«SNOS» EPIDEMIYaSINING IKKINChI TO'LQINI

138

Blogerlar burchagi

Oxirgi vaqtlarda bo'layotgan ishlarni ko'rib, odamlarni norozi qilgan «snos» epidemiyasining ikkinchi to'lqini boshlanganiga guvoh bo'lyapman.

Afsuski, bu safar yillab fuqarolarning peshona teri bilan pul topib, qurgan uylarini buzdirish «aksiyasi»da faqat hokimlar emas, ular bilan birga aslida va idealda fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga mas`ul va vakolatli idoralar vakillari ham turib, fuqarolarga qarshi zo'ravonlik olib borayotgani odamni juda xafa qiladi. Himoya qiladiganlarning o'zidan himoya kerak bo'lsa, dodingni kimga aytasan?
Ayniqsa, Toshkent va Surxondaryo viloyatlaridan kelayotgan murojaatlar o'tgan yilgi xunuk va Prezidentni xafa qilgan voqealarning qayta boshlanishiga sabab bo'ladi, degan xavotir paydo qilmoqda. Rasmiy davlat OAV, xususan «O'zbekiston 24» kanali esa masalaning tubiga yetmay, vaziyatni xolis o'rganmay turib, bir tomonlama fuqarolarni aybdor qilib ko'rsatmoqda. Go'yoki prokuratura va hokimliklar haq-u, fuqarolar nohaq deganday. Umid qilamanki, bu buyurtma emas. Tag'in kim biladi…
Aslida, bunday uylarning qurilishiga o'z vaqtida mas`ullar ruxsat bermasa, davlat yeridan o'zboshimcha uy-joyni qurib olishga kimning jur`ati yetadi?
Ko'rinib turganidek, bu yana mas`ullarning navbatdagi «ochko» olish bahsi, kimlardir orden va medal olgisi kelgani aniq. Bu ularga ham, noxolis OAV uchun ham uyat.
Ayrim zo'ravon mas`ullarning o'quvsiz, bilimsiz va qonunlardan bexabarligini inobatga olib, ularga Oliy Majlis qabul qilgan va amalda bo'lgan «Ma`muriy tartib-taomillar to'g'risida»gi qonunni o'qishlarini tavsiya qilgan bo'lar edim. Zora, hech bo'lmasa, shu qonunni hurmat qilib, fuqarolar bilan munosabat qilishga o'tilsa.
So'ngida zo'ravon mas`ullarga odamlarni qiynab medal olgisi kelmasdan, agar adolatli bo'lishsa, xalq medaldan ham ortig'ini berishi, bu oliy ne`mat ishonch va hurmat ekanini eslatmoqchiman. O'ylab ko'ring, vakolatli «zo'ravonlar!»
Gap egasini topadi…

Rasul Kusherbaev

Boshqa xabarlar