Talab qilinishi taqiqlangan ma`lumotlar nega so'ralmoqda

185

Tasavvur qiling muhim ish bilan bir idora eshigini qoqdingiz, bir to'p odamlar qatoridan joy olib navbatingiz kelishini anchagacha kutib, vakolatli shaxs bilan yuzma-yuz bo'lib muddaoni aytarkansiz qo'lingizga bir qancha hujjatlar ro'yxatini tutqazadi. Ana endi yana o'nlab eshiklar oldida vaqt sarflab, hujjat yig'ishingiz kerak. Exee ana shunday yugur-yugurlar bilan bir kunda bitishi mumkin bo'lgan yumushni oylab bitkazolmay yurganlar bu sarsongarchilikni yaxshi bilishadi. To'g'risi bu holga tushmaganlar oramizda juda kam topilsa kerak. Ana shu singari ovvoragarchiliklarni oldini olish yuzasidan so'ngi yillarda amalga oshirilgan o'zgarishlar bugun yurtdoshlarimizning mushkulini oson qilmoqda desak mubolag'a qilmagan bo'lamiz. Masalan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 fevraldagi PQ-4193-son “Davlat xizmatlari ko'rsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida”gi qarori fikrimizga asos bo'laoladi. Yuqoridagi Qarorning 6-bandida 2019 yil 1 avgustdan boshlab davlat xizmatlarini ko'rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy shaxslardan jamg'arib boriladigan pensiya daftarchalari, soliq va boshqa majburiy to'lovlar bo'yicha qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to'g'risida ma`lumotnomalar, soliq to'lovchining hisobga qo'yilganligi to'g'risida guvohnomalar, to'langan daromadlar va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'ining ushlub qolingan summalari to'g'risidagi ma`lumotnomalarni talab qilish taqiqlangan. Ammo, shunga qaramay davlat xizmatlari ko'rsatuvchi idoralar tomonidan yuqorida qayd etilgan hujjatlarni talab qilib fuqarolarning ortiqcha vaqt sarflashiga sabab bo'layotgan holatlar ham uchrab turibdi.
Davlat xizmatlari agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o'tkazilgan o'rganishlar davomida jami 13 ming 704 ta holatda ma`lumotnomalar fuqarolardan talab qilib olingan. Shundan, 7 ming 719 tasi, soliq to'lovchining hisobga qo'yilganligi to'g'risidagi guvohnomalar, 4 ming 746 tasi jismoniy shaxslardan jamg'arib boriladigan pensiya daftarchalari va 1 ming 239 tasi soliq va boshqa majburiy to'lovlar bo'yicha qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to'g'risida ma`lumotnomalarni tashkil etadi.
Xususan soliq to'lovchining hisobga qo'yilganligi to'g'risidagi guvohnomalarni talab qilish bo'yicha tuman(shahar) hokimliklari tomonidan uy-joy ajratishda 57 ta, ishga qabul qilishda tuman tibbiyot birlashmalari tomonidan 42 ta, byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi tomonidan 229 ta, jismoniy shaxslardan jamg'arib boriladigan pensiya daftarchalarini talab qilish bo'yicha ta`lim muassasalar tomonidan ishga qabul qilishda 229 ta, byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi tomonidan pensiyaga chiqishda 154 ta, soliq va boshqa majburiy to'lovlar bo'yicha qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to'g'risida ma`lumotnomalarni olish bo'yicha fuqarolarga uy-joy ajratishda 100 ta, ishga qabul qilishda 17 ta holatda ma`lumotlar to'g'ridan-to'g'ri fuqarolardan so'rab olinganligi ma`lum bo'ldi.
2019 yilning oktyabr oyida fuqaro K.F.ga davlat xizmati ko'rsatish jarayonida Surxondaryo viloyati, Qumqo'rg'on tumani markaziy poliklinikasi mas`ul xodimi tomonidan soliq va boshqa majburiy to'lovlar bo'yicha qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to'g'risida ma`lumotnoma noqonuniy ravishda talab qilingan.
Bu holat bo'yicha agentlikning Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan mas`ul xodimga nisbatan ma`muriy jarima jazosi qo'llanildi.
Ushbu qarorga asosan davlat boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar mazkur hujjatlarni davlat soliq xizmati organlari, ATB Xalq banki, moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasidan mustaqil ravishda faqat elektron shaklda so'rab olishlari belgilangan.
Eng achinarli holat, Agentlik tomonidan mazkur qaror ijrosini so'zsiz ta`minlash to'g'risida barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlar rasmiy ravishda ogohlantirilib, qarorning mazmun-mohiyati bo'yicha muntazam ravishda targ'ibot tadbirlari o'tkazilayotgan bo'lsada, fuqarolardan ushbu hujjatlar takror va takror talab qilinayotganligidir.
Yoki ayrim idoralar va ularning mas`ullari uchun eshiklari oldida fuqarolarning turnaqator turishi, xonalariga qo'llarini ko'ksiga qo'yib iltimos bilan kirishi huzur bag'ishlaydimi? Xullas, ayni jarayonda yurtdoshlarimizdan ham faollik, huquqiy savodxonlik o'z haq-huquqini talab qilishni o'rganish talab etiladi.

Ziyodulla Ortiqov,
Davlat xizmatlari agentligi Surxondaryo viloyat boshqarmasi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko'rsatilishi ustidan nazorat qilish bo'limi bosh maslahatchisi

Boshqa xabarlar