Bekat qulf. Yo'lovchilar esa yomg'irda

114

Bugun dushanba. Hamma ishga, o'qishga boradigan kun. Aksiga olib yomg'ir erinmay yog'yapti. O'zi Dang'ara tumani markazida tuzuk-quruq 2-3 ta bekat bor.  Shulardan bittasi tumanning qoq markazida joylashgan. Bu yerda yo'lovchilar 42-, 14-, 34-, 43-avtobuslarga chiqib, manzillariga boradi.

Yomg'ir yog'ishiga qaramay, yo'lovchilarning yomg'ir ostida avtobus kutayotganiga xayron bo'ldim. Qiziq, bekat turib nega yomg'irda turishibdi, degan xayol o'tdi. Bekatga yaqin borib, eshikni tordim. Eshik qulf. Hali ertamikin, deb soatga qaradim. Soat 9:00. Nahotki soat 9 bo'lsa ham ochilmagan bo'lsa.

Yo'lovchilardan biri bekatning qulfligidan nolib “Shu ham ish bo'ldimi, bekatga ham qulf uradimi? Bekat aslida yo'lovchilar uchun qurilgan-ku”, deya xasratini to'kib soldi. Bungacha yana bir qancha yo'lovchi bekat eshigini tortib ko'rdi. Ular ham tarvuzi qo'ldig'idan tushgadek, jimgina yomg'irda avtobus kutishga majbur bo'ldi.

Shu o'rinda bir gap. Bekat shunchaki xo'jako'rsinga emas, yo'lovchilarga xizmat ko'rsatish uchun qurilgan-ku. Uni qulflab, yo'lovchilarni yomg'irda qoldirishdan kimga naf.

Jamshid Ergashev

Boshqa xabarlar