​O'zbekiston – Turkiya: Oliy darajadagi strategik hamkorlikning yangi bosqichi​

91

Anqara, 19 fevral. O'zA maxsus muxbiri Matnazar ELMURODOV xabar qiladi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo'g'onning taklifiga binoan 2020 yil 19 fevral kuni ushbu mamlakatga tashrif buyurdi.
“Esonbug'a” xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Turkiya hukumati a`zolari, Anqara muzofoti va shahri rahbariyati hamda boshqa rasmiy kishilar kutib oldi.
Shavkat Mirziyoev xorijiy tashriflari chog'ida albatta o'sha mamlakatning tabarruk ziyoratgohlarida bo'lib, ulug' siymolari xotirasiga hurmat bajo keltiradi. Turkiyaga bu galgi tashrif ham ana shu ezgu an`ana bilan boshlandi. Davlatimiz rahbari Anqara shahrida Anitkabir yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Turkiya Respublikasining birinchi Prezidenti Mustafo Kamol Otaturk qabriga gulchambar qo'ydi.
Turk xalqining ardoqli farzandi, buyuk davlat arbobi Mustafo Kamol Otaturk mangu orom topgan maskan xalq uchun juda qadrli. Yil davomida bu yerdan ziyoratchilarning qadami uzilmaydi.
Ushbu majmuadagi muzeyda o'z mamlakati ozodligi uchun kurashgan siyosatchining hayoti va faoliyatiga oid ko'plab ashyolar saqlanadi, muzey zallari uzra Mustafo Kamol nutqlari yangraydi, tarixiy kadrlar namoyish etiladi. Bu ziyoratchilarga o'sha davrlar ruhini his qilishiga imkon beradi.
Mustafo Kamol Birinchi jahon urushidan keyin parchalanib, qaramlikda qolgan mamlakatni ozod etgan. 1923 yili mustaqillik e`lon qilib, hozirgi Turkiya Respublikasiga asos solgan. Mamlakatning bugungi taraqqiyotini belgilab bergan siyosiy, ijtimoiy va madaniy islohotlarni amalga oshirgan. 1934 yilda mamlakat parlamentida uni Otaturk deb atash qonuniylashtirilgan.
Davlatimiz rahbari muzey bilan ham tanishdi, majmuaning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.
Tashrifning asosiy tadbirlari Turkiya Respublikasi Prezidenti saroyida bo'lib o'tdi. Rasmiy kutib olish marosimidan so'ng Shavkat Mirziyoev va Rejep Tayyip Erdo'g'on tor doirada uchrashuv o'tkazdi. Unda O'zbekiston bilan Turkiya o'rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
O'zbekiston bilan Turkiyani mushtarak til va tarix, o'xshash madaniyat va an`analarga asoslangan yaqin do'stlik va qardoshlik munosabatlari birlashtirib turadi. Turkiya O'zbekiston mustaqilligini birinchi bo'lib tan olgani ham ana shu qardoshlikning yuksak ifodasi bo'lgan edi. 1996 yilda mamlakatlarimiz o'rtasida Abadiy do'stlik va hamkorlik to'g'risidagi shartnoma imzolangan. 2017 yil oktyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoevning Turkiyaga ilk davlat tashrifi chog'ida mamlakatlarimiz hamkorligini strategik sheriklik darajasiga ko'taradigan Qo'shma bayonot imzolandi.
O'tgan uch yilda aloqalar strategik sheriklik darajasiga chiqdi. Prezidentlar 7 marta uchrashdi. Oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralarda mamlakatlarimiz o'rtasidagi keng ko'lamli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Bu ikki mamlakat ishbilarmon doiralari uchun qulay sharoit yaratish, investisiya muhitini yaxshilash, qo'shma kooperasiya loyihalari va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini amalga oshirish kabi ko'plab yo'nalishlarda o'z aksini topmoqda.
O'tgan yili sentyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan O'zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga to'la huquqli a`zo bo'ldi. O'zbekistonning mazkur tashkilotga qo'shilishini barcha turkiy mamlakatlar, avvalo, Turkiya Respublikasi qizg'in qo'llab-quvvatladi. Shu tariqa mamlakatlarimiz uchun yana bir xalqaro tuzilma doirasida ikki va ko'p tomonlama hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar paydo bo'ldi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Turkiy kengashning Bokuda o'tgan yettinchi sammiti oldidan Toshkentda Turkiy tilli davlatlar ishbilarmonlar kengashi majlisi va Investisiya forumi tashkil etildi.
Mamlakatlarimiz o'rtasida o'zaro manfaatli do'stona munosabatlar izchil rivojlanmoqda. Barcha darajadagi muloqotlar keskin faollashdi. O'zbekiston va Turkiya xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini doimiy qo'llab-quvvatlab kelmoqda.
Hududlararo aloqalar jadal tus oldi. Toshkent va Anqara, Samarqand va Istanbul o'rtasida amaliy hamkorlik olib borilmoqda.
Turkiya O'zbekistonning muhim savdo sheriklaridan biridir. Keyingi yillarda qulay investisiyaviy va ishbilarmonlik muhiti samarasida turk biznesi vakillari yurtimizdagi faoliyatini kengaytirdi. 2019 yilda o'zaro savdo hajmi 2,5 milliard AQSh dollaridan oshdi.
Ayni paytda Turkiya bilan 500 million dollarlik investisiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Bundan uch yil oldin 20 million dollar ham bo'lmagan. O'tgan yilning o'zida qo'shma shirkatlar salkam 500 taga ko'payib, qariyb 1 ming 300 tani tashkil etmoqda.
Transport sohasidagi hamkorlik kengaymoqda. Jumladan, 2019 yilda avtomobilda yuk tashish 33 foizga, temir yo'lda 17 foizga, havo qatnovlari orqali 42 foizga oshdi. Bugungi kunda Istanbuldan Toshkent va Samarqandga parvozlar amalga oshirilmoqda. Kelgusida Buxoro shahriga ham parvozlar rejalashtirilgan.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston – Turkiya hukumatlararo komissiyasi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, hududlar va tarmoqlar o'rtasida hamkorlikni mustahkamlashga ko'maklashmoqda. Ayni paytda ikki mamlakatda xaridorgir bo'lgan yuqori qo'shimcha qiymatli mahsulotlarni yetkazib berish va uzoq muddatli investisiyaviy hamkorlikni rivojlantirish orqali o'zaro savdo hajmini muttasil oshirib borish va diversifikasiya qilish bo'yicha izchil choralar ko'rilmoqda.
Muzokarada o'zaro manfaatli imkoniyatlarni ishga solish, yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha hukumatlararo komissiya yig'ilishlarini muntazam o'tkazish zarurligi ta`kidlandi.
Turkiya rivojlangan to'qimachilik sanoati bilan ham mashhur. Mamlakatimizda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan to'qimachilik korxonalari tashkil etish va yetishtirilayotgan paxtani to'liq qayta ishlab, tayyor mahsulot uchun sertifikatlashni joriy etish va jahon bozoriga yo'naltirish mo'ljallanmoqda. Buning uchun Ege, Okan va Istanbul texnika universitetlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Uchrashuvda transport aloqalarini kengaytirish, Turkiya orqali Yevropaga multimodal xalqaro tashuvlarni yo'lga qo'yish muhimligi qayd etildi. Intensiv bog'dorchilik, baliqchilik, chorvachilik, naslchilik yo'nalishlarida Turkiyaning ilg'or tajribasini o'zlashtirish, universitetlar va ilmiy markazlar bilan qo'shma tadqiqotlar olib borish masalalariga to'xtalib o'tildi.
Mamlakatlarimiz o'rtasida do'stlik rishtalarini yanada mustahkamlashda madaniy-gumanitar tadbirlar, turli festivallar muhim o'rin tutadi. Turkiya madaniyati va san`ati vakillari Samarqandda o'tadigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida muntazam ishtirok etadi. Shuningdek, turk amaliy san`ati va folklori namoyandalari yurtimizda ilk bor o'tkazilgan Xalqaro maqom san`ati anjumani, Hunarmandchilik festivalida ham o'z san`ati va madaniyati namunalarini taqdim etdi.
Sog'liqni saqlash va tibbiy ta`lim sohalarida, yetakchi tadqiqot markazlari o'rtasida tajriba almashish hamda professional kadrlar tayyorlash borasidagi hamkorlik ham muhim ahamiyatga ega. Bu borada o'tgan yili Buxoro davlat tibbiyot institutida xalqaro fakultet tashkil etilib, 131 talaba o'qishga qabul qilinganini qayd etish o'rinli. Turkiya bilan hamkorlikda bunday qo'shma ta`lim dargohlarini ko'paytirish, hududlarda tibbiyot darajasini oshirish va aholini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish, tibbiy turizmni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.
Prezidentlar O'zbekistonda onkogematologiya, kardiojarrohlik, oftalmologiya yo'nalishlarida zamonaviy qo'shma klinikalar va diagnostika markazlari tashkil etish, kichik biznes, to'qimachilik kabi yo'nalishlarda qo'shma ta`lim dasturlarini amalga oshirish, klasterlar uchun mutaxassislar tayyorlash taklifi yuzasidan fikr almashdilar.
So'nggi yillarda Turkiyadan sayyohlar oqimi ikki barobar oshdi. Jumladan, o'tgan yili 64 ming turkiyalik sayyoh mamlakatimizga tashrif buyurdi.
Samimiy ruhda o'tgan uchrashuvda ikki tomonlama siyosiy muloqot va ko'p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga intilish qat`iy ekani yana bir bor tasdiqlandi. Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Davlatimiz rahbarining Turkiyaga tashrifi doirasida shu kuni Anqara shahrida Oliy darajadagi O'zbekiston – Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Bu kengash ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi muloqot formatidir. U 2018 yili davlat rahbarlarining Qo'shma bayonotiga muvofiq tuzilgan.
Kengash o'z faoliyatini O'zbekiston va Turkiya Prezidentlari hamraisligida olib boradi. Siyosat, xavfsizlik va mudofaa, savdo va iqtisodiyot, investisiya, turizm, energetika, transport va tranzit, qishloq va o'rmon xo'jaligi, madaniyat, ta`lim, fan va texnika, innovasiyalar, sog'liqni saqlash va boshqa o'zaro manfaatli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish strategiyasini belgilaydi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston – Turkiya hukumatlararo komissiyasi hamraislari erishilgan natijalar to'g'risida mazkur kengashga doimiy axborot kiritib boradi. O'zbekiston tashqi ishlar vazirligi va Turkiya tashqi ishlar vazirligi kengashning muvofiqlashtiruvchi organlari hisoblanadi.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo'g'on davlatimiz rahbarini tashrif bilan qutlab, mamlakatlarimiz parlamentlari, davlat idoralari va ishbilarmon doiralari o'rtasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotganidan mamnunligini bildirdi. Turkiya va O'zbekistonning qo'shma loyihalarini har tomonlama qo'llab-quvvatlashini ta`kidladi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimiz delegasiyasiga ko'rsatilayotgan mehmondo'stlik va cheksiz hurmat uchun Turkiya rahbari va xalqiga tashakkur izhor etdi.
– Bu uchrashuv strategik sherikligimiz yuksak bosqichga ko'tarilganining yaqqol ifodasidir. Mamlakatlarimiz o'rtasida o'zaro tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda besh milliard dollarga yetkazishga qaratilgan ustuvor vazifalarni bajarishda ham ushbu kengash, albatta, muhim zamin bo'ladi. Biz bugungi yig'ilish natijalarini mustahkamlab, kelgusi yili bo'lib o'tadigan uchrashuvning kun tartibi va hamkorligimizning asosiy yo'nalishlari haqida hozirdan o'ylashimiz maqsadga muvofiq, – dedi davlatimiz rahbari.
O'zbekiston bilan Turkiya hamkorligi, ayniqsa, oxirgi uch yilda ancha faollashdi. Shavkat Mirziyoevning 2017 yil oktyabr oyida Turkiyaga hamda Rejep Tayyip Erdo'g'onning 2018 yil aprelda O'zbekistonga davlat tashriflari o'zaro siyosiy ishonchni mustahkamlab, samarali hamkorlikka keng yo'l ochdi.
Izchil muloqotlar va mushtarak intilishlar samarasi hamkorlik rivojida yaqqol namoyon bo'lmoqda.
Ikki davlat rahbarlarining qo'llab-quvvatlashi va yaratilayotgan sharoitlar natijasida hamkorlik ko'lamini yanada kengaytirish mumkinligi ta`kidlandi.
Yig'ilishda O'zbekiston va Turkiya savdo vazirlari so'zga chiqib, ikki tomonlama hamkorlik rivoji to'g'risida batafsil axborot berdi.
Muzokaralarda mamlakatlarimiz hamkorligiga oid barcha masalalar va ularning yechimlari, istiqboldagi asosiy vazifalar hamda qo'shma loyihalar kelishib olindi.
Shavkat Mirziyoev Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig'ilishini o'tkazish uchun Rejep Tayyip Erdo'g'onni O'zbekistonga taklif qildi.
Muzokaralar yakunida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo'g'on Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig'ilishi natijalari to'g'risida Qo'shma bayonotni imzoladilar. Shuningdek, iqtisodiyot, savdo, texnologiyalar sohasiga oid hujjatlar imzolandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o'tkazilgan brifingda Rejep Tayyip Erdo'g'on O'zbekiston Prezidenti tashrifidan mamnun ekanini bildirdi.
– Ilmi, ijodi bilan dunyoga ezgulik ulashgan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Ali Qushchi, Alisher Navoiy kabi buyuklarimiz tuproqlaridan salom keltirgan bu insonlarning tashrifi biz uchun juda aziz va qadrlidir. O'zbekiston bilan munosabatlarimiz mustahkam qardoshlik rishtalariga tayangan holda, strategik sheriklik darajasiga ko'tarilganini qadrlaymiz, – dedi Turkiya Prezidenti.
Prezident Shavkat Mirziyoev O'zbekiston – Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig'ilishi do'stona aloqalar tarixida yangi sahifa ochgani, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, madaniy-gumanitar sohalarga oid ko'plab masalalar atroflicha muhokama qilinganini ta`kidladi.
– Qo'shma loyihalarni amalga oshirish masalasi muloqotimizning markaziy mavzularidan biri bo'ldi. Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan qiymati bir milliard dollardan ortiq bo'lgan yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda. Bu jarayonni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga kelishib oldik, – dedi davlatimiz rahbari.
Aksariyat mintaqaviy va xalqaro muammolar borasida, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Turkiy tilli davlatlar kengashi doirasidagi hamkorlikka oid yondashuvlar mushtarak ekani ta`kidlandi. Zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda ham muloqotni kuchaytirish lozimligi qayd etildi.
Ma`rifiy islomni targ'ib etish, madaniyat, fan, ta`lim, sog'liqni saqlash va sport sohalarida birgalikda tadbirlar o'tkazish muhimligi ta`kidlandi.
– Qardosh xalqlarimiz taraqqiyoti, tinch va farovon hayoti yo'lida rivojlanib borayotgan an`anaviy do'stlik, keng qamrovli hamda istiqbolga mo'ljallangan hamkorlikni yangi bosqichga ko'tarish uchun barcha imkoniyatlarimizni safarbar etishga tayyormiz. Aynan shu tamoyillar muloqotimiz yakunida imzolangan Qo'shma bayonotda o'z ifodasini topdi, – dedi Shavkat Mirziyoev. 
Davlatimiz rahbari tashrif doirasida 20 fevral kuni Turkiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashishi, Turkiya Respublikasi Prezidenti kutubxona majmuasining ochilish marosimida qatnashishi rejalashtirilgan. Mazkur tadbirlar Turkiya bilan iqtisodiy hamkorlikda yangi sahifa ochadi, ziyo maskaniga tashrif xalqlarimizning o'z kelajagini yuksak ma`naviyat, o'lmas axloqiy qadriyatlar, bilim va ma`rifat orqali ko'rayotganining namoyoni bo'ladi. 

Boshqa xabarlar