“Bugun ishdan bo'shatmasam, odammasman!” – Marhamat tumani hokimi o'rinbosari madaniyat bo'limi rahbarini nega haqoratladi?

799

Ishonch.uz tahririyatiga Andijon viloyatining Marhamat tumanidan murojaat kelib tushdi. Unga ilova qilingan audioyozuvdan tuman hokimining o'rinbosari, ayni vaqtda Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash bo'limining rahbari Ma`muraxon Sotvoldieva tuman madaniyat bo'limi boshlig'i Akmal Yuldashevni ilon po'st tashlaydigan so'zlar bilan haqorat qilganligi anglashiladi.

Hokim o'rinbosari hamda madaniyat bo'limi boshlig'i o'rtasidagi telefon orqali muloqotda Ma`muraxon Sotvoldieva ayni kunda o'tgan tadbirga ishora qilib, “Qo'lingdan kelmasa aytmaysanmi? Meni sharmanda qilding! Viloyat hokimining oldida tuman hokimini sharmanda qilding!” deya tanbeh beradi. Uzuq-yuluq suhbat asnosi Akmal Yuldashevni kurak tugul, tuvakda turmaydigan so'zlar bilan xumordan chiqquncha “siylab”, “Bugun ishdan bo'shatmasam odammasman!” deb ogohlantiradi ham.

Ma`lum bo'lishicha, bir guruh ishsiz yoshlarga dehqonchilik bilan shug'ullanishlari uchun Marhamat tumanining Polvontosh qishlog'i adirliklaridan yer ajratishga qaror qilingan hamda joriy yil 10 mart kuni tadbirning ochilish marosimi o'tkazilishi rejalashtirilgan. Shu bois tuman madaniyat bo'limiga qarashli ovoz kuchaytirgich moslamalari tadbir manziliga yetkazilgan. Biroq marosim sanasi 11 martga qoldiriladi. Ayni shu kuni tuman markazida yangi ishlab chiqarish sexlarini foydalanishga topshirish marosimi ham o'tkazilishi sabab ovoz kuchaytirgich uskunasi Polvontoshdan markazga qaytarib olib ketiladi, ammo aytilgan joyga belgilangan vaqtdan biroz kechikib yetkazib boriladi.

“Aslida, tadbir chiroyli o'tdi, mehmonlar ham uskunalar o'rnatilgandan biroz keyin yetib keldi, – deydi Akmal Yuldashev. – Hokim o'rinbosarining tashkilotimdagi sharoitni bila turib, kamiga nafsoniyatimga tekkanligini hazm qilolmadim. O'z o'rnida men ham “salomga yarasha alik” qaytardim”.

Madaniyat bo'limi boshig'ining qayd etishicha, tashkilot balansida birorta xizmat mashinasi yo'q, almisoqdan qolgan birgina ovoz kuchaytirgichni esa tadbirlarga ko'chadan taksi yollab yetkazib borishadi.

Ishonch.uz ayni masalada hokim o'rinbosaridan ham telefon orqali izoh oldi.

“Ishlab chiqarish sexining ochilish marosimiga ovoz kuchaytirgich moslamasi olib kelish madaniyat bo'limi boshlig'i zimmasiga yuklatilgandi. Ammo apparatura vaqtida kelmagani sabab tadbir kechikdi, mehmonlar oldida xijolatda qoldik. Men ham gap eshitdim. To'g'ri, jahl ustida Akmalga qattiq tanbeh berdim, bu ishda bo'ladigan holat. Haqoratomuz so'zlarni gapirmadim, ammo seni ishdan bo'shataman, degan joyim bor”, – deydi Ma`muraxon Sotvoldieva.

 Darvoqe, tahririyat muxbirining Ma`muraxon Sotvoldieva bilan telefon orqali kechayotgan suhbati o'rtasida narigi tomondan go'shakni boshqa bir shaxs tortib olib, o'zini Marhamat tumani hokimining yordamchisi Umidjon deb tanishtirdi hamda bu masalalar telefonda hal etilmasligini, “hokimiyatga kelinsa, bafurja gaplashib olishini” pisanda qildi.

Jamoatchilikka ma`lum qilinayotgan ayni dalillarga huquqiy baho berish prokuratura organlariga tan.

Madaniyat vazirligi esa hududiy bo'limdagi shart-sharoit masalasi yuzasidan o'z nuqtai nazarini bildirishi zarur.

Boshqa xabarlar