“Shartli dushman” yakson etildi

87

    

         Mudofaa vazirligi Janubi-g'arbiy maxsus harbiy okrugga qarashli «Nuriston» poligonida Nuriston garnizonidagi harbiy xizmatchilar ishtirokida amaliy mashg'ulotlar o'tkazildi.

         Rejaga muvofiq, jangovar guruh tezkor harakatlanib, belgilangan nuqtaga yetib kelishi bilan birinchi sinovni qarshi oldi. Shartli dushman o'rnashib olgan hududga eltuvchi yo'lda ommaviy qirg'in qurollari qo'llanilgan. Mahorat qanchalik yuqori, jangovar ruh qanchalik baland bo'lmasin, bunday paytlarda taktika qo'llanilmas ekan, ko'zlangan maqsadga erishib bo'lmaydi.

Shu bois shaxsiy tarkib snayperlar guruhining kuzatuvi va himoyasi ostida zudlik bilan shaxsiy himoya vositalarini kiydi. Bu yurt o'g'lonlarining zaharlangan hududdan shartli dushman o'rnashib olgan nuqtaga qadar etib borishi va uni tor-mor keltirishi yo'lidagi ilk qadam bo'ldi.

Shundan so'ng, harbiy xizmatchilar jangovar ikkilik taktik guruhlariga bo'lingan holda harakatni davom ettirdi. Ularni shartli dushman bilan yuzma-yuz bo'lishi oldidan ikkinchi sinov to'sig'i – chaqqonlik va epchillikni talab etadigan simli yo'lak kutib turardi. Taktik guruhlar o'zaro ichki navbatchi kuzatuvi asosida bu to'siqdan ham muvaffaqiyatli o'tib oldi. Harbiy xizmatchilar shu tariqa taktik tayyorgarlikning bir nechta me`yorlarini ham a`lo darajada bajarishdi.

To belgilangan nuqtaga yetib kelguncha bir-biridan murakkab va mashaqqatli sinovlarni sabot bilan yengib o'tgan Vatan himoyachilari shartli dushmanni bir hamlada yakson etdi. Ularning so'nggi bor tik holatdagi ko'rinishi yurtning asl o'g'lonlari jangovar quroli nishonida qoldi…

– Bu kabi amaliy mashg'ulotlar shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirib, ularning vaziyatga moslashishi, o'rni kelsa o'zlari mustaqil qaror qabul qilishi va yakunda eng oliy burch – Vatan himoyasiga hamisha shay holatda turishini ta`minlaydi, – deydi vzvod komandiri kapitan Sherali Qirg'izboev. – Shaxsiy tarkibning ushbu mashg'ulotlar davomida ko'rsatayotgan natijalari, albatta, tahlil qilinib, zarur va kerakli ko'rsatmalar berib borilmoqda.

Armiyani merganlarsiz tasavvur etib bo'lmaydi. Ular masofadan turib dushmanni tor-mor keltirish, jang kechayotgan nuqtaga kirib borayotgan shaxsiy tarkibni mudofaa qilish kabi muhim vazifalarni bajaradi.

Kunning ikkinchi yarmida shaxsiy tarkib bilan birgalikda «Merganlar marrasi» yo'lagi bo'ylab harakat qildik. Ular o'q otish nuqtasiga yetib kelguncha ushbu yo'lakning bir-biridan murakkab, turli-tuman to'siqlarini yengib o'tdi. Qayd etish joizki, ushbu yo'lak bo'ylab tez va aniq harakatlanib, jangovar vazifani to'la-to'kis, xatolarsiz bajarish uchun qulay nuqtaga etib kelishning o'zi ham harbiy xizmatchidan katta mahorat talab etadi.

Undan tashqari nishonni bexato urish uchun merganda mahoratdan tashqari katta xotirjamlik va diqqatni jamlash ko'nikmasi ham mujassam bo'lishi kerak. Ana shunday sifatlarni o'zida jam etgan yurt himoyachilari belgilangan nishonlarni yo'q qilib, jangovar vazifani a`lo darajada bajarishdi.

Shu tariqa amaliy mashg'ulotlarda harbiy xizmatchilarning jangovar mahorati, sabr-toqati va chidamliligi yana bir bor sinovdan o'tdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

Boshqa xabarlar