HAYoTGA NUR, QALBGA IShONCh OLIB KIRAYoTGAN TAShABBUS

76

Ishchi guruh faoliyati:

Bu yil xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash borasidagi ishlar yangi bosqichga ko'tarilmoqda. Buni birgina davlatimiz rahbari tashabbusi bilan «Xotin-qizlarning muammolarini o'rganish va hal etish, ularni moddiy va ma`naviy qo'llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish» bo'yicha Kasaba uyushmalari federasiyasi mutasaddiligida tuzilgan Respublika Ishchi guruhi misolida ham ko'rish mumkin.
Ishchi guruh hozirgi kunga qadar Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Xorazm va Navoiy viloyatlarida yashayotgan xotin-qizlarning muammolarini har tomonlama o'rgandi. Bu jarayonda ularga amaliy yordam ko'rsatish bilan birga, mavjud muammo va kamchiliklarni hal etish yuzasidan amaliy choralar ko'rilmoqda.

Oilalarga tatiyotgan bayram

Umrini ro'zg'or, farzand tashvishidan boshqa narsani o'ylamay, na ichimlik suvi, na gazi bor, xaroba uyda (agar uni uy deyish to'g'ri bo'lsa) hali voyaga yetmagan farzandlari bilan jon saqlayotgan ayolni ko'z oldingizga keltira olasizmi?

Hatto orzu qilishni unutgan oilani-chi?
Afsuski, achchiq, ammo ochiq haqiqat bu. Faqat biz ularni uzoq vaqt ko'rib, ko'rmaslikka oldik, xolos. «Jannatdan xabarlar» beradigan telelavhalarda gul-gul yashnagan ayollarni ko'rsatdik, matbuot sahifalarida shodon qiyofalarni yoritdik.
Ayniqsa, bayramlarda shunday chehralarni ko'rganda, nochorlik, tushkunlik tufayli yig'lashga ko'zida yosh ham qolmagan ayollar qanday hislarni boshdan kechirgan ekan…
Axir uzoq yillardan buyon ularning ko'chasida bayram bo'lmagan-da…
Navbahor tumani «M.Ulug'bek» MFYda uch farzandi bilan na devori, na darvozasi bor, o'g'ri tushgan og'ilxonadek huvillab yotgan kulbai vayronada istiqomat qilayotgan Zarifa Chinmirzaeva ana shunday ayollardan biri. Zax bosgan xonadonida gilam u yoqda tursin, hatto, tuzukroq sholchasi ham yo'q bu xokisor ayolning eng katta va bittayu-bitta orzusi – boshpanasini odam yashaydigan holga keltirish va atrofini devor bilan o'rash… Turmushga chiqqanidan buyon biror marta o'ziga tuzukroq oro bermagan, ro'zg'ordan orttirib, bir yilda bitta yangi libos kiymagan ­qishloq ayolining yagona istagi bu. Ammo…
Shu mahallada yashovchi yana bir ayol bor – Dildora Omonova. To'rtinchi sinfda tahsil olayotgan farzandi oqqon kasalligiga chalingan. Uning dardi dunyosidan ko'ngillar buzilib, ko'zlar yoshga to'ladi. Zax xonada shiftga termulib yotgan Jahongirning sog'lig'i uchun shu boshpanani ham sotuvga qo'ygan. Muhimi – o'g'li tuzalib ketsin! Axir ota-bobomizdan qolgan naql bor: bosh omon bo'lsa, do'ppi topiladi.
Bu Prezidentimiz topshirig'iga binoan Xotin-qizlarning muammolarini o'rganish va hal etish, ularni moddiy va ma`naviy qo'llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo'yicha Respublika ishchi guruhining Navoiy viloyatidagi faoliyatidan bir lavha.
Federasiyasi raisi Qudratilla Rafiqov rahbarlik qilayotgan mazkur ishchi guruh Navoiy viloyatida uyma-uy yurib, aholi yashash sharoiti bilan tanishdi.
– Tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, viloyatda 1 ming 205 nafar ayol og'ir turmush sharoitida yashamoqda, – deydi O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi raisining Yoshlar masalalari bo'yicha maslahatchisi Rahmatilla Qoraboev. – Oilaviy ajrimlar soni 942 tani tashkil etmoqda. Ajrimlarning asosiy sababi oilaviy kelishmovchiliklar va ishsizlikdir.
Uyma-uy yurib, muammolarni o'rganish natijasida viloyatning birgina Navbahor tumanida 414 ta kam ta`minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va notinch xonadon, 198 ta uy-joyga muhtoj va mavjud uy-joyini ta`mirlashga ehtiyojmand oila aniqlandi.
Ba`zi muammolarni joyida hal etish mumkin. Shundan kelib chiqqan holda, 24 nafar ayolga davolanish, dori-darmon, uy-joylarini ta`mirlash hamda turmush tarzini yaxshilash uchun o'rtacha 2 million so'mdan 50 million so'mgacha naqd pul ko'rinishidagi moddiy yordam ko'rsatildi. 50 nafar kam ta`minlangan, boquvchisi yo'q ayollarning farzandlari uchun kiyim-bosh jamlanmasi olib berildi. 10 nafar xotin-qizga sog'lig'ini tiklash uchun sanatoriyga yo'llanma ajratildi. 30 nafar xotin-qizga maishiy texnika vositalari berildi. 50 nafar maktab o'quvchisiga ­kiyim-bosh va o'quv qurollari, 10 nafar ayolga nogironlik aravachalari topshirildi.
Tumanda kambag'allikni kamaytirish uchun Kasaba uyushmalari Federasiyasi 2 milliard so'm mablag' ajratadigan bo'ldi. Bu bilan 400 ta yangi ish o'rni yaratiladi. Demak, shuncha oilaga baraka kirib boradi.
So'zimiz davomida bir holatni keltirib o'tishni joiz topdik. Bugun turmushi o'rganilgan oilalarning aksariyati shu vaqtgacha hech qaerga murojaat etmagan. Balki… Ularning bundan umidi bo'lmagan.
Mana, masalan, Baxmal To'laeva. U avariya holatidagi ikki xonali uyda uchta oila bilan yashab kelmoqda. Bu ham yetmaganidek, bir farzandi nogiron. Oilaning asosiy daromadi nogironlik nafaqasi va yana yollanma ishchilikdan keladigan arzimagan daromad. Baxmal opa esa shu vaqtgacha hech qaysi idora eshigiga sarg'ayib bormagan…
Ishchi guruhi o'rganishlarida bu kabi ­ko'plab oilalar aniqlandi va tez orada ularning muammolarini bartaraf etish choralari ko'rilmoqda.
… O'rganishlarning bir kuni shunday nihoyasiga yetdi. Ortga qaytar ekanmiz, ko'ziga quvonch, qalbiga ishonch qaytgan ayollarning so'zlari qulog'imiz ostida jaranglab turardi:
– Ochig'i, shu paytgacha bayram nimaligini his etmaganman. Bu bayram men uchun unutilmas kun bo'ldi. Endi bizning uyga ham ro'shnolik kirdi.

G'ulomjon MIRAHMEDOV,
«Ishonch»

Qaror topayotgan adolat

Ishchi guruhning Jizzax viloyatidagi o'rganishlari davomida ko'plab oilalarga nur, qalblarga ishonch kirdi.

– Oilada besh farzandmiz, – deydi Paxtakor tumani «Buyuk ipak yo'li» mahallasida yashovchi Fazilat Shahrieva. – O'zim hech qaerda o'qimaganman. Singillarimdan biri Fotima Samarqand davlat chet tillar institutiga, Zuhra esa Jizzax davlat pedagogika institutiga o'qishga kirdi. Biroq shartnoma pullarini to'lashga qiynaldim. Ta`lim krediti olish uchun bir necha marotaba banklarga murojaat qildim, ammo umidlarim ushalmay qolaverdi. Men bugun baxtliman. Sababi – ikki sing­limning muammosi hal bo'ldi. Ular o'qish­larini davom ettirishmoqda.
– Shu kungacha tikuv mashinasini olish uchun ko'plab tashkilotlardan yordam so'ragan edim, – deydi «Mingchinor» QFYda yashovchi Saodat Egamova. – Ammo natija bo'lmagan. Ishchi guruhi oilamizga kelib, sharoitimizni o'rganishdi. Qo'limda hunarim borligini e`tiborga olib, meni zamonaviy tikuv mashinasi bilan ta`minlashdi. Endi mana shu tikuv mashinasi tufayli oilamning iqtisodiy ahvolini yaxshilash imkoniga ega bo'ldim. Men bir narsani aytmoqchiman: bugungacha ko'p sansalorliklarni ko'rdim, lekin muhtaram Prezidentimiz ayollarga yuqori minbardan turib e`tibor qaratganlari natijasida menga o'xshagan ko'plab xotin-qizlarning mushkullari oson bo'lib, muammolari hal etilmoqda.
– Oilamiz bilan 10 yildan beri ijarama-ijara ko'chib, yashab kelmoqdamiz, – ­deydi «G'alaba» mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi Tursunoy Sultonova. – Turmush o'rtog'imning sog'lig'i yomonligi bois, hech qaerda ishlamaydi. Moliyaviy imkoniyatimiz cheklangan. Kichik yoshdagi farzandimni bog'chaga berolmaganman. Ishchi guruhi oilaviy sharoitimizni o'rganib chiqqach, amaliy yordam ko'rsatildi. Yillar davomida ushalmagan orzuimizga yetadigan bo'ldik.

Muqimboy ISMOILOV,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar