O'zbekistonda pensiya islohoti yaqin

84

Pensiya islohotining yangi konsepsiyasi doirasida pensiya yoshining bosqichma-bosqich oshirilishi hamda uch darajali pensiya ta`minoti tizimiga o'tilishi ko'rib chiqilmoqda.

Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasi tomonidan 2020 yil 1 aprelgacha pensiya islohotining yangi konsepsiyasi tayyorlanishi va keng jamoatchilik muhokamasiga qo'yilishi rejalashtirilgan. Bu haqida Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Bugungi kunda dunyoda erkaklar va ayollar uchun o'rtacha pensiya yoshi 62 yoshni, O'zbekistonda esa 57,5 yoshni tashkil etadi. Islohotlar jarayonida 7 yilni tashkil etadigan, pensiya tayinlash uchun eng kam staj bosqichma-bosqich oshirilishi ham rejalashtirilmoqda. (Xalqaro mehnat tashkiloti Konvensiyasiga muvofiq – 15 yil).

Mutaxassislar tomonidan pensiya badallarini to'lashda aholi manfaatdorligini oshirish uchun uch darajali pensiya ta`minoti tizimiga o'tilishi ko'rib chiqilmoqda. Birinchi darajasida eng kam miqdordagi davlat pensiyasi to'lanishi nazarda tutilmoqda. Ikkinchi darajasida MB qayta moliyalashtirish stavkasidan kam bo'lmagan miqdorda foizlar hisoblangan holda ish haqidan muayyan summadagi ajratmalar asosida shaxsiy hisob varaqda jamlangan pensiyani to'lash. Uchinchi holatda Pensiya jamg'armasiga ajratmalar miqdori aholi tomonidan belgilanadi.

“Joriy yilda fuqarolarning pensiya ta`minoti to'g'risidagi yangi qonun qabul qilinadi. Amaldagi Qonun 1994 yilda qabul qilingan. Qonunga 26 marta tuzatishlar kiritilganligiga qaramay, unda havolaki normalar, o'zini oqlamagan imtiyozlar ham bor. Hozirga qadar alohida soha xodimlari, mukofotlangan va unvonlarga ega fuqarolarning ro'yxati mavjud, ular muddatidan oldin pensiyaga chiqish imkoniyatiga egalar yoki pensiyaga yuqori miqdorda ustamalarni asoslanmagan holda oladilar. Bunday imtiyozlar 642,4 ming kishiga berilgan”, ‒ deyiladi xabarda.

Idoralararo ma`lumotlar almashinuvini kengaytirish maqsadida «Pensiya» dasturiy kompleksini modernizasiya qilish rejalashtirilmoqda. Hozirgi vaqtda 2,4 mln pensionerlar SMS-xabar tizimidan foydalanadilar, YaIDXP orqali axborot olish uchun boshqa onlayn-xizmatlar ham joriy etilgan, davlat xizmatlari markazlari orqali bola tug'ilganligi va dafn marosimi uchun nafaqalar olishga buyurtmalar berish jarayoni avtomatlashtirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 5.12.2019 yildagi 971-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomda Yagona milliy mehnat tizimida jismoniy shaxslar o'zining o'tgan davrlardagi mehnat faoliyati haqidagi ma`lumotlarni mustaqil ravishda joylashtirishga haqli ekanligi nazarda tutilgan. Bunda kiritilgan ma`lumotlar yozuv kiritilganidan keyin 15 kun mobaynida Pensiya jamg'armasi organlari tomonidan verifikasiya qilinadi (tasdiqlanadi). 

2020 yil 1 aprelga kelib ushbu ma`lumotlarni kiritish va ularni verifikasiya qilish mexanizmi aniqlashtiriladi.

Boshqa xabarlar