«Hozirgi inqiroz sharoitida kamida 5-6 mlrd. AQSh dollari zarur. Bu pullarni qaerdan topish mumkin?»

413

Anhor.uz iqtisodiy sharhlovchisi, kolumnisti Abdulla Abduqodirovning yozishicha (https://anhor.uz/economy/kak-preodolety-krizis-chasty-vtoraya), vaqt biz­­ga qarshi ishlamoqda. Biz zarur choralarni ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonini qanchalik keyinga qoldirsak, koronavirus ta`sirining oqibatlarini bartaraf etish uchun shuncha ko'p mablag' talab qilinadi.
Bugun hech kim yuz berayotgan voqealarning oqibatlarini batafsil aniqlay olmaydi, ammo umumiy tasavvurlar muammolarni hal etish uchun konkret resurslar bilan manzilli dasturlarni ishlab chiqishni boshlash zaruratini talab qiladi.
Ekspertning qayd etishicha, iqtisodiyotimiz haj­midan va xo'jalik yurituvchi sub`ektlarning to'planib qolgan muammolaridan kelib chiqqan holda, kamida 5-6 mlrd. AQSh dollaridan iborat mablag' zarur. Ushbu mablag'ning yarmi tibbiy yordamni to'g'ridan-to'g'ri subsidiyalashga hamda kichik va o'rta biznes sub`ektlari korxonalarida bandlikni qo'llab-quvvatlashga yo'naltirilishi, qolgan qismi esa moliya institutlarini ­mustahkamlashga yo'naltirilishi zarur.
Abdulla akaning fikricha, iqtisodiy vaziyatni barqarorlashtirish maqsadlarida zudlik bilan Jahon bankidan restrukturizasiya imkoniyati bilan 30 yil muddatga kamida 3-4 mlrd. dollar qarz olishga to'g'ri keladi. Undan keyin barcha donor institutlar (USAID, KOICA, TIKA singari) jalb etilishi mumkin, ammo ular 0,5-1 mlrd. AQSh dollaridan ortiq mablag' ajrata olmaydi.
Moliya vazirligi davlat g'aznachilik majburiyatlarini 5 va 10 yilga emissiya qilishga o'tishi mumkin, ularni Markaziy bank byudjetni qo'llab-quvvatlash uchun xarid qilishi mumkin bo'lardi. Shu tarzda 1 mlrd AQSh dollariga teng ekvivalentdagi summani, vaziyat rivojlanishiga qarab, bir nechta transh bo'yicha safarbar qilish mumkin.
Shuningdek, Moliya vazirligi aholi uchun uzoq muddatli davlat zayomlarini emissiya qilishi mumkin. Vaziyat eng noqulay rivojlanganida O'zbekistonning oltin-valyuta zaxirasi hamda O'zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi mablag'lariga umid qilish qoladi, xolos.


Abdulla Abduqodirov

Boshqa xabarlar