Kasaba uyushmasi kashf etayotgan iqtidorlar

87

«Aql yoshda emas, boshda», degan naqlni xo'b topib aytishgan-da! Chindan ham o'z iqtidor-u zakovati bilan taraqqiyotga hissa qo'shayotgan navqiron yigit-qizlarimiz kam deysizmi?! Shuning barobarida, jamoatchilik nazaridan chetda qolayotgan shunday qobiliyatli yoshlar ham borki, ulardagi imkoniyatlar yuzaga chiqishi uchun andak rag'bat, e`tibor-u qo'llov kifoya.

Yoshlarga oid davlat siyosatini qo'llab-quvvatlash maqsadida kasaba uyushmalari faollari tomonidan yil boshida reja tuzilgan bo'lib, unga ko'ra, tizimning Andijon viloyati birlashmasi kengashi raisi Shokirjon Boltaboev ham bir guruh yoshlar bilan uchrashishi kerak edi. Ayni shu tadbir oldidan o'tkazilgan maslahat yig'inida rais faollar oldiga bitta vazifa qo'ydi: «Muloqotga har tadbirda doimiy ishtirok etadigan yoshlarni emas, yangi qiyofalarni taklif etinglar. Toki, erta bir kun bo'y ko'rsatadigan noyob iste`dodlarni «kasaba uyushmasi kashf etgan», deya g'ururlanib yuraylik».

Yaxshi niyat yuzaga chiqdi

Aytish joiz, birlashma kengashi raisining yoshlar bilan uchrashuvi doirasida tashkil etilgan ko'rgazma va musobaqalarda Prezidentimiz ilgari surgan besh muhim tashabbusning barcha yo'nalish­lari qamrab olindi. Jamoat tashkilotining hamkorlik borasidagi taklifiga qator tashkilotlar bajonidil qo'shilishdi.
Masalan, kitob savdosi bilan shug'ullanadigan bir qator tadbirkorlik sub`ektlari ko'chma savdo yarmarkasi tashkil etgan bo'lsa, Bobur nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi tadbir qatnashchilarining yoshiga munosib, qiziqarli, nodir kitoblar jamlanmasini ko'rgazmaga qo'ydi. Ko'rgazma bilan tanishuv asnosi shahardagi sanoat korxonasida ishlovchi yosh xodimlardan birining hamkasbiga aytgan ­gaplari quloqqa chalindi: «Shu kitobni bir yildan beri izlayman, mana – kutubxonada bor ekan. Kutubxonaga a`zo bo'lish avvalroq nega xayolimga kelmagan ekan, hayronman».
Shu tariqa yarim kun davom etgan ko'rgazma chog'i tadbir qatnashchilarining qirq nafari viloyat kutubxonasining a`zosi bo'ldi. Bir qator takliflardan so'ng yaqin kunlarda viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi tarkibida mazkur kutubxonaning filialini tashkil etishga kelishib olindi.
Xullas, tadbir doirasida musavvirlikka rag'bati bor bir guruh yigit-qizlar portret ishlashdi, kimlardir tennis-u shaxmat bahsida ­ko'plab tengqurlaridan ustun ekanini namoyon etdi, kompyuter tilini yaxshi tushunadigan yoshlar esa o'zlarining dasturiy ijodlari bilan atrofdagilarni hayratga solishdi. Mehmonlar orasida yurgan «Hunarmand» uyushmasining viloyat boshqarmasi boshlig'i Shahlo Solieva esa har bir hunarmandning ishlari bilan shoshilmay tanishar ekan, quvonchini kasaba uyushma faollari bilan bo'lishdi: «Kelajakda o'z mahsulotlari bilan xalqaro ko'rgazmalarda qatnashishi mumkin bo'lgan qizlarni ko'rdim».
– To'quvchilikni to'qqiz yoshimda o'rganishni boshlaganman, – deydi Andijon shahrida yashovchi Muslima Mirzaeva. – Bolalar va kattalar uchun mo'ljallangan oyoq kiyimlaridan bir necha xilini to'qib, sotuvga chiqaryapmiz. Hozir o'ndan ortiq imkoniyati cheklangan ayollarga bepul hunar o'rgatyapman. «Hunarmand» uyushmasi rahbari bilan yaqindan tanishdik. Chaqaloqlarni solib ko'tarib yurishga mo'ljallangan savatchaga ishqiboz bo'lib, xorijda buning xaridorlari ko'p ekanligini aytdilar. Bugungi tadbir hamkorligimizga turtki bo'lganidan mamnunman.

Kul ostida… cho'g'!

– Kuzda o'qituvchilarimiz bilan birga besh muhim tashabbus bo'yicha Xonobod shahrida tashkil etilgan tadbirga bordik, – deya hikoya qiladi Andijon davlat universiteti pedagogika fakulteti 3-kurs talabasi Dilyora Tursunova. – Ko'rgazmaga hunarmandlik mahsulotlari ham qo'yilgan edi. Ustozlarimizdan biri xilma-xil milliy taqinchoqlarni ko'rib, hayratga tushdi, hunarmandni maqtay boshladi. Shunda sekin u kishining yoniga kelib, «Domla, maqtanishga yo'ymangu, men bundan ham chiroyliroq taqinchoqlar yasay olaman», dedim. Chindan-da dastlabki yili o'qishga kira olmagach, munchoqlardan taqinchoqlar yasashni o'rgangan, hatto uch-to'rt oy Qo'rg'ontepa tumanidagi «Barkamol avlod» markazida o'quvchilarga to'garak ochgandim.
Xullas, domla qaysi fakultetda o'qishim, nega bu hunar bilan shug'ullanmay qo'yganligim bilan qiziqdi. «Jon-jon deb hunarimni davom ettirardim, hatto tayyorlagan taqinchoqlarimga doimiy xaridorlar bor edi. Ammo ishni davom ettirishimga mablag' yetishmayapti, ­kon­­­t­raktdan orttirolmayapman», deb bor gapni ochiq aytdim. Shunda «Universitetga borgach, menga uchragin», dedilar. Bilsam, ustoz ­boshlang'ich kasaba uyushma qo'mitasining raisi Mirzabahrom Botirov ekan.
Ertasiga qo'mita raisi kerakli xomashyo sotib olishim uchun moddiy yordam ajratib berdi. «Sharoit yaratsak, shu hunarni boshqalarga ham o'rgata olasanmi?», deb taklif qilgandi, bajonidil rozi bo'ldim. Mana, ikki oydirki, universitetdagi to'rtta yotoqxonada uzoqdan kelib o'qiydigan 100 nafar talaba qizga hunar o'rgat­ya­­pman. Tengdoshlarim bilan tayyorlagan bir nechta zebigardon hamda boshqa taqinchoqlarga xaridorlar chiqyapti. Sevimli hunarim bilan shug'ullanishga yaxshigina sharoit va imkoniyat yaratib bergan kasaba uyushma qo'mitasidan juda minnatdorman.
– Talaba qizlarimiz turmushga chiqqach, yumushi ham ko'payadi, – deydi universitet ­boshlang'ich kasaba uyushma qo'mitasining raisi Mirzabahrom Botirov. – Hunarli insonga har qanday oilada sharoit bor. Dilyorani rag'batlantirish barobarida bu yumushga boshqa qizlarni ham jalb etishdan asl maqsadimiz shu edi – talabalarimiz ham diplomli, ham hunarli bo'lishsin…

Faollikka doim rag'bat bor

Qizg'in muloqotda kasaba uyushma faollariga ishtirokchilar qator savollar bilan murojaat etishdi. Duch kelinayotgan bir qator muammolar ham kun tartibiga qo'yildi. Ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy himoya, mehnat muhofazasi masalalaridagi so'rovlarga atroflicha tushunchalar berildi. Ayrim yoshlarning ish faoliyatida yuzaga kelgan bir qator muammolarni hal etishga ko'mak­lashish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
Pirovardida, kimgadir gul, kimgadir pul degandek – xullas, bir guruh iqtidorli yoshlar sovg'a-salomlar bilan siylandi. Masalan, besh nafar talaba kasaba uyushmalarining bir martalik stipendiyasi bilan, yana besh nafar ishtirokchi esa sanatoriylarga bepul yo'llanmalar bilan taqdirlandi. Andijon shahridagi akademik lisey jamoasi kompyuter jamlanmasiga, Asaka tumanidagi 48-maktab jamoasi tikuv mashinasiga, Marhamat tumanidagi 26-bolalar musiqa va san`at maktabi cholg'u asboblari hamda Qo'rg'ontepa tumanidagi 3-maktab sport anjomlari to'plamiga ega chiqishdi. Yana bir guruh yigit-qizlarga o'zbek va jahon adabiyoti durdonalari hadya etildi.
– Kasaba uyushmalarining stipendiyasi bilan taqdirlanganimdan judayam ruhlanib ketdim, – deydi Andijon davlat universiteti talabasi Mirsaid Ibrohimov. – Ochig'i, bu men uchun kutilmagan sovg'a bo'ldi.

Nurillo NO'`MONOV,

«Ishonch»

Boshqa xabarlar