Ezgulik barhayot

43

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi mutasaddiligidagi Xotin-qizlarning muammolarini o'rganish va hal etish, ularni moddiy va ma`naviy qo'llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo'yicha Respublika Ishchi guruhi o'tgan haftada Qashqadaryo viloyatida bo'lib, qishloq va mahallalardagi xotin-qizlar muammolarini o'rganishdi.
Quyida ba`zi bir o'rganish natijalarini bayon qilamiz…

Shahlo Shohimardonova Kasbi tumani «Pandiron» mahallasida yashaydi. O'g'li Jasurbek nogiron. O'n yilki, bemor farzandiga parvona bo'layotgan ona yaratgandan farzandiga shifo so'raydi. Dorixonalarga bosh suqadi. Doriga esa pul kerak. O'zi ishsiz. Vaholanki, tibbiyot bilim yurtini tugatgan.
Mutasaddilar xulosasiga ko'ra, Shahloxonga tikuv mashinasi olib beriladigan bo'ldi. Qo'lidan tikish-bichish kelar ekan. Ham bolasiga qaraydi, ham hunari orqasidan to'rt-besh so'm topadi.
Shu mahallada yashovchi Saida Begalovaning ikki nafar farzandi bor. Boquvchisi yo'qligi uchun Saida hatto 2019 yil uchun yer va mol-mulk solig'ini ham to'lay olmagan.
Yosh ona ahvolini bayon qilib, ishchi guruh a`zolaridan tikuv mashinasi olishda yordam so'radi. Chevarligi ortidan ro'zg'or tebratmoqchiligini aytdi. Harna-da…
Pandironlik Ulg'uza Xushvaqtovaning eri ikkinchi guruh nogironi. Uch nafar farzandi bor.
– Uyimiz shiferlanmagan. Yog'ingarchilik bo'lganda chakka o'tib, bezorijon qiladi, – ­deydi Ulg'uza ishchi guruh a`zolariga. – Erimning 317 ming so'm nogironlik nafaqasi ro'zg'orga urvoq ham bo'lmayapti. Bu yoqda uy-joyni kadastr qilish kerak. Xullas, boshim qotib qoldi…
Ishchi guruh a`zolari tavsiyasiga ko'ra, bu oilaning uyi ta`mirlab beriladigan bo'ldi. Shuningdek, kadastr hujjatlashtirish ishlari ham hal etiladi.
«Denov» mahallasida yashovchi Oltin Murtozaevaning farzandi maktabda 8-sinfgacha o'qidi. Chunki 15 yoshida ko'zi ko'rmay qoldi. Bosh miya qismidagi o'zgarish shunday oqibatga olib keldi. Onaizorga farzandini davolatish uchun yordam ko'rsatiladigan bo'ldi.
«Kasbi» mahallasida yashovchi Gulsara Raimova yurak xastaligi bo'yicha doimiy davolanib keladi. Gulsaraning talabiga ko'ra, endi unga nogironlik aravachasi beriladi.
«Paxtakor» qishloq fuqarolar yig'inida yashovchi Tursunoy Azizovaning oilaviy ­sharoiti og'ir. Boquvchisi yo'q. Qizi va o'g'li bilan sharoiti deyarli yo'q bo'lgan xonada yashaydi. Uyning tom qismi shifer qilinmagan. «Pol» va «potologi» yo'q. Isitishga ham imkon yo'qligidan qishda ancha qiynalishdi.
Oilaning uyi ta`mirlash dasturi loyihasiga kiritildi. Qizi Xurshida Samarqand pedagogika kollejini tamomlagani bois, uni ish bilan ta`minlashga ko'maklashish tumandagi maktabgacha ta`lim bo'limiga tavsiya etildi.
«Do'stlik» MFYda yashovchi Sohiba Mahmudova surunkali bronxial astma bilan og'riydi. Unga bahavo tabiat qo'ynida muolaja ayni muddao. Shu bois, Jizzaxdagi «Zomin» sihatgohiga yo'llanma ajratish Qashqadaryo viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi zimmasiga yuklandi.
Dilbar Rashidova «Oq buloq» QFY hududidagi Paxtachi qishlog'ida sobiq suv tozalash majmuasining yaroqsiz binosida uch nafar ­voyaga yetmagan farzandi bilan yashab kelmoqda. Shunga ham ikki yil bo'libdi. Garchi olti sotix yer maydoni bo'lsa-da, qo'li kaltalik qilsa, nimayam qilardi…
Ishchi guruh xulosasiga ko'ra, Dilbarxonga uy-joy qurish uchun qurilish materiallari ajratiladigan bo'ldi.
Ishchi guruh a`zolari «Talishbe» mahallasida yashovchi Feruza Islomova bilan suhbatlashganda ayolning eri «surunkali gnomerunonefrit gipertonik shakli buyraklar ikkilamchi bujmayishi» tashxisi bilan kasallanganini ­aytdi. Oila boshlig'ining shifo topishi uchun jarrohlik amaliyoti zarur ekan. Bunga esa mablag' kerak… Feruzaxon turmush o'rtog'iga bir buyragini berishga roziligini aytganida, ayol zotining naqadar buyuk xilqat, sohibi jasorat ekaniga yana bir bor amin bo'ldik.
Bunday o'rganishlar nafaqat Kasbi tumanida, balki viloyatning barcha mahallalarida olib borildi. Har bir xotin-qizning manfaatlari yo'lida chora-tadbirlar belgilandi.
Muxtasar aytganda, minglab xotin-qizlarning turmush tarzini yaxshilash, uy-joylarini ta`mirlab berish, uzoq yillardan buyon surunkali xastaliklardan qiynalayotgan opa-singillarning davolanishiga ko'mak­lashish bo'yi­­cha dastur shakllantirildi. Qilinajak ishlar rejalashtirildi.

Akmal ABDIEV,

«Ishonch»

Boshqa xabarlar