Toshkent – qaysi mamlakatning poytaxti?

150

Savolga tushunmadingizmi? Hayron bo'lmang!
Agar Toshkent ko'chalarini dilda milliy g'urur bilan aylansangiz, siz ham shunday savol bergan bo'lardingiz…
Rost-da, azim shahar ko'chalaridagi binolar peshtoqiga bitilgan ajnabiy so'zlarni ko'raverib, go'yoki o'zingizni Yevropa davlatlaridan biriga tushib qolgandek his qila boshlayotgan bo'lsangiz ham, ajab emas.

Mana poytaxt ko'chalaridagi xizmat ko'rsatish shoxobchalari, binolar-u yemakxonalar peshtoqidagi yozuvlarni anglar-anglamas, o'qishga harakat qilamiz: «Kami», «Salvatini», «Skechers», «Sabono»… (Buyog'iga yana minglab satr shu kabi nomlarni keltirish mumkin).
Biri-biridan ajoyib-u g'aroyib nomlar. Oddiy yo'lovchi u yoqda tursin, hatto uncha-muncha mutaxassis ham tushunmaydigan bu so'zlar orasidan o'zbek tilida bitilgan nomni topish dushvor.

Shu topda yo biz savodsiz va zamondan ortda qolganmiz yoki ko'chalarni ajnabiy yozuvlarga to'ldirib tashlagan yurtdoshlarimiz o'ta zamonaviy bo'lib ketgan, deya xayolga boramiz.
Zamonaviylik desak, birorta rivojlangan davlat xalqi o'z tiliga bunday nopisand bo'lganini eshitmaganmiz…
Asabni tiyib bo'lsa-da, aytish kerakki, bu ko'r-ko'rona ergashish! Qaysidir ma`noda manqurtlikning bir belgisi!
Qani, ayting, biz kimga ergashyapmiz? Shu nomlarni tanlagan tadbirkorlarimizning o'zlari ham ba`zan bu so'zlarning asl ma`nosini bilishmaydi. Birorta o'zga millat vakili ishlamaydigan va aksariyat xo'randasi, mijozi o'z xalqimiz vakillari bo'lgan xizmat ko'rsatish shoxobchalarini turli tushunarsiz nomlar bilan atashdan maqsad ne?
Har holda, bu mamlakatda davlat tili – o'zbek tili!
Poytaxt hokimligi keyingi yillarda matbuotning bu mavzudagi o'nlab chiqishlariga hatto javob berishni ham o'ziga ep ko'rayotgani yo'q. Bu qonunlarga ochiqdan-ochiq bepisandlikdan boshqa narsa emas!
Yaqin yillargacha shahar hokimligida tashqi ­reklama matnlarining g'oyaviy hamda imloviy to'g'riligini ko'rib chiqadigan komissiya ishlar edi. Aytish­laricha, shahar rahbariyati bunday komissiyaning zarurati yo'q, deb topibdi.
Barakalla!

Mana, oqibat – shahar ko'chalaridagi reklama bannerlariga qarang, shovvozlar nimalarni targ'ib qilishmayapti… Biz ommaviy madaniyatga qarshi kurashmayapmiz, balki uning ochiqdan-ochiq targ'ib qilinishiga yo'l ochib beryapmiz.
Qachongacha bunday sharmandalikka ko'z yumish mumkin? Ishqilib, mutasaddilar Toshkent O'zbekistonning poytaxti ekanini unutib qo'yishmagan bo'lishsin…
2019 yil 21 oktyabrda Prezidentimizning «O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmoni qabul qilindi. Tilimizga Davlat tili maqomi berilganining 30 yilligini keng nishonlaganimiz, ushbu hujjatga binoan, Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilgani, Atamashunoslik komissiyasi ish bosh­lagani barchamizni yuz chandon quvontirgan edi. Biroq, hali biron nuqtada, biron bosqichda amaliy ish boshlangan emas. Bu borada ishlar qachon, qaerda, nimadan boshlanadi, biz amaliy harakatlarni yana qancha kutishimiz lozim? Bu savollar hali javob kutmoqda.
Ona tilimizni rivojlantirish va asrab-avaylash yo'lida qancha ko'p gapirmaylik, poytaxt ko'chalaridagi millatimizga, fe`l-u atvorimizga yot bo'lgan bunday «bezaklar», xuddi yomg'irdan so'ng chiqqan qo'ziqorindek ko'payib borayotgan ajnabiy yozuvlarga barham berilmas ekan, bari befoyda!

G'ulom MIRAHMEDOV,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar