Toza tuyg'ular ifodasi

943

Dunyoda shoirlar ko'p. Ularning o'z uslubi, so'z aytish mahorati bor. Bari bir mavzuda qalam tebratsa ham bir-birini takrorlamaydi. Bu shoirning siyrati ko'ngil dunyosi, nigohining turfaligidan. Ammo ularni birlashtirib turadigan jihat — bu halovatsizlik! So'z sehri, she`r hikmati unga ilhom bag'ishlaydi, kechasi xotirjam uxlashga, kunduzi beg'am soat sanashga qo'ymaydi.

Jonajon diyorimizda davr ruhi, yurt mehri bilan yashayotgan bedor ijodkorlar talaygina. Allaqachon ustoz darajasiga erishgan taniqli shoir O'tkir Rahmatning «O'tli ruh» kitobidan o'rin olgan she`r­lar ham katta hayotiy ­tajriba, chuqur falsafiy mushohada va o'zbekona lutf asosida yozilgan.
Avvalo, kitobning nima uchun aynan «O'tli ruh» deb nomlanganiga to'xtalsak. Bunga kitobdan o'rin olgan she`rlarning hissiyotga, ruhiy tebranishlarga limmo-lim ekani, misralar olovday tizginsiz, bezovta yozilganini asos qilishimiz mumkin. Siz mutolaa jarayonida odatiy lirik qahramon emas, balki bor yutuq va kamchiliklarni ro'yirost yuzingizga aytuvchi, umid­vorlikka, kelajakka undovchi, chinakam insoniy hayot kechirishga da`vat etuvchi otashin ruh bilan uchrashasiz, suhbatlashasiz.
She`rlar ma`nosi, salmog'i va ruhiy tadrijiga qarab 4 ta bo'limga ajratilgan. Xususan, «Dunyo kengligiga sig'maydi ko'ngil» turkumidagi she`rlarda shoir bolalikning sho'x-shaddodligi, olovligini, orzu-istaklar olamga sig'mas darajada behisobligini, «Sachrab oqar tuyg'ular hatto…» turkumida yoshlikning g'ayrati, shijoati, muhabbatga to'la sarkash nigohlarini ramzlar, timsollar yordamida aks ettirgan. Inson umrini faylasuflar odatda to'rt faslga ajratishni xush ko'radi: bahor, yoz, kuz va qish. Ammo shoir buni shunchaki tak­rorlashni o'ziga ep ko'rmaydi. Balki falsafiy, teran mushohadalarga chayilgan misralarga yashiradi. Shu tariqa uchinchi turkum «Olisda miltillar quyosh gulxani» va keyingisi «Qichqiradi tongning ko'zlari» deb nomlangan.
O'tkir Rahmat she`r yozish uchun alohida tayyorgarlik ko'radi. Har bir jumlani, so'zni uzoq o'ylab yuradi. Juda talabchanlik bilan saralaydi.
Sukut saqlab, rizolik so'rdim,
Kuz shopirdi xirmonin, ko'rdim.
Yaxshi-yomon kunlar ichida,
Yuragimning armonin o'rdim.
Ammo muallif jimjimador, yaltiroq tashbehlar axtarmaydi. O'zligi, asliyatini odamlarga, bejab-bezab ko'rsatishni istamaydi. Boricha ko'rinishni xohlaydi va shunday qiladi ham. She`rlaridan bolalikka xos beg'uborlik, ayni paytda kattalarga monand teran mulohaza, ehtiyotkorlik va shoirona darbadarlik shundoqqina sezilib turadi. Shoir misralariga samimiyat kuyini, o'zi tug'ilib o'sgan makon — qish­loq, undagi sof, dilkash manzaralar, mehnatkash odamlarning orzu va tashvish­lari, ko'zidagi mehr, sadoqat va ishonch tuyg'ularini boricha joylaganiga amin bo'lasiz.
U dardkashi — onasini sog'insa ona, singillarini qo'msasa mehribon singil, keng dala-yu dashtlarini sog'inganda kindik qoni to'kilgan zamin bo'luvchi qadrdonlari — qog'oz va qalamga yoriladi, unsizgina dardlashadi, ko'nglini she`rga to'kadi. Shuning uchun ham katta ijodiy tajriba sohibi bo'lgan muallif she`rlarida «sog'inch», «bolalik», «ostona», «olis», «nigoh», «hijron», «armon» singari so'zlarning tez-tez takrorlanishi o'quvchini zeriktirmaydi, balki shoirning dardini, ichki kechinmalarini yanada tugal ilg'ashga ko'mak­lashadi. Bu ro'yxatga yana bir so'zni qo'shish lozim. Bu so'z — yo'l. «O'tli ruh» kitobi muallifi «yo'l falsafasi»ga kuchli sog'inch tufayli murojaat etayotganini, uni baxt­dan, bolalikka qaytishdek saodatdan nigoh yetmas adoqsiz yo'llar ajratib turganini bilib olish mushkul emas.
Nigohlarning aybi yo'q axir,
Eziladi topmayin chora.
Yo'l ham hali bo'lmagan oxir,
Ortga qaytib ketmas, nachora…
She`r — ko'ngilda ko'z ochgan tuyg'ular qiyo­­mi. Gullar yuzidagi shabnam! U qog'ozga tushib, tayyor holga kelguncha ne-ne sinovlarga uchraydi. Kulol sifatli ko'za yasash uchun avval sof tuproq topadi. Keyin uni yaxshilab pishitadi. So'ng­­ra dastgohda ko'za yasaydi. Ammo bu sa`y-harakatlar kulolning tayyorgarligi, xolos. Asosiy ish — ko'zani olovda toblash! Shoir ham aftidan kulolga o'xshaydi. Kulol o'z ko'zalarini yonib turgan tandirga solsa, shoir misralarini o'z yuragida toblaydi. Agar shoir qalbida olov bo'lmasa, otash bo'lmasa, yozganlari yaroqsiz ko'za singari bo'lib qolaveradi.
O'tkir Rahmat she`rlarida oshkora alanga, ochiq-oydin cho'g' emas, vazmin yonayotgan yurak tafti bor, uzoq o'yga cho'mgan donish qalb harorati bor. Buni bir qarashda anglash mushkul, biroq kul tagida katta olov lovullayotganini «O'tli ruh»ni obdon mutolaa qilgan kishi, albatta, his etadi.
Manzil hali ko'rsatmagan bo'y,
G'am-g'ussalar ketmas nariga.
Tortqilaydi meni ming bir o'y,
Olov uxlar yerning qa`rida.
Shoir ijodining asosini Vatan mavzusi tashkil etadi. U goh dunyoga keltirib, ulg'aytirgan, non-u rizq bergan shu ona-tuproqqa cheksiz mehrini to'lib-toshib izhor etadi, goh serfarzand ota kabi, diyoriga bo'lgan muhabbatini bir necha she`rga sochib yuboradi.

Zohidjon OLOV

Boshqa xabarlar