BOSh PROKURATURA RASMIY BAYoNOTI

64

Prokuratura organlari tomonidan mamlakatda Covid-19 koronavirusi infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta`minlash, sanitariyaga oid qonun hujjatlari va epidemiyaga qarshi kurashish qoidalariga rioya etilishi ustidan qat`iy nazorat o'rnatilgan.

Murakkab sharoitda amalga oshirilayotgan keng qamrovli tushuntirish ishlari va qo'rilayotgan choralarga qaramasdan, chet eldan qaytib kelgan va karantinga joylashtirilgan ayrim fuqarolarimiz tomonidan amaldagi qonunlarni qo'pol ravishda buzish holatlariga yo'l qo'yilmoqda.

Jumladan, 2020 yil 16 mart kuni Janubiy Koreya Respublikasidan Rossiya Ferderasiyasi orqali Samarqandga kelgan fuqaro A. A. (1989 y.t.) koronavirus (Covid-19) kasalligiga chalinganlikda gumonlanib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Biroq, fuqaro A.A. epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzib, o'zboshimchalik bilan shifoxonadan qochib ketgan.

Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida u Surxondaryo viloyatining Denov tumanida ushlandi.

Shuningdek, 2020 yil 19 mart kuni Rossiya Federasiyasining Samara shahridan O'zbekiston Respublikasiga kelgan fuqaro E.T. (1954 y.t.) koronavirus (Covid-19) kasalligiga chalinganlikda gumonlanib, Samarqand viloyatidagi “Do'stlik” oromgohida karantinga joylashtirilgan. Shunga qaramay, fuqaro E.T. epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzib, o'zboshimchalik bilan karantin zonasidan qochib ketganligi aniqlangan.

Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida fuqaro E.T. Toshkent viloyati, Parkent tumanidagi yashash uyida ushlandi.

Bundan tashqari, 2020 yil 19 mart kuni Rossiya Federasiyasidan Qoraqalpog'iston Respublikasiga kelgan fuqaro Sh. R. (1990 y.t.) koronavirus (Covid-19) kasalligiga chalinganlikda gumonlanib, Nukus shahridagi Respublika bolalar sanatoriyasiga karantinga joylashtirilgan. Birok, fuqaro Sh.R. ham epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzib, o'zboshimchalik bilan karantin zonasidan qochib ketganligi aniqlangan.

Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida fuqaro Sh.R. Buxoro viloyati, Shofirkon tumanida ushlandi.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan 21.03.2020 yilda O'zbeksiton Respublikasi Jinoyat Kodeksining 25, 257-1-moddasi (Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo'zg'atilib, yuqorida qayd etilgan fuqarolarning barchasi gumondor tariqasida prosessual tartibda ushlangan.

Jinoyat ishlari bo'yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hurmatli fuqarolar!

Mamlakatimizda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni saqlash, yashash muhiti xavfsizligi va inson sog'lig'ini muhofaza qilish maqsadida sanitariyaga oid qonun hujjatlari hamda epidemiyaga qarshi kurashish qoidalariga qat`iy rioya qilishingiz talab qilinadi.

Bu borada qonunbuzilishi holatlariga yul qo'ygan shaxslarga nisbatan tegishli prokuror nazorati hujjatlari qo'llaniladi.

Bosh prokuratura karantin va cheklov tadbirlarini buzish, kasallik o'chog'iga borganlik hamda bemorlar bilan muloqotda bo'lganlik haqidagi ma`lumotlarni yashirganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjudligini yana bir bor eslatadi!

Boshqa xabarlar