Niqob ortiga yashiringan vijdon

251

Men bozordagi vaziyatdan ko'z-quloq bo'lib turadigan, ahyon-ahyonda quyushqondan chiqadigan «ucharlar»ning tanobini tortib qo'yadigan (to'g'rirog'i, tortib qo'yishi kerak bo'lgan) nazorat idoralarining «do'q-po'pisalari»ga unchalik ham ishonmay qo'yganman. Ularning ish tutumi xuddiki yosh bola kimdandir shikoyat qilib kelganda, «Hali shoshmay tursin u, adabini berib qo'yaman» qabilidagi yolg'on manziratga o'xshaydi. Bundan boshqacha emas…

Esingizdami, 2018 yil oxiri, 2019 yil boshlarida gaz «zapravka»larda narx birdaniga 2000-2200 so'mgacha ko'tarilib ketganda, O'zA va boshqa ommaviy axborot vositalari rosa yozdi, «Nega?», «Nima uchun?» degan savollarni ko'ndalang qo'ydi. Gap-so'z ko'paygach, noiloj Moliya vazirligi katta sahnaga chiqdi. «Narxni oshirganni u qilamiz, bu qilamiz» dedi.
Yolg'on bo'lmasin-u, o'sha haftalarda ayrim «zapravka»larda gaz bahosi 1800 -1900 so'mga pasaygan bo'lsa, ba`zilarida atigi 100 so'mga tushirilib, heeeech qo'rqmay 2100 so'mdan sotilaverdi. Shu bilan bu mavzu yopildi, «aldagani shofyorlar yaxshi» bo'ldi… Ikki orada baribir ta`minotchi yutdi: 400-500 so'mdan doimiy qo'shimcha daromadni yo'lga qo'yvoldi… Shu voqeadan taxminan 6-7 oy o'tib, narx 2600 -2650 so'mga chiqdi. Ammo bu gal Moliya vazirligi «qorasi»niyam ko'rsatmadi… Ko'rsatganda nimayam derdi? «Sabr, ukam, sabr» derdi-da…
Nega endi yaqin o'tmishni eslab qolding, dersiz? Xullas, kecha Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining aptekalarda «maska» narxi oshib ketayotgani haqida bildirgan munosabatini o'qib, beixtiyor gaz voqeasi yodga tushib ketdi. Agentlik nima deyapti? «Vakolat doiramizda nazoratga olamiz», «Lisenziya talablari va shartlarini buzganlarning lisenziyasini olib qo'yamiz», deyapti.
O'sha vakolatning kuchi qay darajada? Kimga yetadi? Birov pisand qiladimi? Lisenziyasini olib qo'ysa-chi? «O'zbekkonsert»ga o'xshab, bosimdan qo'rqib, bir kunda darrov yana qaytarib bermaydimi? Har narsa bo'lishi mumkin…
Bilmadim, shaxsan menda ishonch yo'q. Hisobot uchun 10-15 ta dorixonadagi narxni «ushlab» qo'yib, ko'kragiga urmasa, qolganida vaziyatni o'zgartira oladi, deb o'ylamayman. Bo'lmasa, hali-hanuz «maska»lar 1500 – 2000 so'mdan sotilib yotmasdi.
Aslida, odamda qalb, vijdon, millatparvarlik, oqibat bo'lsa hech qanday nazoratchi-yu agentlik kerak emas… Vaziyatdan unumli foydalanayotgan «tadbirkor» do'stim, ayting, o'sha niqobni kim taqadi? Begona emas. Sanab beraymi? Keksalar, onalar, otalar, singillar, ukalar, bolalar, do'stlar, yaqinlar, qondoshlar…siz, men, biz, hammamiz, butun yurtimiz! Qarang, oramizda begona bormi? Yo'q! Demak, insof-u diyonatni, vijdonni o'rtaga qo'yib, chuqur o'ylab ko'ring…

platforma.uz

Boshqa xabarlar