MINTAQA BAHORI

424

Prezident Shavkat Mirziyoevning ezgu tashabbuslari Markaziy Osiyo hayotiga ko'klam nafasini olib kirdi

Meni bir ziyoli, qolaversa, siyosatshunos sifatida jamiyatlardagi o'zgarishlar, turli istiqbolli modellar doimo qiziqtirib kelgan. Tahlilchilar Singapur, Koreya, Yaponiya, Yevropa jamiyatlari haqida keragidan ortiq gapirishadi. To'g'ri, bu davlatlarda olamshumul islohotlar qilingan va buni o'sha mamlakatlarning bugungi taraqqiyoti ham ko'rsatib turibdi. Biroq ko'pchilik hollarda bu rivojlanish ta`siri o'z doirasidan tashqariga chiqolmagan. Ya`ni o'sha davlat va jamiyat uchun individual xarakter kasb etgan. Lekin siyosat shunday kuchki, uning vositasida aqlli, irodasi mustahkam siyosiy liderlar va milliy yo'lboshchilar o'z qarorlari bilan nafaqat o'z davlati, balki o'zi joylashgan mintaqa, va hatto, dunyo siyosiy iqlimida keskin o'zgarish yasashgan.

Bunga tarixdan bir qancha misollar keltirish mumkin. Mohiyatan qaraganda, strategik muhim hudud (O'zbekiston mintaqadagi to'rt, Afg'onistonniyam qo'shganda, besh davlat bilan chegaradosh yagona davlat), Buyuk Ipak Yo'li markazida joylashgan, aholi soni bo'yicha mintaqada yetakchi mamlakat bo'lgan O'zbekiston qabul qiladigan qaror ko'p jihatdan 70 million (Afg'onistonni qo'shsa, 100 million) nafardan oshiq aholi yashaydigan hudud manfaatlariga ham doim o'z ta`sirini o'tkazib kelgan.

 Buni ko'p uzoqqa bormay, mamlakatimizda keyingi uch yilda qabul qilingan milliy, mintaqaviy va global darajadagi «siyosiy qarorlar»ning ijobiy natijalari misolida ham ko'rish imkoni bor. Bugun mahalliy va xalqaro tahlilchilar O'zbekistonning izolyasiyadan chiqqani hamda qo'shnilar bilan yaqin aloqaga kirishgani mintaqa, qolaversa, dunyo jo'g'rofiy ­siyosatida yangi ufq paydo qilganini xolisanillo e`tirof etishmoqda. Albatta, O'zbekistonning mavjud salohiyati mintaqa ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy hayotida tarixan muhim «marker» vazifasini o'tab kelganini hech kim inkor etmaydi. Biroq ortda qolgan yigirma yillik «xonanishinlik» nafaqat O'zbekistonning o'ziga, balki qo'shni davlatlar istiqboliga ham sezilarli soya tashlaganini tahlilchilar yashirishmayapti…

Masalaga shu tariqa yondashadigan bo'lsak, Prezidentning shu yilning yanvarida yangi Oliy Majlisga Murojaatnomasi bu borada muhim ahamiyatga ega, deb o'ylayman. Ushbu murojaat mazmun-mohiyati bilan O'zbekistonning keng ko'lamli siyosatini belgilaydi. Majoziy ma`noda aytganda, mamlakatning orzu-istagini, maqsadini ifoda etadi. Prezidentimiz o'z Murojaatnomasi orqali belgilab bergan strategik pozisiyalar ichida eng ko'p diqqatimni tortgani ikkita muhim masala bo'ldi. Shu bois, men o'z mulohazalarimni ko'proq shular atrofida bayon qilishni lozim topdim.

Bular – birinchidan, tashqi siyosat, xususan, mintaqada tinchlikni ta`minlash mamlakatimiz rivojlanish strategiyasining ustuvor yo'nalishi etib belgilanganidir;

ikkinchidan, jamiyatda hech qachon tan olinmagan kambag'allik omilining tan olinishi va unga barham berish yo'llarining qidirilayotgani…

Shu ikki yo'nalish, o'ylaymanki, nafaqat O'zbekistonning milliy manfaatlarini o'zida aks ettirishi bilan, balki butun bir mintaqa hayo­tiga doxilligi bilan ham ajralib turadi. Qolaversa, bu «milliy konsepsiya» O'zbekistonning tashqi imijiga ham ijobiy ta`sir etadi.

«AFG'ON BO'HRONI»

Mana, masalan, birgina mintaqa xavfsizligi masalasi. Sir emaski, o'tgan asrning 90-yillarida Markaziy Osiyoda paydo bo'lgan besh mustaqil davlatni Afg'onistondagi siyosiy beqarorlik mudom patakdagi qurtday besaranjom tutib, kelajaklarini xavotirga solib keladi. Shu bois, bu hududda yashovchi, o'tmishi mushtarak xalqlar tinchlikning qadrini boshqalardan ko'ra teranroq anglashadi desam, bor haqiqatni aytgan bo'laman, nazarimda. Zotan, u yerda qirq yildan buyon davom etib kelayotgan urush oqibatlari va xavfi bir-biriga qo'shni bo'lgan boshqa xalqlarning ham bexavotir yashashiga imkon bermagan.

Prezident o'z Murojaatnomasida mintaqada tinchlikni saqlash va yaqin qo'shnichilikni, strategik hamkorlikni rivojlantirish haqida shunday dedi: «Biz O'zbekiston tashqi siyosatini faollashtirish yuzasidan boshlagan keng ko'lamli ishlarni, milliy manfaatlarimizga javob beradigan, ochiq, pragmatik va chuqur o'ylangan tashqi siyosat yo'lini davom ettiramiz. Olis va yaqindagi barcha davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini, uzoq muddatli va ko'p qirrali sheriklikni yanada kuchaytiramiz.

….Markaziy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlar bilan barcha sohalarda o'zaro do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik ruhidagi munosabatlarni mazmun va sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishimiz zarur…».

E`tibor bergan bo'lsangiz, shundan ko'p o'tmay, shu yilning fevral oyida Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Dohada AQSh va Afg'onis­tondagi siyosiy kuchlar o'rtasida tinchlik sulhi imzolandi. Bu yechimga erishishda O'zbekistonning ishtirokchiligi, o'ylaymanki, mamlakatimizning o'z tarixiy missiyasi – mintaqadagi yetakchilik an`anasini yana qo'lga olganini anglatadi. Aslini olganda, matbuotimiz deyarli e`tibor bermagan, yoritganda ham shunchaki, yuzaki sharhlar bilan cheklangan bu hodisa, kontekstiga ko'ra «asr hodisasi», deb aytishga arzirli voqea edi. Inchunun, bu mohiyatan, qariyb yarim asrdan buyon urush olovi o'chmayotgan, butun umrini o'qlar yomg'iri ostida o'tkazayotgan jafokash afg'on xalqi, nihoyat tinchlikka erishish yo'lida muhim qadam tashlaganini, dunyo xaritasida «qirmizi» rang bilan ko'rsatiladigan xavfli hududda vaziyat nihoyat o'ng­lanish sari yuz tutganini anglatardi. Qolaversa, ushbu «sulh» mintaqaning nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy istiqbolini ham belgilardi…

Bugun shuni ishonch va faxr bilan aytamizki, qo'shni Afg'onistonda o'rnatilayotgan tinchlikda bevosita O'zbekistonning, Prezident ­Mirziyoevning munosib ulushi bor…

Ta`kidlaganimizdek, yaqinda Dohada AQSh va «Tolibon» guruhi o'rtasida uzoq kutilgan tinchlik bitimini imzolash marosimi bo'lib o'tdi. Mazkur jarayon afg'onlararo umummilliy yarashuvga poydevor qo'ygani bilan nihoyatda ahamiyatlidir. Bu o'rinda aytish kerakki, taraflarning bir to'xtamga kelishi o'z-o'zidan bo'lgani yo'q. Bu borada O'zbekiston tomoni katta kuch sarfladi. Xususan, qisqa fursat ichida «Afg'on masalasi»ga daxldor siyosiy kuchlar va davlatlar bilan turli darajalarda muzokaralar o'tkazildi. Qolaversa, urushayotganlarni murosa-yu madoraga olib kelish yuzasidan ham o'zbek diplomatlari jonboz­lik ko'rsatishdi. Zotan, rasmiy Toshkent Afg'onistonni mintaqaning ajralmas qismi, deb biladi. Ushbu mamlakatda tinch­lik o'rnatish bo'yicha ­sa`y-harakatlar juda muhim va dolzarb masala bo'lib, Markaziy Osiyoning mustahkam rivojlanishi geopolitik makon sifatida Afg'onistondagi vaziyat barqarorlashuvi bilan bevosita bog'liq. Prezident Shavkat Mirziyoev bir necha bor ta`kidlab o'tganidek, afg'on muammosini hal etmay turib, tinch va yuksak darajada taraqqiy etgan Markaziy Osiyo haqida gapirib bo'lmaydi.

Shu ma`noda, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2018 yil mart oyida Toshkent shahrida o'tkazilgan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuidagi xalqaro konferensiya O'zbekistonning afg'onlar­aro tinchlik jarayonini faollashtirishga qo'shgan hal qiluvchi hissasi bo'ldi.

O'zbekiston Prezidenti Toshkent kon­ferensiya­sida chiqish qilar ekan, Afg'onistondagi mojaroni hal qilish yo'llarining aniq strategik yondashuvlarini ko'rsatib, «Rasmiy Toshkentning afg'on siyosati»ga doir ustuvor yo'nalishlarini belgilab bergan va bular Afg'oniston Islom Res­publikasida tinchlikni o'rnatish bo'yi­­cha xalqaro ­sa`y-harakatlarni muvofiqlashtirish asosiga aylangandi.

«Toshkent deklarasiyasi»ning yakdillik bilan qabul qilinishi forumning muhim mantiqiy yakuniga aylandi. Zero, unda Afg'onistonda uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikni o'rnatishning asosiy prinsiplariga nisbatan mintaqaviy hamda global darajada to'liq murosa o'z ifodasini topdi…

Albatta, O'zbekiston Afg'onistonda tinchlik jarayonini ilgari surish bo'yicha qanday rol o'ynaganini Qatarda bo'lib o'tgan tadbir ishtirokchilari xolis va o'z navbatida, e`tirof etgan holda yetarlicha sharhlashdi. Shu bois, hozir ushbu tarixiy muzokaralar va anglashuvning O'zbekis­ton, qolaversa, mintaqa ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga ta`siri haqida qisqacha to'xtalish joiz, deb o'ylayman.

Bugungi global dunyoda jahon bozoriga chiqish, u yerdan o'rin egallash juda murakkab masala ekanini siyosatchi yoki iqtisodchi bo'lmagan odam ham yaxshi anglaydi. Shunday bir paytda, Afg'onis­tonda o'rnatiladigan tinchlik mintaqa davlatlariga katta imkoniyatlar va`da qilishi mumkin. Xususan, bu Markaziy Osiyo davlatlari uchun shu payt­gacha yopiq va xatarli bo'lib kelgan janub sari yo'lni ochadi. Bilamizki, janubimizda biz hali to'liq o'zlashtirmagan, aholisi qariyb 1,5 milliard nafar (Afg'oniston, Eron, Pokiston, Hindis­ton) bo'lgan iqtisodiy bozor bor.

Bu, o'z-o'zidan ko'rinib turibdiki, hozirda biz a`zo bo'lish-bo'lmasligimiz ko'rib chiqilayotgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bozoridan aholi soni jihatidan bir necha barobar kattadir. Lekin taassufki, qo'shni mamlakatdagi uzoq yillardan buyon davom etib kelayotgan urush mintaqani bu imkoniyatlardan mosuvo etdi. Va aynan shu manfiy omillar Afg'onistonni kesib o'tuvchi ko'plab transchegaraviy loyihalar, jumladan, mintaqani Fors ko'rfazi bandargohlariga olib chiqadigan temir va avtoyo'l magistrallari, elektr energetikasi va gaz sohasidagi yirik xalqaro toifadagi liniyalarning poyoniga etishiga xalal berib kelganini bugun hamma biladi. Masalan, bu o'rinda mintaqamiz uchun o'ta istiqbolli hisob­langan, biroq bevosita «Afg'on omili» sabab to'xtab turgan energetika va gaz eksportini ko'zlovchi CASA-1000 va TAPH (Turkmaniston – Afg'oniston – Pokiston – Hindiston gaz quvuri) loyihalarini keltirish mumkin.

Turkmaniston bu yo'nalishda ish boshlaganiga ancha vaqt bo'lgan. Biroq ushbu liniyani moliyalashdan tashqari, afg'on hududidagi siyosiy beqarorlik ayni loyi­hani amalga oshirishda asosiy muammo bo'lib turibdi.

Ayrim ekspertlar TAPH ham CASA-1000 loyihasi singari qurilish tugagandan so'ng xavfsizlik bilan bog'liq jiddiy muammoga duch keladi, deb qarashmoqda. Aslida, Afg'oniston hukumati Turk­maniston gazi tranziti uchun 400 million dollarga yaqin pul olishni rejalashtirgan. Buning uchun esa gaz quvuri to'liq ishlashi kerak, ammo bugungacha bunga erishish amri mahol, deb qarab kelindi. Mabodo yirik tushumlar mamlakatlar byudjetini to'ldiradigan hamda terrorchilik va ekstremistik tashkilotlarga qarshi kurash yo'lida ishlatiladigan bo'lsa, bu o'sha tashkilotlar vakillari ushbu infratuzilmaga tez-tez hujum qilib turishiga turtki beradi, degan taxmin hozirgacha o'z kuchida turibdi.

Ekspertlar fikricha, TAPH taqdiri muallaqligicha qolmoqda, chunki ikkita asosiy masala – uni kim loyihalashtirishi va Afg'oniston hududida gaz quvuri xavfsizligini kim ta`minlashi hamon hal etilgani yo'q. Biroq AQSh va «Tolibon» harakati o'rtasida erishilgan kelishuv masalaning yechimida muhim rol o'ynashi mumkinligini mutaxassislar va diplomatlar inkor etishmayotir. Kelishuvga ko'ra, AQSh tomoni 10 martdan qo'shinlarini olib chiqib ketishga start berdi. Natijada, afg'on diyorida amerikalik zobit va askarlar soni 13 mingdan 8,6 ming nafargacha qisqartiriladi. Bunga kelishuv istiqboliga umid uyg'otadigan qadam sifatida qarasa bo'ladi.

Endi ikkinchi loyiha – CASA-1000 haqida. Tojikiston va Qirg'iziston hududida bu ishlanma bo'yicha elektr energiyasini uzatishga mo'ljallangan elektr uzatish liniyalari mavjud. Ayni vaqtda shunga bog'liq infratuzilma barpo etilmoqda. Bundan tashqari, CASA-1000ni qurish uchun ko'p xarajat talab etilmaydi, chunki ikkala mamlakatda ham foydalanish mumkin bo'lgan «Shimol – Janub» loyihalari tugallangan. Bosh­qacha aytganda, Markaziy Osiyo hududida zarur infratuzilma yaratilib bo'lingan.

Biroq bu o'rinda ham yana «Afg'on omili» o'rtaga chiqadi. Tabiiyki, asosiy to'siqlardan biri Afg'onistondagi vaziyat beqarorligidir. Ushbu elektr uzatish liniyasi o'tadigan mamlakat shimolida terrorchilik hujumlari soni ortayotgani CASA-1000 qurilishini ortga surmoqda. Dastlab ushbu loyihada 300 megavatt elektr energiyasi ning afg'on iste`molchilariga berilishi nazarda tutilgan edi. Endi ushbu hajm Pokistonga eksport qilinadi. Binobarin, ushbu loyiha afg'on xalqi uchun potensial elektr energiyasi manbaidan rasmiy hukumat potensial dividend­lar olishni mo'ljallayotgan loyihaga aylandi. Bunday holatda, ekspertlar Kobul hukumati qonuniyligiga putur yetkazish uchun terrorchilik tashkilotlari CASA-1000ni hukumatga tazyiq o'tkazishning bosh maqsadlaridan biriga aylantirishi mumkin, deb hisoblashmoqda.

Shu bir misoldan ham qo'shni davlatdagi siyosiy va harbiy beqarorlikning mintaqa iqtisodiyotiga va Markaziy Osiyo davlatlari milliy istiqboliga yetarlicha raxna solib kelganini anglab olish qiyin emas. Prezidentimiz boshlagan tinchlik yo'li esa mintaqa iqtisodiyoti arteriyasini qirq yillik tiqinlardan tozalab, Markaziy Osiyo tomirlarida xuddi bir paytlardagidek «toza qon» oqishini ta`minlaydi. Bu o'z ko'lami hamda natijadorligiga ko'ra juda ulkan ishdir. Va aynan shu jihatlari bilan Prezident ­Mirziyoevning bu tinchliksevar tashabbusi va siyosiy jasorati mintaqada tinchlik o'rnatish hamda hudud davlatlari milliy iqtisodiyotlarini tiklash, qo'shni davlatlarning integrasiyalashuvini ta`minlash borasida xalqaro Nobel mukofotiga loyiq desam, mubolag'a qilmagan bo'laman…

E`TIROF ETILGAN KAMBAG'ALLIK

«Fuqarolar adolatsizlikdan shikoyat qilishi va bu shikoyatlar bir mintaqada boshqasidan farq qilishi kutilmagan narsa emas. Ushbu muammolarga iqtisodiyoti boy mamlakatlar ham, rivoj­langan demokratik davlatlar ham duch keladi», dey­di Markaziy Osiyoda islom dini tadqiqotchisi Noy Takker o'zining «Xudosiz terrorizm: Markaziy Osiyodagi radikallashuv va radikallashuvga qarshi kurash modellarini qayta ko'rib chiqish» deb nomlangan tadqiqotida.

Muallifning ta`kidlashicha, Markaziy Osiyo­dan Suriya urushiga ko'pchilikning yollanishi u yerda vaziyatlarni muzokara yo'li bilan hal etish mexanizmlari yo'qligidandir. Shuning uchun mintaqa hukumatlari shunday mexanizmni topishga harakat qilishi kerak. Har qanday adolatsizlik va tengsizlik, kamsitish va korrupsiya mohiyatan tom ma`noda siyosiy masaladir.

O'zbekistonda Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelgach, «postsovet» o'tish davri mohiyatan yakunlandi. Biroq Mirziyoevga o'tgan davrdan yengil «siyo­siy meros» qoldi, desak, adolatsizlik qilgan bo'lamiz. Birgina uzoq yillar tan olmay kelganimiz – kambag'allik masalasi jamiyatdagi ­ko'plab illatlarga «xamirturush» bo'lgani bugun ayon bo'layotir.

 Noy Takker ham terrorchilar orasiga tushib qolgan adashgan mintaqadoshlarimizning katta qismi tirikchilik ilinjida ish izlab xorijga chiqqanlar va tengsizlikdan alamzada bo'lganlar, deya ta`kidlaydi va buni tadqiqotida isbotlab beradi. Shu ma`noda, Prezidentimizning o'z Murojaatnomasida mamlakatimizda kambag'allar qatlami bor ekanini tan olishi va buni yo'qotish choralarini ko'rish haqida gapirishi, biz xayolga keltirmagan bir jihat – jamiyatda turli g'arazli yo'llarga kirib qoluvchi adashgan yoshlar safining kamayishini ham ta`minlaydi, desak, masalaga yanada chuqurroq yondashgan bo'lamiz, nazarimda.

Prezidentimiz biz bilib-bilmaslikka, ko'rib-ko'rmaslikka olib kelgan ushbu og'riqli masalani shunday tilga oldi: «Hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbaiga ega emasligi sir emas. Har qanday mamlakatda bo'lgani kabi bizda ham kam ta`minlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga ko'ra, ular taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Bu o'rinda gap kichkina raqamlar emas, balki aholimizning 4-5 millionlik vakillari haqida bormoqda.

Kambag'allikni kamaytirish – bu aholida tadbirkorlik ruhini uyg'otish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini to'liq ro'yobga chiqarish, yangi ish o'rinlari yaratish bo'yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, demakdir».

Yurtboshimiz tashab­b­usi bilan Jahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birga Kambag'allikni kamaytirish dasturini ishlab chiqish boshlandi. Bu borada xalqaro me`yorlar asosida chuqur o'rganishlar o'tkazib, kambag'allik tushunchasi, uni aniqlash mezonlari va baholash usullarini qamrab olgan yangi metodologiya yaratilmoqda.

Prezidentimiz yaqinda Xorazm viloyatiga tashrifi chog'ida «Biz yolg'on, balandparvoz gapirib shu ahvolga keldik. Prezidentga yolg'on gapirish – Vatanga xiyonat», deya qat`iy ta`kidladi. Nafsilambirini aytganda, viloyat rivojlanish darajasida ortda qolayotir. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot respublika ko'rsatkichidan 1,5 barobar, sanoat mahsuloti va xizmat ko'rsatish hajmi bo'yicha esa 2 barobar past. Eng achinarlisi, hududda 58 ming oila kambag'allik bo'sag'asida kun kechirmoqda. Shundan 856 tasi o'ta nochor ahvolda. Ko'plab odamlar ishlash uchun xorijga ketgan. Bularning barchasidan kelib chiqib, Xorazmda 200 ming ish o'rni yaratish zarur.

Davlatimiz rahbari kambag'allikni qisqartirish borasida aniq takliflarni o'rtaga tashlar ekan, aholini tadbirkorlikka jalb etgan holda, yangi korxonalar va ish o'rinlari yaratish, banklarni «loyihalar fabrikasi»ga aylantirish zarurligini belgilab berdi. 2,5 mingta bo'sh turgan binolar negizida ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish ob`ektlarini tashkil etish, «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasini yangi loyihalar bilan to'ldirish bo'yicha ko'rsatmalar berildi.

Prezident Mirziyoev birgina Xorazm viloyatida yaqin uch yilda umumiy qiymati 24 trillion so'mlik 2 ming 736 ta investisiya loyihasi amalga oshirilib, 50 mingdan ziyod yangi ish o'rni yaratilishi rejalashtirilayotganini ta`kidladi. Bular esa kambag'allikni qayd etish emas, balki qisqartirish yo'lidagi qat`iy sa`y-harakatlarning jadal boshlanganini bildiradi.

Bularni aytishdan maqsad nima dersiz? Muddao shuki, men O'zbekistonning qariyb yarim asrlik tarixidan xabardor va unda baholi qudrat u yoki bu vazifada ishtirok etgan baxtli insonlardan biriman. Ko'p yillar partiya va sovet organlarida rahbarlik lavozimlarida ishlaganman. Undan keyin O'zbekis­ton mustaqil davlat sifatida katta yo'lni bosib o'tdi. Bu davrda ham turli rahbarlik lavozimlarida ishladim, ko'plab shu davrga xos bo'lgan o'ziga xos jihatlarni ko'rdim. Biroq shuncha yillar davomida O'zbekistonga bosh bo'lgan bironta rahbar xalqimizning asl hayoti, ijtimoiy nochor qatlamlari haqida bunchalik qayg'urgan emas. Men ushbu Murojaatnoma e`lon qilingan majlisda Prezidentning so'zlarini ko'zimda yosh bilan tingladim. Bu shu yurt farzandining o'z xalqi, o'z og'a-inisi, opa-sing­lisiga bo'lgan cheksiz muhabbati va sadoqati belgisi bo'ldi, desam, ayni haqiqatni aytgan bo'laman.

Biz buyuk kelajakni rostdan bunyod etishni maqsad qilib, buning uchun odamlarning yuziga haqiqat ko'zi bilan qaray boshladik. Nazarimda, bugungi davlat siyosatining eng katta qudrati ham shunda bo'lsa, ajab emas.

ADOLAT TAROZUSI

Prezident Mirziyoev ishga kirishgandan buyon eng ko'p takrorlaydigan so'zlari ADOLAT, XALQNI ROZI QILISh jumlalari ekanini bugun ko'pchiligimiz angladik. Bu bejizga emas. Xalqni eshitmaslik, dardidan ko'z yumish, jamiyatdagi «yara»larni doka bilan bekitish ularni faqat gazak oldirishi mumkinligini biz bugun ko'rdik.

 Shu ma`noda, O'zbekistonning jamiyatda kambag'al qatlam mavjudligini tan olishi va buni bartaraf etish strategiyasini belgilashga kirishgani, o'ylaymanki, nihoyatda to'g'ri qaror bo'ldi. Katta jasorat va siyosiy iroda bilan tan olingan bu muammoning yechimi nafaqat ushbu qatlam vakillarining ijtimoiy himoyasini ta`minlash, balki jamiyatda tadbirkorlikni rivojlantirish, xususiy biznesni yo'lga qo'yishni rag'batlantiruvchi shart-sharoitlar yaratishni ham taqozo etadi.

Xalqimiz «Qo'ldan berganga qush to'ymas», deya bejiz aytmaydi. Zamon talabidan kelib chiqib, endi aholida boqimandalik kayfiyatini yo'qotish, tashabbusga, tadbirkorlikka keng yo'l ochish choralarini ko'rish lozim bo'ladi. Va shu yo'l orqali jamiyatda uzoq yillar ildiz otgan tengsizlikka barham berish, nochor oilalar sonini qisqartirish va pirovardida, farovon jamiyat poydevorini qurishga mustahkam zamin yaratiladi.

Darhaqiqat, biz juda mas`uliyatli bir davrda yashayapmiz. Bizning bugungi shijoatimiz farzand­larimiz, kelgusi avlod taqdirini belgilab beradi.

Prezidentimiz ta`kidlaganidek, «Barchamiz bir tan-u bir jon bo'lib, yakdil va ahil bo'lib harakat qilsak, halol-pok bo'lib, yaxshi niyat bilan mehnat qilsak, har qanday marralarni egallashga, boshqacha aytganda, tariximizning yangi sahifasini yaratishga qodir xalqmiz».

Darhaqiqat, ezgu niyatlarimiz, orzularimiz ulkan. Endi ushbu zalvorli so'zlarni qog'ozlardan amaliyotga ko'chirish, xalqning bugunini, ertangi kunini yanada yaxshilashga jiddu-jahd bilan kirishishimiz kerak. Prezidentimizning ushbu Murojaatnomasi xalq oldida mas`uliyat his qilgan har bir rahbardan, har bir ko'ngli uyg'oq vatandoshimizdan mas`uliyat va fidoyilikni talab etadi.

Qudratilla RAFIQOV,

O'zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati a`zosi,

siyosatshunos.

Boshqa xabarlar