Eng katta maqsadimiz – xalqimiz hayotiga quvonch olib kirish​

88

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 28 fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari dastlab Mirzo Ulug'bek tumani Avayxon mahallasida bunyod etilayotgan ko'p qavatli uy-joylarni ko'zdan kechirdi.
Bu yerda jami 1 ming 120 ta xonadondan iborat 17 ta ko'p qavatli uylar qurilishi loyihalashtirilgan. Bugungi kunda 5 ta turar joy qad rostlab, ichki pardozlash ishlari olib borilmoqda.
Prezidentimiz xonadonlardan birini kirib ko'rdi, uylarning qurilish texnologiyasi va energiya tejamkorligiga e`tibor qaratdi.
Tashqi devorlar bazalt materiali bilan qoplangani ob-havo ta`sirini kamaytirib, xonadonlarning qishda issiq, yozda salqin bo'lishini ta`minlaydi. Yana bir samarali tomoni – bu to'liq mahalliylashtirilgan mahsulot.
Davlatimiz rahbari mahalliy materiallarni ko'proq ishlatib, uylarning narxini arzon qilish, ularni turli soha vakillari bilan birga kam ta`minlanganlarga ham ajratish bo'yicha ko'rsatmalar berdi. Kredit muddatini uzaytirish, ijaraga berish orqali kambag'al oilalarni qo'llab-quvvatlash muhimligini ta`kidladi.
– Shaharlarda odamlar kommunal xizmatlar sifatsizligidan norozi. Binolarni ekspluatasiya qiladigan barqaror tashkilotlar, malakali kadrlar yetishmaydi. Yangi ob`ektlar eski tarmoqlarga ulab qo'yiladi. Butun kvartal birdaniga uzoqdagi stansiyadan isitiladi. Aslida, aql bilan ish qilinsa, kommunal to'lovlarni 50 foizgacha arzonlashtirish mumkin, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Yangi mavzeda avtonom issiqlik stansiyasi qurish, imoratlarni ekspluatasiya qiladigan va sifatli xizmat ko'rsatadigan zamonaviy shirkat tashkil etish bo'yicha ko'rsatma berildi.
Hududda yana bir nechta 9, 16 va bitta 25 qavatli turar joy barpo etilishi rejalashtirilgan. Loyihada zamonaviy qurilish normalari bilan birga milliy qadriyatlarimiz, turli marosimlar uchun qulayliklar ham inobatga olingan. Barcha uylarni 2020 yil sentyabrda foydalanishga topshirish mo'ljallangan.
Shuningdek, maktab, bolalar bog'chasi, dam olish va sport maydonchalari, bolalar o'yingohlari, ko'p qavatli avtoturargoh barpo etilishi loyihalashtirilgan.
Bugungi kunda Toshkentning sanoat, tranzit-logistika, infratuzilma imkoniyatlaridan samarali foydalanib, yuqori qo'shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent mexanika zavodining ulkan hududi va binolaridan samarali foydalanish maqsadida tashkil etilgan Texnopark ana shunday sanoat hududlaridan. Davlatimiz rahbari o'tgan yili 28 iyunda bu yerga kelib, loyihalar taqdimoti bilan tanishgandi.
Texnoparkda 2020-2021 yillarda umumiy qiymati 393 million dollardan ziyod bo'lgan 15 ta korxonani ishga tushirish mo'ljallangan. Ularda kir yuvish mashinalari, oshxona plitalari, sovutkich va muzlatkichlar, sanoat kondisionerlari, lift va eskalatorlar, elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish ko'zda tutilgan.
Bu yerda zarur muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari mavjud. Tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida logistika markazi tashkil etiladi. Ishlab chiqariladigan mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasi 35-40 foiz bo'ladi. Shuningdek, yiliga 186 million dollarlik eksport qilish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz Texnopark hududida ishga tushirilgan ilk loyiha – elektron gaz hisoblagichlar korxonasi faoliyati bilan tanishdi, mahsulotlar namunalarini ko'zdan kechirdi.
50 million dollar investisiya hisobiga tashkil etilgan korxonada yiliga 3 million dona elektron gaz hisoblagich tayyorlanadi. Bu “aqlli” hisoblagichlarga sim-karta o'rnatilgan bo'lib, ishlatilgan tabiiy gaz hajmi haqidagi ma`lumotni onlayn rejimda markaziy serverga uzatadi. Shu tariqa hisoblashda billing tizimi joriy etiladi va inson omili qisqaradi.
Ushbu hisoblagichlar xavfsizlik jihatidan ham qulay. Ularga o'rnatilgan me`yor uskunasi ortiqcha gaz bosimini pasaytirib, iste`molchiga bir xilda yetkazib beradi. Bu orqali aholi xonadonlari va inshootlarda yong'in yoki gazdan zaharlanish kabi ko'ngilsiz holatlarning oldi olinadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 3,5 million dona elektron gaz hisoblagichga ehtiyoj mavjud. Korxona ushbu ehtiyojni bir yilda qoplab, kelgusi yildan 7,7 million dollarlik mahsulot eksport qilish quvvatiga ega. Buning uchun korxona hamkori – Italiyaning “Petro Fiorentini” kompaniyasi bilan tegishli shartnoma tuzilgan.
Davlatimiz rahbari korxona faqat sotish bilan cheklanib qolmay, hisoblagichlarni o'rnatishdan tortib xizmat ko'rsatishgacha mas`ul bo'lishi, ekspluatasiyaga javob berishi kerakligini ta`kidladi.
– Har bir ishlab chiqarishga kirishishdan oldin standartni o'ylash kerak. Malakali servis uchun ham, eksport uchun ham standart zarur. Afsuski, biz bu sohada dunyodan ancha ortda qoldik. Joylarda standart kafolatini ta`minlaydigan kadrlar juda kam. Shuning uchun mana shunday sanoat korxonalarining o'zida servis bo'yicha mutaxassislar tayyorlashni yo'lga qo'yish kerak, – dedi Prezident.
Korxonaning servis markazi faoliyati haqida ma`lumot berildi. Bu markaz korxona va “Hududgazta`minot” aksiyadorlik jamiyati bilan uzviy ishlaydi. Joriy yilda “Hududgazta`minot” tomonidan 3 million 480 ming dona hisoblagich o'rnatish rejalashtirilgan. Bu ishni tashkil etishda Texnopark servis markazining joylardagi 15 ta filiali ko'maklashadi. Hozirgi kunda ushbu filiallarda 150 mutaxassis mehnat qilmoqda. Bitta ishchi bir kunda 30 ta gaz hisoblagich uskunasi to'g'ri o'rnatilganini tekshirib, kafolat muddatini beradi.
Servis markazidagi yagona aloqa bo'limida mijozlar murojaatlariga javob qaytariladi. Bitta operator kuniga 60 tagacha qo'ng'iroqni qabul qiladi. Servis markazida ishlab chiqilgan “Texnosoft” dasturiy mahsuloti orqali o'rnatilgan gaz hisoblagichlar soni, to'g'ri o'rnatilgani nazorat qilib boriladi. “Texnosoft” hisoblagichlarga kafolat muddatini berish uchun arizalarni mutaxassislarga taqsimlaydi, mijozlarga xizmat ko'rsatadi.
Prezidentimiz korxona ishlab chiqargan gaz hisoblagichlar sifatiga javob berishi, servis markazi korxona – “Hududgazta`minot” – mijoz o'rtasida bog'liqlikni ta`minlashi lozimligini ta`kidladi.
Davlatimiz rahbari Texnoparkda amalga oshirilayotgan galdagi loyihalar, ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan sanoat mahsulotlari bilan ham tanishdi.
Shavkat Mirziyoev Yashnobod tumanidagi Mudofaa vazirligiga qarashli Ma`naviyat va ma`rifat markazini borib ko'rdi.
Bu markaz binosi 1980 yilda qurilgan. Hozirda unda Qurolli Kuchlar ansambli, Markaziy harbiy orkestr, “Turon” davlat harbiy teatri, bichish-tikish korxonasi va bolalar to'garaklari joylashgan. Lekin imkoniyatlardan to'la foydalanilmayotgan edi.
Prezident markaz binosini rekonstruksiya qilib, undan maqsadli foydalanish, davlat-xususiy sheriklik asosida ko'ngilochar maskan tashkil etish zarurligini ta`kidladi. 
Bu yerda konsertlar, bayram tadbirlari o'tkaziladi. Atrof obodonlashtirilib, tadbirkorlar ishtirokida savdo va xizmat ko'rsatish shoxobchalari tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbari shu yerdagi Aviasozlar sport majmuasini ham kirib ko'rdi. Uning hududini obodonlashtirish, sportsevarlarga qulayliklar yaratish bo'yicha ko'rsatmalar berildi.
Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ishsizlarni kasbga qayta tayyorlash uchun zarur sharoit yaratilmoqda.
Yashnobod tumanida 2019 yil sentyabr oyida faoliyat boshlagan “Ishga marhamat” mono-markazi ana shunday muassasalardan biri. Unda qurilish, maishiy xizmat, texnik-muhandislik kabi sohalar bo'yicha 22 ta kasbga o'rgatish yo'lga qo'yilgan. Buning uchun zarur stanoklar, mebel, mulyaj va boshqa amaliyot vositalari keltirib o'rnatilgan. Markaz yiliga 5 ming 600 kishini o'qitish imkoniyatiga ega.
Bu yerga kelgan odamga avval bandlik masalalari bo'yicha maslahat xizmati ko'rsatiladi. Doimiy ishga ega bo'lmasa, bo'sh ish o'rinlari taklif etiladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj murojaatchilar doimiy kvotali ish bilan ta`minlanishi ham mumkin.
Kasbiy malaka talab etiladigan ishni tanlaganlar shu yerdagi o'quv kursiga jalb qilinadi. Boshqa mamlakatda ishlash istagini bildirgan fuqarolarga bu boradagi ko'nikma va xorijiy tillar o'rgatiladi.
Markazda ingliz, yapon, xitoy, koreys va rus tillarini o'qitish bo'yicha qisqa muddatli kurslar faoliyat yuritmoqda. Xorijdagi bir qator oliy o'quv yurtlari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yo'lga qo'yilgan.
Bu yerga o'tgan 5 oyda 550 dan ziyod fuqaro murojaat qilgan. Ularning asosiy qismini xotin-qizlar va yoshlar tashkil etgan. 267 fuqaro o'qishni bitirib, sertifikat olgan.
Prezidentimiz markazda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, usta va kasb o'rganayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi. 
Bunday markazlar odamlarning talab bor kasblarni tezda o'rganib, o'z ishini topishi uchun juda muhimligini, bo'sh turgan kollej va boshqa binolarni ta`mirlab, Toshkent shahrining har bir tumani va barcha viloyatlarda shunday muassasalar tashkil etish lozimligini ta`kidladi.
Kasb-hunar yo'nalishlarini shu ixtisoslikdagi o'quv yurtlariga biriktirib, yuqori malakali o'qituvchilarni jalb etish, shuningdek, kechki saboqlarni ham yo'lga qo'yish bo'yicha ko'rsatmalar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoev Yashnobod tumani rahbarlari, mahalla raislari, tadbirkorlar, maktab va sog'liqni saqlash muassasalari vakillari bilan uchrashuv o'tkazdi.
Davlatimiz rahbari tumanni obod va osoyishta, namunali hududga aylantirish, yangi ish o'rinlari yaratish, kambag'allikka barham berish, ta`lim sifatini oshirish, sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish, tinchlikni ta`minlash borasida bir qator tashabbuslarini aytdi, topshiriqlar berdi.
– Sizlar bilan, xalq orasida yurib, islohotlarimizni amalga oshirayotgan odamlar bilan suhbat qilib, mavjud muammo va masalalarni ochiq-oydin muhokama qilgani keldim. Shuning uchun yodlangan gaplarni gapirmasdan, ko'proq savol berib, takliflaringizni aytsangizlar xursand bo'laman, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Tumandagi 58 mahallada 240 ming aholi istiqomat qiladi. 8 mingdan ziyod fuqaro ishsiz, 10 ming odam ishlash maqsadida boshqa davlatlarga ketgan. Demak, Yashnobodning 18 mingdan ziyod aholisiga munosib ish kerak.
Davlatimiz rahbari tumanda ishsizlikning oldini olish, kambag'allikka barham berish maqsadida “Yo'l xaritasi” ishlab chiqish haqida topshiriq berdi.
– Bir insonning og'irini yengil qilish Xudoga ham yoqadi. Kambag'al kishining ham farzandi bor, hayotdan umidi bor. Shuncha yil bu haqda gapirmadik, yashirib keldik. Endi bunga barham beraylik. Kambag'allikni yo'qotaylik, – dedi Prezidentimiz. 
Buning uchun, avvalo, yoshlarni biron kasb egasi qilib voyaga yetkazish, yangi ish o'rinlarini ko'paytirish, Yashnobod tumanidagi band bo'lmagan aholiga xizmat ko'rsatuvchi “Ishga marhamat” mono-markazi shaklidagi markazlarni barcha tumanlarda ochish haqida fikr bildirildi. Tuman hokimlari va boshqa daxldor tashkilotlar rahbarlariga qisqa vaqtda kollejlarda mahalla yoshlarini kechki smenada kasb-hunarga o'qitish kurslarini joriy etish haqida topshiriq berildi. 
Davlatimiz rahbari kasb-hunar egallagan yoshlarning ish unumdorligi, oilasiga, iqtisodiyotimizga foydasi haqida gapirdi. Ta`kidlanganidek, sanoatni rivojlantirishda yoshlar kuchidan foydalanish kerak. Buning uchun ular zamonaviy dastgohlarda ishlashni bilishi talab etiladi. Shunda ularning oylik maoshi ham oshadi.
Davlatimiz rahbari sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish borasida muhim g'oyalarni aytib, yana bir muammo aholining sog'lom ovqatlanish me`yorlariga amal qilmasligida ekanini ta`kidladi. 
Nuroniylarga, oilaviy poliklinika shifokorlariga mahallalarda keng targ'ibot ishlarini olib borish vazifasi topshirildi. Ko'proq piyoda yurish va bu borada Yashnobod tumani tajribasini joriy qilish taklifi bildirildi.
Uchrashuvda mahalla va oila tizimidagi uyg'un islohotlar, jumladan, yangi tashkil etilgan Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi faoliyati haqida so'z bordi. Jinoyat sodir etilishining oldini olish, ishsizlikka, kambag'allikka barham berishda mahallaning roli muhimligi ta`kidlandi.
– Prezident siyosatining eng katta zamini bu – mahalla tizimi. Shu bois mahalla raisi va profilaktika inspektorlarini majlislarga chaqirmaymiz, kerak bo'lsa mahallaga kelib majlis qilinadi, – dedi davlatimiz rahbari.
Oilaviy nizolarga, ajrashishlarga qarshi kurashni kuchaytirish kerakligi haqida gap borar ekan, endilikda er-xotinni ajratishda Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligining ruxsati olinishi shartligi aytildi. Bu borada tegishli qonun hujjatlariga o'zgartirishlar kiritish bo'yicha topshiriq berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoev uchrashuvda Yashnobod tumani misolida davlat boshqaruvi tizimiga o'zgartirish kiritish haqida fikr bildirdi. Shuningdek, kambag'allikni kamaytirish bo'yicha Sirdaryo viloyatining Boyovut va poytaxtimizning Yashnobod tumani namuna bo'lishi kerakligini aytdi.
Bunda asosiy e`tibor kam ta`minlangan oilalar bilan ishlash, xotin-qizlar muammolariga yechim topish, bandlikni ta`minlash, mahallalardagi sog'lom muhitni mustahkamlashga qaratiladi.
– Ishlagan odamga jamiyat e`tibor qaratadigan zamon keldi. Tinchligimizning qadriga yetib, pok va halol bo'lib harakat qilsak, albatta natija bo'ladi. Ertangi kunimizga befarq bo'lmaylik. Yashnobod o'z nomiga munosib yashnab turishi, quyi tizimda ishni tashkil qilish bo'yicha namuna bo'lishi kerak, – dedi Prezidentimiz.
Bugun Toshkent poytaxt maqomiga munosib rivojlanmoqda. Islohotlar xalqimiz hayotida aksini topmoqda. Odamlarimiz kayfiyati ham shunga monand – ko'tarinki. Taraqqiyot esa davom etadi. Bu yo'lda davlatimiz rahbarining ko'rsatmalari, topshiriqlari, tashabbuslari muhim dasturilamal bo'lishi shubhasiz.


Matnazar ELMURODOV,
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ulug'bek ASROROV,
O'zA muxbirlari

Boshqa xabarlar