Qalblarni nurlantirgan tashabbus

43

Peshku tumanidagi «Quchoq» mahallasida yashovchi Tojida Berdieva uch yildirki og'ir kasallikdan azob chekadi – insultga chalingan. Boz ustiga, yolg'iz o'zi yagona farzandi Marisabeni tarbiyalab, voyaga yetkazmoqda.

Taassufki, xasta onani boqish, unga qarash, umuman, ro'zg'or tashvishi 10-sinfda o'qiyotgan qizi zimasida qolgan. Marisabe darsdan bo'shadi, deguncha onasiga qaraydi, hovlidagi o'n-o'n beshta parrandani boqib, tomorqada u-bu narsani yetishtirib, tikuvchilik qilib, uch-to'rt so'm pul topadi. Yanada achinarlisi, qiz volidasini uzoq vaqtga yolg'iz qoldirishga ham qo'rqadi. Chunki, ayolni istalgan paytda qon bosimi ko'tarilishi mumkin. Xullas, xonadondagi umumiy ahvol shu.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Xotin-qizlarning muammolarini o'rganish va hal etish, ularni moddiy va ma`naviy qo'llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo'yicha Kasaba uyushmalari Federasiyasi mutasaddiligida tuzilgan Respublika Ishchi guruhining galdagi manzili – Buxoro viloyatida aniqlangan holatlardan biri aynan shu nochor oila bilan bog'liq.
– Ushbu xonadonda bo'lganimizda yana bir jihat e`tiborimizni tortdi, – ­deydi ishchi guruh a`zosi, O'zbekiston temir yo'lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmalari Respublika kengashi bo'lim yo'riqchisi Shamil Xaniev. – Mahallaga gaz quvuri o'tkazilgan-u, ammo bu hovlida mavjud emas. Uylariga kirib ko'rganimizda, tomlaridan chakka o'tganiga, ona-bola zax, sovuq joyda yashayotganiga amin bo'ldik. Gazsiz xonadon a`zolarining yagona najoti tarasha-yu o'tindan. Endi ularning qahraton qishni qanday o'tkazganini tasavvur qilavering.
– Ular kelishganida uyimizga nur kirgandek bo'ldi, – deydi Tojida Berdieva. – Qalbim quvonchga to'ldi. Biz dardimizni hali aytishga ulgarmasimizdan, o'zlari yordam beradigan bo'lishdi. Ular ketgach, ko'zim va qalbim ravshan bo'ldi.
Ishchi guruhi a`zolari xonadonga gaz quvuri o'tkazish va gaz plitasi bilan ta`minlash borasida to'xtamga keldi.
Kasaba uyushmalari vakillari va mahalliy mutasaddilar ko'zi ojiz murg'ak bolasi parvarishi bilan band Sharifa Nurova xonadonida ham bo'ldi. Olti yashar tug'ma nogiron Shirinoyning ko'zidan pardalarni jarrohlik yo'li bilan olib tashlash kerak. Buning uchun esa «Saroycha» mahallasida istiqomat qiluvchi oila 35 million so'm ­mablag'ga muhtoj. Bu oilaning turar joyi ham havas qilgulik emas. Mutasaddilar mavjud ahvolni o'rgangach, ushbu nochor oilaga tegishlicha moddiy yordam ko'rsatishga qaror qildi.
O'rganishlar davomida ishchi guruh vakillari Mang'itlar qishlog'ida yashayotgan Robiya buvi Sultonova xonadonida ham bo'lishdi. Onaxon 120 yoshda. U bugun nabira va evaralari bilan bir xonadonda istiqomat qilyapti. Ammo ularning yashash sharoitlari yaxshi emas. Momoning nevara kelini onkologik xastalikka chalingan. Ammo ayolning qo'lidan tikish-bichish keladi. Shuning uchun unga tikuv mashinasi olib berishga qaror qilindi. Yuz yigirma dovonni ortda qoldirgan onaxonni esa tibbiy karavot bilan ta`minlashga kelishildi.
Ta`kidlash lozimki, Peshkuda 37 ta mahalla mavjud. Ishchi guruhi vakillarining maqsadi shu mahallalardagi 366 ta xonadonda yashayotgan ayollarning muammolarini chuqur o'rganish, shu orqali ehtiyojmandlarga madad qo'lini cho'zishdir. Bu boradagi o'rganishlar davom etmoqda.

Rustam IBROHIMOV

Boshqa xabarlar