Yurtdoshlarimiz manfaati bor joyda boshqa tashvishlarni bir chekkaga surib qo'yish kerak

413

Oramizda shunday insonlar borki, ularni mashhur ham, taniqli ham deb bo'lmaydi. Aslida esa, ularning o'sha mashhur va taniqli odamlardan jamiyat va davlatga nafi ko'proq tegayotgan bo'ladi. Shunday fidoyi insonlardan biri Farida Akbarovadir.
Maqolamiz qahramoni o'zining 40 yildan oshiqroq mehnat faoliyati davomida sog'liqni saqlash tizimida, Toshkent shahri Shayxontohur tumani va Toshkent viloyati hokimliklarida ­mas`ul vazifalarda, O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari, Xotin-qizlar qo'mitasi raisi lavozimlarida, O'zbekis­ton kasaba uyushmalarining sanator-kurortlar tizimida samarali faoliyat olib borgan. Ayni vaqtda O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tasarrufidagi «Bo'ston sanatoriysi» MChJ direktori sifatida fidokorona mehnat qilmoqda

– Farida Shorahimovna, Sizning turli mas`ul lavozimlarda katta mas`uliyat bilan ishlaganingizdan yaxshi xabardormiz. Hozirgi ish joyingiz «Bo'ston sanatoriysi» faoliyati ham keyingi bir-ikki yilda ko'p tilga olinyapti. Shunday emasmi?

– Bunga sabab mening faoliyatim emas, albatta. Davlatimizning ishonchi. O'tgan yilning may-iyun oylarida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan «Mehr-1» davlat dasturi bo'yicha Suriyadan 55 nafar xotin-qiz va ularning 99 nafar farzandi, oktyabr-noyabr oylarida esa «Mehr-2» dasturi bo'yicha Iroqdan 64 nafar yosh bolalar yurtimizga olib kelingan edi. Har ikkala dastur bo'yicha yurtdosh­larimiz sanatoriyamizga joylashtirildi. Ularga malakali tibbiyot xodimlari sifatli xizmatlar ko'rsatishdi. Adashgan, chalg'igan yurtdoshlarimiz, shuningdek, hech qanday aybi yo'q, beg'ubor bolajonlarimizga ham ruhan, ham jisman ko'maklashish maqsadida turli ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar o'tkazildi. Qisqasi, ularni sog'lom turmush tarziga qaytarishga erishildi.

– Mana uch-to'rt oyki, dunyo ahli faqat bir mavzuni tilga olmoqda. Koronavirus pandemiyasi. Ma`lumki, siz rahbarlik qilayotgan sanatoriyda ham xorijliklar va yurtdoshlarimiz karantinda saqlandi. Shu haqda qisqasa ma`lumot bersangiz.
– Avvalo, shuni alohida ­ta`kidlashni istar edimki, davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan «Mehr-1» va «Mehr-2» dasturlarining amalga oshirilishi, bugungi kunda koronavirus balosining yurtimizda qisqa fursatlarda bartaraf etilishi bo'yicha ko'rilayotgan ­keskin chora-tadbirlar tahsinga loyiqdir.
Ma`lumki, Xitoyda xavfli koronavirus infeksiyasining tarqalgani sababli 2020 yilning fevral oyida Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoev tashabbusi bilan mazkur davlatda yashayotgan O'zbekis­ton fuqarolarining 294 nafari, O'zbekistonning Xitoydagi elchixonasining 42 nafar oila a`zolari, mart oyida Koreya davlatidan olib kelingan 181 nafar yurtdoshimiz «Bo'ston sanatoriysi»ga joylashtirildi. Har ikki guruh ikki hafta davomida karantin muddatini o'tashdi. Ularga karantin davomida barcha sharoitlar muhayyo qilindi va bu ishlarga malakali shifokorlar va xodimlar jalb etildi.

– Ijtimoiy tarmoqlarda karantin o'tilayotgan joylardagi shart-sharoitlarning yaxshi emasligidan nolib aytilayotgan fikr-mulohazalar, ko'rsatilayotgan lavhalarga ham ko'zimiz tushyapti. Shu o'rinda «Bo'ston sanatoriysi»da ahvol qanday?
– 2017-2019 yillar davomida dam oluvchilarga qulaylik yaratish maqsadida sanatoriyda eski ma`muriyat binosi qayta ta`mirlanib, oilaviy kottejga aylantirilgan va yana qo'shimcha 29 o'rin qo'shilgandi. Shuningdek, amfiteatr ishga tushirildi, mavjud hovuz qayta ta`mirlanib, zamonaviy suv havzasiga aylantirildi. Davolanuvchilarga qo'shimcha shart-sharoit yaratish maqsadida «turk hammomi» ishga tushirildi, 2 ta yangi rangli favvora va trenajyor zali qurildi. Sanatoriy hovlisi to'liq obodonlashtirilib, 4 mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko'chatlari ekildi.
Sihatgohning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida yordamchi xo'jalik (kichik chorvachilik fermasi va issiqxona) tashkil etildi. Bugungi kunda mazkur yordamchi xo'jalik samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Shu bilan bir qatorda, sanatoriy bazasi zamonaviy texnik asbob-uskunalar bilan to'ldirildi. Hozirgi kunda BTL-limfostim va BTL-magnitoterapiya apparatlari mijozlarga xizmat ko'rsatmoqda. Laboratoriya­­ga zamonaviy biokimyoviy analizator o'rnatilgan va bir qator yangi tahlillarni olish yo'lga qo'yilgan. Qisqasi, sanatoriyda sog'lig'ini tiklovchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shu sabab bu borada muammo umuman yo'q…

– Eshitishimizga qaraganda, shaxsan o'zingiz va siz rahbarlik qilayotgan sanatoriyning shifokor va xodimlari karantin davomida ancha vaqtdan buyon uylariga ham borishmagan ekan…
– Katta mas`uliyat va Vatan manfaati bor joyda shaxsiy tashvish­larni bir chekkaga surib qo'yish kerak, deb o'ylayman. Davlatimiz rahbari va hukumatimiz yurtdoshlarimizning taqdiri, xavfsizligi va salomatligi haqida qayg'urib turgan paytda biz nega soatga, ish vaqtiga qarab ish tutishimiz kerak?..

– Siz va jamoangiz faoliyat davomida insonlar taqdirini ham kuzatmoqdasiz. Avval «Mehr» amaliyotlarida jafokash hamyurtlar, keyin esa tahlika inkanjasidagi insonlar karantinda bo'ldi. Ular bilan suhbatda anglaganlaringiz haqida so'ramoqchi edim?
– Men Suriya va Iroqdan, Xitoy va Janubiy Koreyadan olib kelingan yurtdoshlarimizning ko'pi bilan suhbatlashib, shunga amin bo'ldimki, ularning ona Vatanga va Prezidentimizga bo'lgan hurmati va minnatdorligi cheksiz. Ular g'amxo'rlik va e`tibordan behad minnatdor bo'lib, yaqin kelajakda shu zamin, shu yurt, shu xalq uchun munosib farzand bo'lishga, el-yurt uchun kamarbasta bo'lib xizmat qilishga bel bog'lashgan. Bizning vazifamiz esa sinovli kunlarda kunni-kun, tunni-tun demay, ularning yonida hammaslak, hamfikr, hamdard bo'lib, ularni yuksak maqsadlar sari undashdan iborat.
– Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur! Sizga va Siz orqali jamoangizga bugungi sinovli kunlardagi fidokorona ishlaringizda Alloh madadkor bo'lishini tilaymiz!

Farida AKBAROVA

Suhbatdosh:
Alijon ABDURAHMONOV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar