Tinchlik sulhiga tamal O'zbekistonda qo'yilgan

79

Afg'onistonda barqaror vaziyat o'rnatish bo'yicha erishilayotgan muvaffaqiyatda mamlakatimizning o'rni jahon siyosiy doiralari tomonidan tan olinmoqda

2020 yilning 29 fevrali tarixga zarhal harflar bilan bitilajak. Shu kuni Qatar poytaxti Dohada AQSh va «Tolibon» harakati o'rtasida tinchlik bitimi imzolandi. Ushbu bitimga ko'ra, xorijiy askarlar 14 oy ichida Afg'onistonni tark etishi, Afg'oniston hududida Amerika va uning ­ittifoqchilariga qarshi terror xurujlari amalga oshirilmasligi hamda afg'onlar o'rtasida bevosita muzokaralar boshlanishi kerak.

«Tolibon» guruhi ayni paytda Afg'oniston hududi hech bir davlat uchun tahdid bo'lmasligini ta`kidlamoqda. Tramp ma`muriyati bitim imzolanishi bilan AQSh askarlarini bu mamlakatdan olib chiqish uchun zamin yaratilishini bildirdi. Tinchlik bitimi imzolanishi ortidan Afg'onis­ton Prezidenti va AQSh mudofaa vaziri Kobulda qo'shma bayonot e`lon qildi. Bayonotda AQSh Afg'onistonga yordam berishda davom etishi qayd qilingan. Shuningdek, Afg'oniston-Pokiston o'rtasida muzokara bosh­lanishi, muloqotlarda ikki davlatning hamkorlikni kuchaytirishi tilga olingan. AQSh – «Tolibon» harakati o'rtasida sulh bitimi imzolanishi Afg'onistondagi siyosiy guruhlar tomonidan olqishlanmoqda. Mintaqa va dunyo davlatlari ham Afg'onis­tonda tinchlik ta`minlanishidan umidvor.
Yuzaga kelgan ijobiy o'zgarishlar ko'p jihatdan mintaqada shakllangan o'zaro hamjihatlik muhiti bilan bog'liq, desak, yangishmagan bo'lamiz. Ayniqsa, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Markaziy Osiyo, xususan, Afg'onis­tonda tinchlik, barqarorlik qaror topgan davlat tashkil etilishini mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishi sifatida belgilab bergani ushbu muhitni yaratishda muhim rol o'ynadi. Darhaqiqat, mamlakatimiz rahbarining siyosiy irodasi, izchil tashqi siyosati va qat`iy qarorlari natijasida mintaqadagi o'zaro ishonchsizlik yo'qoldi, «muzliklar» eridi, qo'shni davlatlar o'rtasidagi qarama-qarshiliklar bartaraf etila bosh­ladi, hamkorlik va hamfikrlikka asoslangan yangi siyosiy muhit vujudga keldi.
O'zbekiston Prezidenti bir necha bor, hatto, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ham ta`kidlaganidek, «Afg'oniston muammosini hal etmasdan turib, tinch va gullab-yashnayotgan Markaziy Osiyo haqida gapirish mumkin emas».
Uzoqqa bormaylik, 2018 yilning mart oyida Toshkentda Prezident ­Shavkat Mirziyoev tashab­busi bilan Afg'oniston bo'yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiya O'zbekistonning afg'onlararo tinchlik jarayonini faollashtirishga qo'shilgan katta va muhim hissa bo'ldi. Toshkent konferensiyasida so'zga chiqqan O'zbekiston Prezidenti Afg'oniston mojarosini hal qilishga yo'naltirilgan aniq strategik qarashlarni bayon etdi va afg'on muammosini tinch yo'l bilan hal qilish bo'yicha xalqaro sa`y-harakatlar faollashishida «tamal toshi» bo'lgan «Toshkentning Afg'oniston bo'yicha siyo­sati»ning ustuvor yo'nalishlarini belgilab berdi. Forumda Afg'onis­tonda tinchlik va barqarorlikni o'rnatishning asosiy tamoyillari bo'yicha mintaqaviy va global darajada to'liq konsensusni o'zida muhrlagan Toshkent deklarasiyasi bir ovozdan qabul qilindi. Toshkent anjumani Afg'oniston muammosini xalqaro kun tartibining markaziga qaytarish imkonini berdi. Unda belgilangan yangi prinsipial holat Afg'onis­tondagi vaziyatni barqarorlashtirish masalalarida mintaqaviy va global yondashuvlarning tobora muhim ahamiyat kasb etishidan iborat bo'ldi. Bir narsani unutmaslik kerak, mintaqamizdagi qo'shni davlatlar va dunyoning yetakchi mamlakatlari sa`y-harakatlarisiz ushbu nizoni hal etib bo'lmasligi aniq edi. Shuning uchun ham aynan xalqaro konferensiya­­da xalqaro hamjamiyatning «Tolibon» harakati bilan hech qanday muqaddam shartlarsiz to'g'ridan-to'g'ri muloqotni yo'lga qo'yishga tayyorligi namoyon etildi. Yanada ochiqroq aytganda, aynan Toshkentda O'zbekiston tashabbusi bilan «Tolibon»ni tinchlik muzokaralari jarayoniga jalb etish uchun turtki berildi. Bundan tashqari, xalqaro hamjamiyat tinchlik jarayonini faqat Afg'onistonga qo'shni bo'lgan davlatlarning faol ishtirokida amalga oshirish mumkinligini anglab yetdi. Shu nuqtai nazardan AQSh Prezidentining Afg'oniston masalalari bo'yicha maslahatchisi Zalmay Xalilzodning O'zbekiston Prezidenti Shavkat ­Mirziyoev bilan bir necha bor muloqotda bo'lganini ta`kidlash o'rinlidir.
Afg'onlararo tinchlik kelishuvi ish berib, Afg'onistonda yakuniy tinchlikka erishilsa, tinch Afg'onis­ton Markaziy Osiyo uchun eng qisqa yo'l orqali dengiz kommunikasiyalaridan foydalanish, transport yo'laklarimizni diversifikasiya qilish va shu bilan mahalliy mahsulotlarni eksport qilish uchun keng bozorlarni ochish imkoniyatlarini ta`minlash, ikki marta quruqlik bilan o'ralgan mamlakatimiz mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish imkoniyatini yaratadi. Boz ustiga, Afg'oniston hududidagi tahdidlar qanchalik kam bo'lsa, milliy xavfsizlikni ta`minlashga sarf etiladigan xarajatlarimiz shunchalik qisqaradi. Tejalgan mablag'lar mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini hal etishga, fuqarolarning turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Dohadagi anjumanda O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ham ishtirok etdi. Uning xorijiy OAVga bergan intervyusida ta`kidlanganidek, «Toliblarga kundan-kunga ishonch paydo bo'lyapti. Biz kecha bu yerda toliblar ofisining bosh­liqlari bilan uchrashdik. Bundan oldin Toshkentda bir necha marta qabul qildik. Bular bizga va`da berishdiki, oldilarida turgan asosiy maqsad shartnomani amalga oshirish. Agar shartnoma amalga oshirilsa, juda katta qadam bo'ladi. Tolib­larga nisbatan qandaydir ishonch paydo bo'ladi. Bundan tashqari, tolib­lar bizga va`da berishdiki, O'zbekis­ton yoki boshqa Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan hech qachon xavf tug'ilishiga yo'l qo'yilmaydi». Demak, o'rtada kuchli ishonch bor. O'zbekiston tutgan pozisiyasi tufayli Afg'onistonning barcha siyosiy kuchlari, shu jumladan, «Tolibon» harakati orasida o'z obro' va e`tiboriga ega bo'ldi. Ularning barchasi respublikamizning bu mamlakatda tinchlik o'rnatishga qaratilgan samimiy sa`y-harakatlarini tan olmoqda va qo'llab-quvvatlamoqda.
Ammo Afg'onistonda tinchlik haqida kelishuvlarning barqarorligi, avvalo, mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlarning – siyosiy partiyalar, harakatlar va etnik guruhlarning o'zlari ushbu jarayonga jalb qilinishiga bog'liq bo'ladi. Umummilliy kelishuv va yarashuvsiz sezilarli taraqqiyotga erishish mumkin emas. Davlatga qarashli huquqni muhofaza qilish idoralarini saqlab qolish va rivojlantirish, fuqarolik jamiyati tuzilmasining to'liq ishlashi, Afg'oniston xotin-qizlarining huquq­larini ta`minlash va boshqalar, bir so'z bilan ayt­ganda, ­mustaqil afg'on davlatini qurish va fuqarolik jamiyati asoslarini yaratish yo'lida so'nggi 18 yil ichida erishilgan barcha ijobiy yutuqlarning asrab qolinishi favqulodda muhimdir. Buning uchun xavfsizlik va iqtisodiyot sohalaridagi vazifalarning samarali yechimini topa oladigan barqaror umummilliy hukumat tuzilishi kerak. Afg'oniston samarali mintaqaviy hamkorlik maydoniga aylanishi zarur. Qolaversa, hali ham jahon va mintaqa davlatlarining qarama-qarshilik hamda raqobat maydoni bo'lib qolayotgan Afg'onis­tondagi mazkur yondashuv o'zgarishi kerak. Demakki, O'zbekiston pozisiyasida bayon etilganidek, doimo barqaror tinch­likni o'rnatish bo'yicha siyosiy jarayonlar faqat afg'onlar tomonidan va Afg'oniston xalqi rahbarligida olib borilishi lozim. Bu jarayon har qanday tashqi aralashuvdan xoli bo'lishi kerak. Muxtasar aytganda, Afg'oniston taqdiri afg'onlarning o'z qo'lidadir.

Abduvali
SOYIBNAZAROV,
siyosiy sharhlovchi

– Tan olish kerak, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Toshkentda uyushtirilgan Afg'oniston bo'yi­­cha xalqaro anjuman mazkur kelishuvga poydevor vazifasini o'tadi. Qolaversa, dastlab AQSh va «Tolibon» harakati ishtirokida boshlangan muzokaralar endilikda ikki tomonlama shakldan chiqib, ayni payt­­da Afg'onistondagi ichki siyosiy kuchlarning tinchlik o'rnatish yo'lidagi ­sa`y-harakatlariga yo'l ochdi.
Bugungi kunda nafaqat mintaqa davlatlari, balki butun dunyo afg'on zaminida shakllangan xalqaro terrorizm unsurlariga qarshi kurashda birlashmoqda. Imzolangan bitimga ko'ra, bundan buyon Afg'onis­ton zamini xalqaro terror guruhlariga hech qanday boshpana bermaydi. Bu boradagi kelishuvlar kelajakda bitimga imzo chekkanlar tomonidan qat`iy monitoring qilib boriladi. Asosiy maqsadimiz Afg'oniston hududida tinchlik va barqarorlik o'rnatishdir.
Yana bir bor ta`kidlayman, Prezident Shavkat Mirziyoevning bu masaladagi tashab­buslari ijobiy natijaga erishilishida nihoyatda katta rol o'ynadi. Uzoq kutilgan tinchlik jarayoni nafaqat mintaqa, balki butun dunyodagi tinchliksevar ellar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Xususan, AQSh va O'zbekiston uchun ham mintaqada savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, o'zaro hamkorlikni mustahkamlash, integrasiya jarayonini jadallashtirish imkonini beradi. Mintaqada sanoat, transport-logistika xizmatlari rivoj­lanadi, yangi ish o'rinlari paydo bo'ladi. Bunday ijobiy o'zgarishlardan barcha tomonlar manfaatdor.

Zalmay
Xalilzod,
AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili:

– Biz janob Prezident Mirziyoevning Afg'onistondagi tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik borasidagi ijobiy tashabbus­larini yuqori baholaymiz. O'zbekiston va Afg'oniston xalqi azaldan bir-biri bilan og'a-ini, do'st. Biz hammamiz bir vujudmiz. Bu mintaqada yashayotgan barcha mamlakatlar, barcha millatlar hammalari, inshaolloh, kelajakda ham bir joyda ahil yashashlari kerak. Afg'oniston xavfsizligi bu O'zbekistonning ham xavfsizligidir.

Abdul Salom
Hanafiy,
«Tolibon» harakatining Qatardagi siyosiy vakolatxonasi rahbari o'rinbosari:

Boshqa xabarlar