidan loyiha va maqola mualliflarini ko'tarilayotgan mavzularni yuzma-yuz muhokama qilish uchun davra suhbatiga chorlab qolamiz. Tahririyat studiyasida bu muloqotni tasvirga olib, keng jamoatchilik muhokamasiga havola etamiz. Qolaversa, sohaga befarq bo'lmagan ziyolilarning fikr va mulohazalarini ham kutib qolamiz.

Boshqa xabarlar