Kichik muammolarni «kattalar» ko'rmaydi…mi?

140

Navbahor tumani, «Yaltirobod» MFYda istiqomat qiluvchi Karomat Navro'zova tug'ma nogiron bo'lsa-da, shu davrgacha nogironlik nafaqasi olmagan. Hozir u pensiya yoshida. Lekin yoshga doir nafaqadan ham darak yo'q. Tegishli mutasaddilarga bir necha marotaba murojaat qilgan. Ammo… shu payt­gacha uning dardiga quloq soladigan odam topilmagan…

Yaqinda Xotin-qizlarning muammolarini o'rganish va hal etish, ularni moddiy va ma`naviy qo'llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo'yicha Respublika ishchi guruhining amaliy yordami bilan Karomat ­Navro'zovaning muammosi ijobiy hal etiladigan bo'ldi.
Ishchi guruh a`zolari shu mahallada yashovchi Hafiza O'rozova xonadoniga ham tashrif buyurdi. Ayolning 2003 yilda tug'ilgan qizi Iqboloy Yorqulova 2-guruh nogironi. Yurishga qiynaladi. Shu bois, ayni paytda o'qishga bormayapti. Farzandini davolatishga esa ota-onaning imkoni yo'q…
Mazkur oilaning muammosiga ham yechim topildi.
Nilufar Ziyodova 38 yoshga kiribdi hamki, haligacha fuqarolik pasportini olmagan. Sababi oddiy – tug'ilganlik guvohnomasi yo'q. Besh oylik qizchasining ham hech qanday hujjati yo'q. Turmush o'rtog'i ishsiz. Oilaning asosiy daromadi yollanma ishchilikdan. Ishchi guruh aralashuvi bilan ularning niyati amalga oshadigan bo'ldi.
«Sovungar» MFYda yashovchi Shahlo Muhiddinova ham yordamga muhtoj. Voyaga yetmagan besh nafar farzandi bor. Turmush o'rtog'ining nogironligi yetmagandek, ikki nafar farzandi ham shunday dardga mubtalo.
Bir qarashda taqdirlar o'xshash, biri-birinikidan deyarli farq qilmaydi. Lekin shu kichik muammolar shu joyning o'zida hal etilmayapti yoki bu holdan ­mas`ullar, «kattalar» bexabarmi? Muammolarni «o'rnatilgan tartibda ko'rib chiqish» qachongacha achchiq ichakdek cho'ziladi?
Axir, bu masalalarni ijobiy hal etish uchun ko'p vaqt va katta mablag' shart emas-ku! Ozgina qunt qilinsa va mas`uliyat bilan yondashilsa kifoya…
O'rganishlar shuni ko'rsatmoqdaki, viloyatda 1 ming 205 nafar xotin-qiz og'ir turmush sharoitida yashamoqda. Oilaviy ajrimlar soni 942 tani tashkil etadi.
Tahlillar ajrimlarga oilaviy kelishmovchiliklar, farzandsizlik, xiyonat, uzoq muddat bir oila bo'lib yashamaslik va iqtisodiy muammolar, ishsizlik sabab bo'lganini ko'rsatmoqda.
O'tkazilgan nazorat tadbirlarida ajrim yoqasiga kelib qolgan 1 ming 109 ta oiladan 960 tasi yarashtirilgan.
Oxirgi paytlarda mamlakatimizda ayollar o'rtasida jinoyatchilikning ortib borayotgani, ayniqsa, achinarlidir. Kunda-kunora ijtimoiy tarmoqlarda qaynonasini, turmush o'rtog'ini, farzandini qotiliga aylanayotgan «ayollar» haqida xabarlar tarqalmoqda.
Afsuski, Navoiy viloyatida o'tgan bir yil davomida ayollar tomonidan 239 ta jinoyat sodir etilgan bo'lib, shundan 57 tasi yoshlar (18-30 yosh) hisobiga to'g'ri keladi.
2018 yilda ayollar o'rtasida o'z joniga suiqasd qilish holatlari 83 ta, 2019 yilda bu ko'rsatkich 73 tani tashkil qilgan (10 taga kamaygan).
«Halovat tepa» MFYda ro'yxatda turuvchi Nargiza Shodieva ham jinoyatga qo'l urgan. Gap shundaki, u bundan bir necha yil ilgari to'rt yoshli farzandini 15 million so'mga sotayotgan vaqt qo'lga tushgan.
Aytishiga qaraganda, muhtojligidan shu ishga qo'l urgan va bundan qattiq pushaymon. Ayni paytda uning farzandi bolalar uyida tarbiyalanmoqda. O'zi esa bir nafar qizi bilan na derazasi, na eshigi va na isitish pechkasi bor bir xonali uyda yashamoqda.
Yuqoridagi ma`lumotlardan ko'rinib turibdiki, tumandagi xotin-qizlarning muammolari bilan ancha yillar hech kimning ishi bo'lmagan. Mana, nihoyat, aniqlangan masalalarni bartaraf etish yuzasidan manzilli va muddatli «Yo'l xaritasi» ishlab chiqildi.
Ta`kidlash joizki, Respublika ishchi guruhi tufayli ko'plab yordamga muhtoj ayollarning muammolari hal bo'lmoqda.

G'ulomjon MIRAHMEDOV,

«Ishonch»

Boshqa xabarlar