Oliy ta`lim qachon korrupsiyasiz sohaga aylanadi?

86

O'tgan ikki yilda oliy ta`lim tizimida 326 xodim ta`lim jarayoni bilan bog'liq jinoyati uchun javobgarlikka tortilgan. Ular orasida 3 rektor, 5 prorektor, 15 dekan va dekan o'rinbosarlari, 62 o'qituvchi bor. 

Toshket davlat iqtisodiyot universitetida Oliy Majlis Senatining Fan, ta`lim va sog'liqni saqlash masalalari qo'mitasi tomonidan “Oliy ta`lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish: muammo va ta`sirchan choralar” mavzusida o'tkazilgan davra suhbatida tizimdagi korrupsiya haqida so'z yuritildi. 
Zamonaviy bilim va yuksak ma`naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish maqsadida qabul qilingan O'zbekiston Respublikasi oliy ta`lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflikni ta`minlashning ta`sirchan mexanizmlarini joriy etish, ushbu illatning har qanday ko'rinishiga barham berish, oliy ta`lim muassasalarida tajribali, halol, pok vijdonli, mas`uliyatli professor-o'qituvchi va xodimlar safini kengaytirishga alohida e`tibor qaratilayotgani ta`kidlandi.
Shunga qaramay, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab xorijiy o'quv yurtlari bilan hamkorlikda talabalarni o'qitish va ikki tomonlama tan olinadigan diplom berish amaliyoti joriy etilganiga qaramasdan, ushbu jarayonda ham turli suiiste`molchiliklarga yo'l qo'yilayotgani tadbir ishtirokchilari tomonidan keskin tanqid qilindi. Talabani o'qishga qabul qilishdan boshlab, to diplom olishga qadar bo'lgan har bir bosqichda kuzatilayotgan korrupsiya holatiga tanqidiy fikrlar bildirildi. 
Davra suhbati doirasida oliy ta`lim sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini izchil davom ettirishga, korrupsiyaning har qanday ko'rinishiga barham berishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. 

Mohigul QOSIMOVA, O'zA

Boshqa xabarlar