IQTISODIY BO'HRON NAFASI

448

Yoxud global ishsizlik salkam 25 million kishiga oshishi mumkin(mi?)

Jahon miqyosidagi YaIM o'sishiga «COVID-19» ta`sirining turli ssenariylariga asosan, XMT hisob-kitob­lariga ko'ra, global ishsizlik darajasi 5,3 milliondan («quyi» chegara) 24, 7 milliongacha («yuqori» chegara) oshishi mumkin.

Taqqoslash uchun, 2008-2009 yillardagi jahon moliyaviy inqirozi global ishsizlikni 22 million nafarga oshirgan edi. Shuni ham unutmaslik lozimki, 2019 yilda dunyo miqyosida 188 milliondan oshiq ishsiz qayd etilgan.
Ammo 2008-2009 yillarda – jahon moliya­viy inqirozi davrida bo'lgani kabi, xalqaro miqyosda muvofiqlashtirilgan siyosiy qarorlar qabul qilinsa, bu muammoning global ishsizlikka ta`siri sezilarli darajada kamayadi.
«COVID-19» va mehnat sohasi: oqibatlar va javoblar» deb nomlangan baholashning dastlabki eslatmasida ishchilarni ish joylarida himoya qilish, iqtisodiyot va bandlikni rag'batlantirish, ish o'rinlari va daromadlarni qo'llab-quvvatlash kabi uch asosiy yo'nalish bo'yicha shoshilinch, keng va kelishilgan choralar ko'rish talab etilmoqda.
Ushbu chora-tadbirlar ijtimoiy himoyani kengaytirish, bandlikni saqlab qolish (ya`ni, vaqtincha ish bilan ta`minlash, haq to'lanadigan ta`til, boshqa subsidiyalar), moliyaviy va soliq imtiyozlarini, shu jumladan, kichik va o'rta biznesni qo'llab-quvvatlashni o'z ichiga oladi. Bundan tashqari, eslatmada moliya va pul-kredit siyosati, shuningdek, iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarini kreditlash va moliyaviy qo'llab-quvvatlash taklif qilingan.
To'liq bo'lmagan bandlikning ham keng miqyosda o'sishi kutilmoqda, chunki virus tarqalishining iqtisodiy ta`siri, tabiiyki, ish vaqti va ish haqining ham qisqarishiga olib keladi.
Bandlikning pasayishi ishchi-xizmatchilar uchun katta moliyaviy yo'qotishlar deganidir. Tadqiqotdagi hisob-kitoblariga ko'ra, 2020 yil oxiriga kelib, bu yo'qotish 860 milliondan 3,4 trillion dollargacha bo'lishi mumkin. Bu tovarlar va xizmatlar iste`molining ­keskin kamayishiga olib keladi, o'z navbatida, biznes va iqtisodiyot kelajagiga salbiy ta`sir ko'rsatadi.
Hisob-kitoblarga ko'ra, 2020 yil uchun dastlabki taxminlarga nisbatan taqqoslaganda, dunyo bo'yicha 8,8 dan 35 milliongacha odam qashshoqlik girdobiga tushadi, vaholanki, yil boshida bu ko'rsatkichning 14 milliongacha pasayishi taxmin etilayotgan edi.

Jahongir NAHANOV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar