AYNIY IJODINING UNUTILGAN QIRRALARI

328

Atoqli yozuvchi, adabiyotshunos, tarixchi, publisist, Buxoro jadidchilik harakati namoyandalaridan biri Sadriddin Ayniyning ilmiy, ijodiy merosi jahon adabiyotshunosligi va ilmiy doiralarida allaqachon o'z bahosini olgan. Buxoroda mavjud zullisonayn, ya`ni ikki tillilik adabiy an`anasi Sadriddn Ayniy ijodiga ham xos. Xoja Ismatullo Buxoriy, Mujrim Obid, Mirzo Somiy, Sharifjon Maxdum, Abdurauf Fitrat kabi Sadriddin Ayniy ham ushbu an`anani davom ettirib, o'zbek va tojik tillarida ijod qildi. Uning dastlabki ilmiy, publisistik maqolalari o'zbek tilida yozilgan va e`lon qilingan.

Sadriddin ayniyning ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalari adibning jonkuyar o'lkashunos va zukko islomshunos bo'lganidan guvohlik beradi. Ammo uning shu sohalarga bag'ishlangan tadqiqotlari zamona zayli bilan e`tibordan chetda qoldi va qisman unut bo'lishga yuz tutdi. “Chehel sutun” (“Qirq ustun”), “Qutbi chahordahum” (“O'n to'rtinchi qutb”), “Mir Arab imoratlari” nomli maqolalari, Abu Tohirxojaning “Samariya” asarini nashrga tayyorlash, asarni so'zboshi va ilmiy izohlar bilan boyitish, tarjimani qayta ko'rib chiqish kabilar adibning o'lkashunoslik va islomshunoslik yo'nalishida amalga oshirgan ishlaridir.

Samarqand shahri va atrofining tarixiy geografiyasi, topografiyasi, mozorlari, muqaddas qadamjolari, masjid va madrasalari to'g'risida muhim ma`lumotlarni o'zida mujassam qilgan “Samariya”ning Abdulmo'min Sattoriy tarafidan o'zbek tiliga qilingan tarjimasini qayta ko'rib chiqish, tahrir qilish, o'zbekcha so'zboshi va kengaytirilgan ilmiy izohlar yozish 1926 yilda Ayniy zimmasiga tushgan. Domlaning asar tarjima matniga yozgan izohlari yaxshigina ilmiy tadqiqotdir. Chunki chuqur ilmiy mazmunga ega izohlarni yozish Samarqand shahri tarixi, me`moriy obidalari, muqaddas qadamjolari, qolaversa, islom tarixidan mukammal xabardor bo'lishni talab etardi. Lekin asar o'sha davrda chop etilmay, qo'lyozma holicha qolib ketgan. Taniqli olimlar – B. Ahmedov va A. Juvonmardiev sa`y-harakatlari bilan ushbu asar 1969 yilda nashrga tayyorlangan. Noshirlar tarjimani juz`iy tahrirdan o'tkazgan holda Ayniyga hurmat yuzasidan u yozgan so'zboshi va izohlarni asl holicha qoldirishgan. Lekin davr murakkabliklari oqibatida asar yana nashr etilmagan. Nihoyat, “Kamalak” nashriyoti “Meros” seriyasida 1991 yilda, “Yangi asr avlodi” nashriyoti esa “Tarixiy meros” seriyasida 2009 yilda “Samariya”ni chop etgan. Ayniyning bu asarga yozgan ilmiy izohlari diqqatga molik. Unda Samarqand va qisman Buxoro tarixining ayrim qiziq tomonlari aks topgan. Jumladan, adib Buxoro amaldorlaridan biri Nodir devonbegi qurdirgan imoratlar xususida to'xtalib, shahardagi xonaqoh va hovuzning abjaddagi sanasini aniqlagan. Unga ko'ra, “Mahalla mashoyix” jumlasida xonaqoh qurilgan sana – hijriy 1029 (milodiy 1619) yil, “havzi ba zo'r” iborasida esa hovuz, ya`ni hozirgi Labihovuz qazilgan sana – 1029 (milodiy 1619) yil yozuvi yashiringanini qayd etgan. Ayning ma`lumoticha, hovuzni qazish uchun xalq majburiy mehnat va mashaqqatga tortilgani sabab o'sha davrdagi bir shoir uning tarixini abjad hisobida “havzi ba zo'r” iborasi bilan belgilagan.

Adibning mashhur muhaddis Imom Buxoriy, tasavvuf allomalaridan Abdulqodir Jiloniy, Bahouddin Naqshband, Alouddin Attor, Xo'ja Axror, Mavlono Lutfullo Chustiy, “Alfi soniy” taxallusi bilan mashhur Shayx Ahmad Sirhindi kabilar xususidagi biografik ma`lumotlari Sadriddin Ayniyning islomshunoslik va tasavvufshunoslik borasida chuqur ilmiy tafakkurga ega bo'lganini tasdiqlaydi.

Uning “Qutbi chahordahum” (“O'n to'rtinchi Qutb”) nomli tadqiqoti ikki jihati bilan ajralib turadi. Birinchidan, ishda agiografik adabiyot ma`lumotlari keng ilmiy muomalaga tortilgan holda o'n to'rtinchi qutb hisoblangan tasavvuf namoyandasi Shayx Nuriddin Basirning tarjimai holi bayon qilingan. Ikkinchidan, Samarqand shahrining tarixiy topografiyasi masalalari ilgari surilgan. Shayx Nuriddin Toshkentning Nushkent mavzeida tavallud topib, keyinchalik onasi bilan Samarqandga ko'chib kelgan va u yerning Kuyi Cho'ponon, ya`ni Ko'kmachit maxallasida istiqomad qilgan. U toshkentlik Shayx Zayniddinning muridi xisoblangan. Shayx Nuriddin vafot etgach, Ko'kmachit maxallasi yaqinidan oqib o'tuvchi Jo'yi chashmai novadon arig'i bo'yida, Samarqand arkining kunchiqar tomonida dafn qilingan. Amir Temur bu shayxga bo'lgan ixlosi sifatida uning mozorini ark qo'rg'oni ichiga olib, qabri ustiga oltin qubbali baland gumbaz qurdirgan. Ayniyning yozishicha, davrlar o'tib, oltin qubba yo'qolgan bo'lsa-da, gumbaz Chor Rossiyasi Samarqandni istilo qilgungacha mavjud bo'lgan. 1979 yilda imperiya hukumati buyrug'i bilan gumbaz portlatib yuborilgan. O'sha paytlarda Samarqand qozikaloni vazifasida bo'lgan Mir Nizomiddinxo'ja gubernatorlik hukumatining ruxsati bilan shayx Nuriddin xokini Shohizinda mozorining yoniga, Xo'ja Doniyol mozoriga boradigan yo'lning janubiga ko'chiradi. Atoqli adib ushbu ma`lumotlarning to'0rililigini dalillash uchun qozikalonning quyidagi so'zlarini keltirgan: “O'z qo'lim bilan olib, o'z ko'zim bilan ko'rdim. Shayxning bosh suyagi burnining ustigacha teshiksiz va ko'zining o'rni yo'q edi”.

Samarqand shahrining tarixiy topografiyasi va me`moriy yodgorliklari tarixini yaxshi bilgan Ayniy domla Chehel sutun, Chinnixona, Ko'ksaroy, Ko'ktosh kabi obidalar to'g'risida muhim ma`lumotlarni taqdim etadi. Hozirgacha ilmiy-ma`rifiy ahamiyatini yo'qotmagan ushbu ma`lumotlar shaharning O'rta asrlardagi ko'rinishini o'rganish va saqlab qolishda axborot manbai bo'lishi shubhasiz.

Atoqli adibning “Mir Arab imoratlari” nomli boshqva bir tadqiqoti ham ilmiy jamoatchilik nazaridan tushib qolgan. Bu maqola yozilgan paytgacha (1927) Mir Arab va uning Buxorodagi madrasasi haqida ilmiy adabiyotlarda ma`lumotlar hali unchalik ko'p emasdi. Ayniy kam sonli yozma manbalar asosida Mir Arab shaxsiyati va u qurdirgan imoratlar tarixini o'rgangan.

Uning tarjima holiga to'xtalib, Mir Arab 22 yoshida o'z yurti Yaman viloyatidan Turkistonga hijrat qilgani, keyinchalik Xo'ja Ahrorga murid tushgani, uning vafotidan so'ng Sayramga ketgani xususida ma`lumot beradi. Ayniy bunday ma`lumotlarni, o'zining ta`kidicha, Mir Arab avlodlari qo'lida saqlangan manoqibdan olgan. Lekin manoqibning nomini keltirmagan. Mir Arabning Arabiston Yamanidan Turkiston tomon hijrat qilishi va umuman uning yamanlik bo'lgani to'g'risida hozirgi zamondagi ayrim tasavvufshunoslarda e`tirozlar mavjud. Ular o'z e`tirozlarini O'rta asrlarda arab olamidan Turkiston sari emas, aksincha, Turkiston o'lkasidan arab olamiga hijrat qilish an`anasi ustuvor bo'lganligi bilan asoslashga harakat qiladilar. Bu alohida mavzu. Yana bir taajjubli jixat, Naqshbandiya tariqati silsilasida Mir Arab nomi Xo'ja Ahrorning muridi sifatida umuman tilga olinmaydi.

Ayniy domla ko'proq Mir Arabning ijtimoiy-siyosiy, ayniqsa, bunyodkorlik faoliyatiga e`tibor qaratadi. Shu yo'nalishda uning Buxoro hukmdori, shayboniy Ubaydullaxon bilan iliq munosabatlari masalasiga murojaat qilib, Ubaydullaxondan ko'pdan-ko'p muruvvatlar ko'rgani va uning himoyatida bexisob mol-mulk to'plaganini yozadi. Mir Arab o'z mol-mulkining bir qismini xayrli, bunyodkorlik ishlariga sarflagan. Masalan, Sayramda turgan chog'larida shahardan ikki chaqirim uzoqlikda ikkita koriz qazdirib, ko'plab yer va bog'larni suv bilan ta`minlagan. Qazish ishlariga ikki yuz kishi jalb qilinib, ish bilan ta`minlangan.

Shayboniy Ubaydullaxon Mir Arabning sharafiga Sayramda muhtasham madrasa barpo qilganini Ayniy alohida ta`kidlagan. Mir Arab madrasasi xususida ham batafsil to'xtalgan. Aytish joizki, madrasaning tarixiy-badiiy, ilmiy va me`moriy tavsifini bergan birinchi tadqiqotchi Sadriddin Ayniydir. U madrasaning ichki hamda tashqi ko'rinishi, mavjud hujralar soni (114), badiiy bezaklari, ma`rifiy maskan sifatidagi ijtimoiy-madaniy ahamiyati va boshqa jihatlarga to'xtalgan. Madrasaning Ayniy domla tilga olgan qurilish konstruksiyasi, me`moriy yechimi to'g'risidagi ma`lumotlar hozir ham muayyan qiziqish uyg'otib, mushohadaga chorlaydi. Jumladan, madrasaning tog' toshlaridan iborat poydevori juda chuqur qilib yotqizilgan. Qor va yomg'ir suvlarini ketkazish uchun madrasa ostidan tazar o'tkazilgan va u shahardan tashqaridagi Temur zahkashiga tutashtirilgan. Mir Arab madrasasining sharqiy tomonidagi guruch bozoridan naqib qazilib, tazarni tozalab,turish uchun maxsus yo'l ochilgan. Davrlar o'tishi bilan bu er osti yo'lining havosi buzilib, kirish xavfli bo'lganidan so'ng u berkitib tashlangan.

O'tgan yillarda Buxoro madaniyat kolleji hududidan topilgan va yer osti yo'li deb taxmin qilingan inshoot aslida Ayniy domla Mir Arab madrasasiga nisbatan qo'llagan naqib va tazardir. Chunki kollej hududiga yaqin joyda XX asrning birinchi yarmiga qadar Bozori go'sfand madrasasi qad ko'tarib turardi. Tazar shu madrasaga tegishli bo'lgan. Demak, hozirda biz uchun jumboq bo'layotgan ayrim masalalarga Ayniy domla bundan salkam yuz yil burun javob berib qo'ygan. Naqib va tazarlar O'rta asrlarda Buxoroda keng tarqalgan yer osti tizimi bo'lgan, bunga hayrat bilan qarash, shov-shuv ko'tarish noo'rin. Aksincha, Ayniy domladek Buxoroni chuqur o'rganish kerak.

Umuman, alloma adibning o'tgan asr 20-yillarida yozilgan islomshunoslik, tasavvufshunoslik, manbashunoslik, tarixiy topografiya bo'yicha tadqiqotlari uning kam o'rganilgan, unut bo'layozgan ijod qirralari to'g'risidagi tasavvurimizni boyitadi.

Halim TO'RAEV,

BuxDu professori, tarix fanlari doktori

Boshqa xabarlar