JAMIYaT BIRDAMLIGI IMMUNITETI

61

Agar unga pand bermasak, biz, albatta, g'olib bo'lamiz!

Menimcha, bu xastalik bir inson organizmidagi immunitet bilangina daf bo'ladigan kasallik emas. Balki u JAMIYaT BIRDAMLIGI IMMUNITETIni ham sinovdan o'tkazyapti. Agar ushbu immunitet pand bersa, jamiyat katta zarbaga duchor bo'ladi. Barcha hamjihatlik bilan harakat qilgandagina bu xavfni yengish mumkin.

Kechagi gap bugunga to'g'ri kelmaydi, degan xalq naqli bor. Hozirgi sharoitda uning naqadar topib aytilganiga amin bo'lyapmiz. Kechagi xabarlarda O'zbekis­tonda koronavirus yuqtirganlar soni 50 nafar bo'lgan edi. Bugun gazeta chop etilish arafasida ular soni 59 taga yetdi. Ulardan 4 nafari o'pka yallig'lanishi bosqichini boshdan o'tkazyapti va og'ir ahvoldaligi ta`kidlanmoqda.
Kimdir «mamlakatning 34 millionlik aholisi uchun bu yaxshi ko'rsatkich» deyishi mumkin. Ammo bunday o'ylashimiz va aytishimiz noto'g'ri. Negaki, ­dunyodagi ahvolni tahlil etar ekanmiz, bu «ko'rinmas qo'l» changalidan hech kim, hech bir davlat chetda qolmayotganini ko'ramiz. Oddiy misol, jahonning eng qud­ratli davlati AQShning prezidenti Donald Tramp ham test topshirishiga to'g'ri keldi. Rossiyadek qudratli davlatning rahbari Putinning karantin holatidagilarni ko'rishga borgani haqidagi videolar tarqaldi. Germaniya kans­leri Angela Merkel karantinda ekani va masofadan ishlayotganining o'zi masalaning qay darajada ekanidan dalolat beradi. Qo'shni davlat Qirg'iziston poytaxti Bishkekda komendantlik soati joriy etildi. Kecha esa ­dunyoning eng chekka hududi hisoblanadigan – Chilining Pasxa orolida ham koronavirusga chalingan ilk bemor qayd qilindi.
Butun dunyo bir falokat oldiga qurolsiz chiqqan qo'shinga o'xshab qoldi. Qay mamlakat keskin choralar ko'rdi – aholisining katta qismini bu virusdan saqlashga erishdi. Bunga Xitoy va ba`zi Osiyo mamlakatlari misol. Qay mamlakat beparvo bo'ldi – balo girdobida qoldi. Xususan, Amerikaga bepisandlarcha borgan Braziliya prezidenti Bolsonaroning pushaymonlari endi befoyda. Mazkur safarda unga hamrohlik qilgan 22 nafar delegasiya a`zosi ham bu baloni yuqtirib kelgan…
Endi yurtimizga qaytaylik. Davlat choralar ko'rmoqda. Ko'pchilikning fikri yakdil – bu baloga har bir odam qarshi turishi kerak. Uni faqat davlatning choralari bilangina yengib bo'lmaydi. To'g'risi, hali iqtisodiy rivoj­lanib ketmagan davlat uchun anchayin toshi og'irlik qilishi mumkin bo'lgan choralarni ko'rayotgan rahbariyatga faqat ta`zim qilish kerak. Birgina O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tizimidagi sanatoriylarning aksariyati karantindagilar uchun jalb etilgani, qolganlari ham shunga tayyorlanayotgani muhofaza choralari ko'lamining nechog'li ekanidan dalolat beradi.
Ammo mana shu xalqparvarlikka barchaning ham javobi munosib bo'lmayotgani chatoq. Kecha ro'yxatga olingan bemorlardan birining kasallar bilan muloqotda bo'lmagani haqida xabar qilindi. 20 yashar qiz qaerdadir – jamoat transportidami, liftdami, zinadami, bankdami, bozordami, ko'chadami virusni o'ziga ilashtirgan. Bu virusning, hatto, uyda o'tirgan odamga ham osongina yetib borishi mumkinligini ko'rsatdi. Bu hushyor bo'lish lozimligini yana bir bor uqtirdi.
Biroq qat`iy choralar belgilangani haqida har kuni yuzlab marta ommaviy axborot vositalarida e`lon qilinayotganiga qaramay, hamon ko'chalarda, biror tayinli sababi bo'lsa-bo'lmasa, yana niqoblarsiz yurganlarni uchratyapmiz.
Axir bu, avvalo, o'zingizga, qolaversa atrofingizdagilar, ana boring, otangiz, onangiz, farzandlaringizga nisbatan ­XIYoNAT emasmi?
Biz virus haqida yetarli ma`lumotga egamiz-ku! Uning inson organizmidagi immunitetga qarab harakat qilishi, agar immun tizimi kuchsiz bo'lsa, u g'olib kelishi, agar aksi bo'lsa, chekinishini yaxshi bilamiz-ku! Unda boshqalarni xavfga qo'yishga nima haqimiz bor?
Menimcha, bu xastalik bir inson organizmidagi immunitet bilangina daf bo'ladigan kasallik emas. Balki u JAMIYaT BIRDAMLIGI IMMUNITETIni ham sinovdan o'tkazyapti.
Agar ushbu immunitet pand bersa, jamiyat katta zarbaga duchor bo'ladi. Barcha hamjihatlik bilan harakat qilsa, virusni, albatta, yengish mumkin.
Yana xabarlar oqimini kuzatamiz va bu yo'ldagi harakatlarni ko'ramiz. Mana misol, Qozog'iston Elboshisi murojaatiga bir kunda «labbay» degan qozoq birodarlarimiz va Qozog'istonda yashayotgan boylar 41 million AQSh dollari miqdorida mab­lag' ­to'pladi.
Bizda-chi? Sog'liqni saqlash vazirligi qoshida tashkil etilgan «Mehr-shafqat va salomatlik» jamg'armasiga 5 milliard so'm mablag' yig'ilibdi. AQSh dollari hisobida esa bir millionga ham yetmaydigan raqam!
Biz shunchalik qashshoq odamlarmizmi? O'zbekistonda boylar Qozog'is­tondan kam deb o'ylaysizmi? Aslo unday emas! Bizda ham boylar ko'p. Balki ular tepadan murojaat kutayotgandir? Kutmang, avvalo, bizning davlat kimdandir muruvvat so'ramaydi. Qolaversa, xayriya kimgadir ko'rinish, ko'z-ko'z qilish uchun qilinadigan ish emas. Ba`zi ma`lumotlarga ko'ra, ­Qozog'istonda tadbirkorlik qilayotgan o'zbekis­tonlik Fattoh Shodiev mamlakatimizda koronavirusga qarshi kurashga o'z hissasini qo'shishga tayyorligini bildiribdi. Otasiga rahmat! Ammo o'zimiznikilar qani? Yoki bizning kunimiz faqat niqob tarqatadigan tadbirkorning muruvvatiga qoldimi?
Gapning ochig'i, bizda chin vatanparvarlikni ko'rsata oluvchi jamoatchilik reaksiyasi ko'rinmayapti. Odamning yuragini «jiz» ettiradigan biron bir tashab­busni ko'rmayapmiz.
Telesahnada har kuni chiqib, to'rtta qo'shiqqa og'zini qimirlatib, elning to'yi­­ga ming-ming dollarga boradigan «xushovoz» hofizlarimiz bugun faqat «Uyda qoling» chellenjida ishtirok etishmoqda, xolos. U ham topshiriq asosida. Qani o'sha doimo e`zozdagi xalq artistlari?
Gazetalarning ko'pchiligi Sa`dulla Hakimning «Koronavirus» she`rini bosib chiqdi. Bosh­­qa yaxshi she`r yo'q! Qani, qalblarni larzaga soluvchi she`r­lar «hurmatli» xalq shoirlari?
Yoki bir payt­lar odamlarga ma`naviy yo'l ko'rsatuvchi «Ma`naviyat va ma`rifat» degan tashkilot bo'lar edi, yopilganmi?
Bugun biz jamiyat birdamligi immunitetini oshirishda ularning kuchiga tayanmasak, kimning kuchiga suyanamiz?
Xalq esa o'z bilganicha, o'z idrokiga suyanib davom etaverar yo'lida – Allohga tavakkal qilib… Oddiy musulmon insonning farzandi sifatida men ham bu mo'min xalqning boshiga katta kulfatlar yog'ilishiga ishonmayman. Davlatning boshida turganlar Allohga yoqqan odamlar, ularning maqsad-u muddaolari ham Allohga ma`qul keladi. Shu sabab, ishonamizki, biz yengamiz, inshaAlloh.
Biroq, buning uchun, hech qursa, shu ishonganlarimizning talablariga ­«labbay» deb javob beraylik. Zarur ishimiz bo'lmasa, uyimizda o'tiraylik! Bu ham bir yordam! Bu ham bir vatanparvarlik! Davlat barcha sharoitlarni yaratib bermoqda. Oziq-ovqat yetarli, elektr, suv, gaz bor, dorixona, do'xtirlar ishlayapti, hatto, telefoningizning pulini to'lamaganingizga qaramay o'chirishmayapti. Televizorda farzandlaringizga kerakli darslar o'qitilmoqda, o'zingizga turli qiziqarli filmlar, dasturlar tayyorlanmoqda. Yana nima kerak? Faqat o'zingizni, farzandlaringizni asrab, uyda o'tiring!
Ijtimoiy reklamalarda ko'r­yapsizmi, virus tashuvchi vositalar juda ko'p. Biroq agar jiddiy harakat qilsangiz, siz o'zingizni ham, yaqinlaringizni ham bu balodan asray olasiz!
Bugun barchamiz uchun yagona himoya – JAMIYaT BIRDAMLIGI IMMUNITETI kerak. Agar unga pand bermasak, biz, bu virusdan xoli bo'lamiz, uni yengamiz, g'olib bo'lamiz!

Husan ERMATOV,
jurnalist

Boshqa xabarlar